Yurtimiz taraqqiyoti yoʻlidagi ezgu maqsadlarni roʻyobga chiqarish, demokratik qadriyatlarni qaror toptirish, fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash, xalqimiz maʼnaviyatini boyitish sohasidagi xayrli ishlarda jurnalistlarning munosib xizmati bor.
Poytaxtimizda 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga bagʻishlab tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Yangi formatda tashkil etilgan bayram tadbiri “Yangilanayotgan Oʻzbekiston jurnalistikasi: biz hamjihatlikda kuchlimiz!” shiori ostida oʻtdi va Vatan va yurt manfaatlari, xalqimiz saodati, jamiyatda ochiqlik va shaffoflikni yanada mustahkamlash, jurnalistikaning umumiy prinsiplari yoʻlida birgalikda ish olib borish gʻoyasi ilgari surildi. Unga vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlarining vakillari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, noshirlar, matbaachilar, faxriy jurnalistlar, oliy oʻquv yurtlari jurnalistika fakultetlarining professor-oʻqituvchilari va talabalari taklif etildi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga tabrigini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi Sherzod Asadov oʻqib eshittirdi.
Davlatimiz rahbarining farmoniga koʻra, soʻz va matbuot erkinligi, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini mustahkamlash, fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan demokratik oʻzgarishlarga qoʻshayotgan hissasi, axborot maydonida milliy manfaatlarimizni himoyalashdagi munosib xizmatlari, yoshlarni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi samarali faoliyati hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh soha xodimlari Vatanimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Senati Raisi Tanzila Norboyeva mukofotlarni topshirdi.
«Jahon adabiyoti» jurnali bosh muharriri, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyev, «Mehnat shuhrati» ordeni sohiblari – «O‘zbekiston 24» telekanalining Namangan viloyati muxbiri Oʻgʻilxon Boltaboyeva, «Hurriyat» mustaqil gazetasi bosh muharriri Abdurasul Jumaqulov sohani rivojlantirish, milliy matbuotimizning taʼsirchanligini oshirishga katta eʼtibor berilayotganini taʼkidladi.
Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon Oʻsarov fuqarolarning soʻz erkinligiga doir huquqlarini roʻyobga chiqarish, shaxs, jamiyat va davlatning axborot borasidagi xavfsizligini taʼminlash, soha xodimlarining manfaatlarini himoyalash uchun barcha huquqiy asoslar yaratilganini taʼkidladi. Davlatimiz rahbarining Oʻzbekiston ijodkor ziyolilari bilan 2017 yil 3 avgust kuni oʻtkazgan uchrashuvidagi “Adabiyot va sanʼat, madaniyatni rivojlantirish – xalqimiz maʼnaviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir” nutqida ilgari surilgan takliflar va gʻoyalar ijodiy tashkilotlar tarixida yangi davrni boshlab berdi. Prezidentimizning “Oʻzbekiston ijodkorlarini qoʻllab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondini tashkil etish toʻgʻrisida”, “Oʻzbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”, “Madaniyat va sanʼat tashkilotlari, ijodiy uyushmalar va ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada rivojlantirish, soha xodimlari mehnatini ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorlari milliy media muhitda katta voqea boʻldi.
Ana shunday saʼy-harakatlar natijasida yurtimizda ommaviy axborot vositalari son, sifat va tarkib jihatdan yuksalmoqda. Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda mamlakatimizda 1800 dan ortiq OAV faoliyat olib bormoqda.
Fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim qismi boʻlgan nodavlat ommaviy axborot vositalarining keng tarmogʻi shakllanib, samarali faoliyat olib borayotgani jamiyatimizda fikr va qarashlar rang-barangligini, oʻzaro ijodiy musobaqa muhitini taʼminlashga katta hissa qoʻshayotganini alohida taʼkidlash lozim.Bugungi kunda mavjud tele va radiokanallarning 66 foizini, bosma nashrlarning esa 50 foizdan ziyodini aynan nodavlat ommaviy axborot vositalari tashkil etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligi, Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi va boshqa tashkilotlarning samarali faoliyat koʻrsatayotgani axborot sohasini rivojlantirish uchun zarur barcha sharoitlar yaratilganidan yana bir dalolatdir.
Soha xodimlarini ragʻbatlantirish, yangidan-yangi ijodiy parvozlar sari daʼvat etish, kasb malakasi va mahoratini yuksaltirish, zamon talabiga uygʻun mutaxassis kadrlar tayyorlash borasidagi ishlar koʻlami tobora kengaymoqda. Bu jihatlar jurnalistikamiz rivojiga xizmat qilayotgan turli koʻrik-tanlovlar, ijodiy bellashuvlar, grant-loyihalar, ijtimoiy dasturlarda ham oʻz ifodasini topmoqda.
Bu borada jurnalistlar oʻrtasida oʻtkazib kelinayotgan “Oltin qalam” Milliy mukofoti, “Yilning eng faol jurnalisti”, «Eng ulugʻ, eng aziz» singari tanlovlar, ”Jurnalistlar bahori”,“Ijtimoiy media maxsulotlar milliy festivali”, “Ozod yurt toʻlqinlari” kabi mediafestivallar ijod ahlining jamiyatdagi faolligini oshirish, kasbiy mahoratini yuksaltirish, iqtidor sohiblarini ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
OAV uchun kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash milliy tizimining takomillashtirilishiga ham katta eʼtibor berilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Milliy universitetining jurnalistika, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetlarida, shuningdek, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida soha uchun kadrlar tayyorlanmoqda va hozirgi tez oʻzgarayotgan globallashuv davrida jurnalistikaning oʻziga xos xususiyatlari, tarixiy taraqqiyoti, bugungi holati va istiqboli bilan bogʻliq masalalarni chuqur oʻrganish, bu borada olib borilayotgan ilmiy- tadqiqot va ijodiy ishlar samaradorligini taʼminlash hamda ushbu soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashning sifatini tubdan oshirish yoʻlida ish olib borilmoqda.
Soʻzga chiqqanlar milliy ommaviy axborot vositalarini izchil rivojlantirish, sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish, jahon andozalari talablari darajasida faoliyat koʻrsatishi uchun zarur sharoitlarni yaratish, ijodkorlar mehnatini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish borasida doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatilayotganini taʼkidladilar.
– Bugun yurtimizdagi ijobiy oʻzgarishlar media sohada ham koʻzga tashlanmoqda, –dedi «O‘zbekiston 24» teleradiokanali» davlat unitar korxonasi direktori oʻrinbosari, «Sodiq xizmatlari uchun» medali sohibi Shunqor Choriyev. – Kamtarona mehnatlarimiz yuksak qadr topganidan gʻoyat minnatdormiz. Bu mukofot Vatanimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida topshirilgani bilan ham biz uchun gʻoyat qadrlidir.
Bayram tadbiri sanʼat ustalari va yosh xonandalarning konserti bilan yakunlandi.
Nazokat Usmonova, OʻzA