Yangihayot tumanini rivojlantirishning yangi bosqichi belgilandi

0
186
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangihayot tumanidagi “Toshkent indeks” savdo va xizmat koʻrsatish majmuasini borib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Majmua hududi 72 gektar. Bu yerda qariyb 1 trillion 300 milliard soʻm evaziga savdo doʻkonlari, logistika va ekspo markazlari, mehmonxona, oshxona barpo etilmoqda. Ularda jami 13 mingta yangi ish oʻrni tashkil etiladi. Loyihaning birinchi bosqichi bu yil Navroʻz bayrami arafasida ishga tushiriladi.

Shu yerda Yangihayot va Sergeli tumanlarini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi.

Oʻtgan yili Yangihayot tumanida 600 ta loyiha amalga oshirilib, 3 mingdan ziyod ish oʻrni ochilgani qayd etildi. Sergeli tumanida 65 ta loyiha natijasida 2 ming 600 ta ish oʻrni tashkil etilgan. Maktabgacha taʼlim muassasalari, poliklinikalar, sport maydonchalari qurilgan. Ichki yoʻllar, kommunal tarmoqlar taʼmirlangan.

Yigʻilishda joriy yilgi vazifalar koʻrsatib oʻtildi.

Bu yil Yangihayot tumanida jami qiymati 3,8 trillion soʻm boʻlgan 61 ta loyihani amalga oshirib, 26 mingta yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.

“Yangi shahar” loyihasi doirasida 5 million kvadrat metr uy-joy, koʻplab ijtimoiy soha obyektlari quriladi. 430 ming aholi uy-joy bilan taʼminlanadi. “Yoʻldosh” mavzesidagi eski yogʻoch uylar buzilib, ularning egalarini zamonaviy turar joylarga koʻchirish dasturi boshlanadi. 

Aholi zich mahallalarda uchta bolalar bogʻchasi, ikkita maktabda qoʻshimcha bino quriladi. Jamoatchilik fikri asosida aholi muammolarini hal etishga 3,2 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

Sergeli tumanida umumiy qiymati 6,4 trillion soʻm boʻlgan 79 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 31 mingta doimiy ish oʻrni yaratish moʻljallangan. Jumladan, “Alyuteks” korxonasida alyumin profillar, “Rezalit stroy grup” korxonasida elektrokar ehtiyot qismlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. 

2 ta maktab, 2 ta bolalar bogʻchasi va oilaviy poliklinika quriladi. “Alisher Navoiy” mavzesida Yangi Oʻzbekiston massivini qurish ishlari boshlanadi.

Yigʻilishda Toshkent shahri tumanlarining hokim va sektor rahbarlari soʻzga chiqdi. Hokim yordamchilari ishtirokida iqtisodiy, yoshlar yetakchilari bilan ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish rejalari haqida axborot berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.