Yangihayotda yangi sanoat zonasi barpo etilmoqda

0
14
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 noyabr kuni poytaxtimizning Yangihayot tumanida barpo etilayotgan “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasida boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizda sanoat va tadbirkorlik rivojlangani sari qoʻshimcha sharoitlarga ehtiyoj tugʻilmoqda. Davlatimiz rahbarining shu yil 20 martdagi qarori bilan tashkil etilgan mazkur sanoat zonasi yana koʻplab korxonalarga joy boʻladi.

Hudud iqtisodiyotida katta oʻringa ega boʻlishi kutilayotgan majmua maydoni 764 gektar. Ayni paytda infratuzilma tarmoqlari barpo etilmoqda. Bu yerda oziq-ovqat, qurilish materiallari, elektrotexnika, mashinasozlik va kimyo sanoati kabi yoʻnalishlarda 1 milliard 375 million dollarlik 47 ta loyiha joylashtiriladi. Ularda 12 mingtaga yaqin yangi ish oʻrini yaratiladi.

Prezidentimiz taʼkidlaganidek, korxonalarda xalqaro brendlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi. Xususan, “DP World”, “JAC Motors”, “Krantas”, “Aces Japan”, “East can solutions”, “EAS” va “Evyap” kabi nufuzli kompaniyalar hamkorligida qoʻshilgan qiymatli, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Davlatimiz rahbariga shunday loyihalardan ayrimlari taqdimot qilindi.

Xususan, Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi bilan sanoat zonasini boshqarish, investorlarni jalb qilish va infratuzilma obyektlarini barpo qilish koʻzda tutilgan. “JAC Motors” kompaniyasi tijorat avtotransport vositalarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyadi. 135 million dollarlik bu loyiha natijasida 2 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi. Yaponiyaning “Aces Japan” kompaniyasi bilan hamkorlikda 9 million dollarlik ofis uchun oʻrindiq va mebellar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilib, yana 100 kishining bandligi taʼminlanadi.

Birlashgan Arab Amirligining “DP World” kompaniyasi bilan esa transport-logistika markazini tashkil etish boʻyicha ishlar boshlangan.

Hududda laboratoriya, tadqiqotlar markazi, konferensiya zallari hamda savdo zonasi tashkil etiladi. Shuningdek, dual taʼlim yoʻlga qoʻyilib, sanoat korxonalari uchun kerakli mutaxassislar shu yerning oʻzida tayyorlanadi.

— Oxirgi yillarda yalpi ichki mahsulotimiz ikki barobar oʻsib, bu yil 110 milliard dollarga yetayapti. Endi buni 200 milliard dollarga yetkazishga marra oldik. Investorlarning loyihalari uchun barcha sharoitlarni yaratib bermasak, bu koʻrsatkichga yetolmaymiz. Toshkent shahri bunda ham namuna boʻlishi kerak, — dedi Prezident.

Mutasaddilarga loyihalarda mahalliylashtirish va raqamlashtirish, energiya tejamkorlikka ahamiyat qaratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.