Yangilangan Konstitutsiyani hayotga joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar muhokama qilindi

0
88
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 may kuni Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, sud va ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda jamoatchilik faollari bilan muloqot qildi. Unda yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qilish boʻyicha shu yil 30 aprelda boʻlib oʻtgan referendum yakunlari haqida soʻz bordi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida yangilangan Konstitutsiyamizda barcha qatlam manfaatlari inobatga olinganligi, uni ishlab chiqishda aholi faol ishtirok etganligi hamda referendum orqali qabul qilinganligi ushbu hujjatning chinakam xalq Konstitutsiyasi boʻlganidan dalolat ekanligini taʼkidladi.

– Konstitutsiyamiz loyihasini muhokama qilishdan boshlab to uni qabul qilguncha boʻlgan davrda oʻtkazilgan umumxalq muhokamalarida millionlab yurtdoshlarimiz faol ishtirok etdilar. Shu nuqtai nazardan qaraganda, yangilangan Konstitutsiyamizning chinakam muallifi xalqimiz boʻldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. Eng muhimi, endi islohotlarimiz yoʻlidan hech qachon ortga qaytmaymiz, “inson – jamiyat – davlat”, degan yangi tizim asosida faqat va faqat oldinga qarab boramiz, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Dunyoda kundan-kunga yangi sinovlar, xavf-xatar va tahdidlar paydo boʻlayotgan vaziyatda Konstitutsiyada Oʻzbekiston “suveren davlat” sifatidagi maqomini mustahkamladi.

– Shunday murakkab vaziyatda, har bir ishimizda, qabul qilayotgan barcha qonun va qarorlarimizda faqat va faqat xalqimiz, Vatanimiz manfaatlari eng ustuvor oʻrinda turishi shart, – dedi davlat rahbari.

Yangilangan Konstitutsiyada Oʻzbekiston “ijtimoiy davlat” degan tamoyil muhrlanib, davlatning bu sohadagi majburiyatlari bilan bogʻliq normalar 3 baravarga oshdi.

– Bu raqamni aytish oson, lekin uni amalda taʼminlash uchun juda koʻp ishlashimiz zarur. Bunga davlat byudjetidan har yili qoʻshimcha 30-40 trillion soʻm ajratish kerak boʻladi. Buning hisobidan, har yili yuzlab yangi bogʻchalar, maktab va shifoxonalar qurishimiz lozim.

Yoshlar siyosatini, taʼlim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirishni ustuvor vazifa sifatida yuqori bosqichga koʻtarish boʻyicha ham yangi imkoniyatlarni safarbar etamiz.

Nuroniylar, yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan insonlar, alohida eʼtiborga muhtoj aholi qatlamiga ijtimoiy xizmatlar koʻlamini yanada kengaytiramiz. Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdorini muntazam oshirib boramiz, – dedi Prezident.

Konstitutsiyada Oʻzbekiston “huquqiy davlat” degan tamoyil ham qatʼiy qilib belgilanib, inson huquq va erkinliklari borasidagi normalar 3 baravarga koʻpaytirildi.

Shaxsni sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turish mumkin emasligi, odamlarning huquq va erkinliklarini cheklash bilan bogʻliq barcha harakatlarga faqat sud qarori asosida yoʻl qoʻyilishi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarning “sukut saqlash” huquqi mustahkamlandi.

“Inson qadri uchun” tamoyili Konstitutsiyada, qonunlarimizda va davlat idoralari faoliyatida bosh mezon boʻlishi shartligi, insonning shaʼni va qadr-qimmati daxlsizligi, hech narsa ularni kamsitish uchun asos boʻlishi mumkin emasligi belgilab qoʻyildi.

– Bu – avvalambor barcha sohada qonun ustuvorligi taʼminlanadi, degani. Bundan buyon, qonunlardagi noaniqliklar inson foydasiga hal boʻladi. Eng muhimi, “Qonun – muqaddas, har qanday holatda ham adolatni qaror toptirish shart!” degan qarash jamiyatning har bir aʼzosi, ayniqsa, mansabdorlar uchun hayot qoidasiga aylanishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya Oʻzbekistonning “demokratik davlat” sifatidagi maqomini ham mustahamladi.

Mamlakatimizda inson va biznesning ogʻirini yengil qiladigan, ularga sifatli xizmat koʻrsatadigan ixcham va samarali boshqaruv tizimini joriy etish maqsadida keng koʻlamli maʼmuriy islohotlar boshlanib, hukumat va vazirliklar ixchamlashdi, ish uslubi oʻzgartirildi.

– Mening eng katta niyatim – odamlarni qiynayotgan muammolarni mahallaning oʻzi hal qiladigan xalqchil tizim yaratish. Shu bois, moliya, soliq, bandlik kabi idoralarning kamida 30 foiz vakolatlarini mahalla darajasiga tushirishni reja qilganmiz, – dedi Prezident.

Yangilangan Konstitutsiya parlament faoliyatida ham muhim oʻzgarishlarni nazarda tutadi. Xususan, davlat hokimiyati tizimida bir-birini tiyib turish va muvozanatni saqlash maqsadida Oliy Majlis palatalarining vakolatlari qayta koʻrib chiqilib, Qonunchilik palatasining vakolatlari 5 tadan 12 taga, Senatda esa, 14 tadan 18 taga koʻpaydi.

– Shu bilan birga, deputatlarimiz asosiy eʼtiborni qonunlar sifatini oshirishga qaratishi, ularning ijrosini samarali tashkil etishda hukumat bilan birgalikda qattiq ishlashi kerak. Senatning faoliyati esa hududlar bilan bogʻliq masalalarni hal qilish, mahalliy kengashlarga har tomonlama koʻmaklashish, joylarda, ayniqsa, mahallalarda qonunlarning ijrosini taʼminlashga yoʻnaltirilishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya millatlar, konfessiyalar oʻrtasida totuvlik va xavfsizlikni taʼminlash maqsadida Oʻzbekistonning “dunyoviy davlat” sifatidagi maqomini ham mustahamladi. Xalqimiz referendumda buni maʼqulladi. Shu asosida, bundan buyon ham, mamlakatimizda millatlar, konfessiyalar oʻrtasida totuvlik va xavfsizlikni taʼminlash siyosati jadal davom ettirilishi, jamiyatimizda har qanday radikallashuvga mutlaqo yoʻl qoʻyilmasligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda yangilangan Konstitutsiyani hayotga joriy etish, ijrosini taʼminlash boʻyicha vazifalar belgilandi. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni imzolangani qayd etildi.

– Bosh Qonunimizning har bir bandi va moddasini jamiyatimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun hayot qoidasiga aylantirish, bu borada ularning tushuncha va tasavvurlarini kengaytirish, har bir mahalla, taʼlim muassasasi, tashkilot va korxonalarda oʻrgatish maqsadida oʻquv dasturlari, darslik va qoʻllanmalar yaratish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda davlatimiz rahbari yangilangan Konstitutsiyaning 128-moddasiga muvofiq, muddatidan ilgari Prezident saylovi oʻtkazish haqida butun xalqimizga murojaat qildi.

Prezidentimiz tomonidan bunday qarorga kelish va qolgan uch yarim yillik vakolat muddatidan oʻz tashabbusi bilan voz kechish zarurati quyidagicha asoslab berildi:

birinchidan, hokimiyatning barcha boʻgʻinlari isloh qilinib, ular oʻrtasidagi munosabat va muvozanat jiddiy oʻzgarmoqda;

ikkinchidan, yangilangan Konstitutsiyamiz Prezident, parlament, hukumat, vazirlar, hokimlar oldiga kechiktirib boʻlmaydigan yangi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni qoʻymoqda;

uchinchidan, xalqimiz bizdan barcha sohalarda gʻoyat muhim va dolzarb oʻzgarish va islohotlarni kutmoqda;

toʻrtinchidan, dunyoda va mintaqamizda keskin va murakkab jarayonlar hukm surayotgan hozirgi vaziyatda toʻgʻri va samarali rivojlanish yoʻlini izlab topish va uni amalga oshirish eng oʻtkir va dolzarb masalaga aylanmoqda.

Bunday ulkan vazifalarni muvaffaqiyatli ado etish uchun yangilangan davlat hokimiyati tizimida xalqimiz oʻzi ishongan rahbarga mandat berishi maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.

Yigʻilish ishtirokchilari bu tashabbus Prezidentimizning oʻzbek xalqiga, demokratik prinsiplarga boʻlgan cheksiz hurmati va sadoqati namunasi ekanini eʼtirof etdi.

Shu bilan birga muhokamalarda muddatidan ilgari Prezident saylovini oʻtkazish davlat hokimiyatining yangilangan Konstitutsiya talablariga muvofiq zamonaviy ishlashi, xalq hokimiyatchiligi prinsipining toʻlaqonli amalga oshirilishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Yigʻilishda Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda Konstitutsiyaviy sud rahbarlari ham soʻzga chiqib, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni qoʻllab-quvvatladilar.

Muhokama yakunida koʻzlangan marralar qanchalik yuksak va murakkab boʻlmasin, ularga erishish uchun bizda barcha imkoniyatlar borligi, buyuk ajdodlarimiz merosi, xalqimizning bunyodkorlik qudrati, intellektual va maʼnaviy salohiyati, uning tadbirkorlik fazilati bu yoʻlda bizga kuch-qudrat manbai boʻlishi taʼkidlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.