Yangilangan yoʻl qatnov uchun ochildi

0
21
marta koʻrilgan.

Toshkent xalqa yoʻli poytaxtimizning eng uzun va keng koʻchasi. Faqat uning Mirzo Ulugʻbek tumanidan oʻtgan bir qismi tor boʻlib, hozirgi talabga — kuniga 45-50 mingta avtomashina qatnoviga mos kelmay qolgan edi. Shu bois ushbu yoʻl kengaytirilib, qayta qurildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Davlatimiz rahbari bu yerga kelib, transport va piyodalar uchun yaratilgan qulayliklarni koʻzdan kechirdi.

Bu yoʻl poytaxtimiz va Toshkent viloyatining bir necha tumanlarini bogʻlaydi. Soʻnggi yillarda qatnov sezilarli ortdi. Shularni inobatga olib, bu yerda zamonaviy transport yechimi qoʻllanildi. Yoʻlning 4 kilometriga asfalt-beton yotqizildi. Qatnov qismi esa oldingidan ancha kengaytirilib, 6-8 tasmaga yetkazildi. Shuningdek, 4 ta yerosti oʻtish joyi, piyoda va veloyoʻlaklar qurildi.

Oʻziga xos yechimlar asosida 3 ta qayrilib olish hamda 18 ta kesishmalarda qoʻshilib olish joylari tashkil etildi. Bu haydovchilarga qulaylik yaratib, tirbandlikni kamaytirishda muhim omil boʻladi.

Koʻchaning Buyuk ipak yoʻli bilan kesishmasida yigʻma temir konstruksiyali yoʻl oʻtkazgich qurildi. Mamlakatimizda ilk bor qoʻllanilgan bu usulning afzalligi koʻp. Xususan, uning qurilish muddati boshqa koʻpriklarga nisbatan ikki barobar kam vaqt talab qiladi. Xizmat koʻrsatish muddati esa yuz yildan ortiq. Oʻtkazgichni taʼmirlash ishlari ham ancha arzon tushadi.

Koʻcha boʻylariga elektron shaklda boshqariladigan tungi yoritish tizimi, aqlli svetaforlar oʻrnatildi. Oʻn uchta bekat qurildi. Hudud koʻkalamzorlashtirilib, manzarali daraxt koʻchatlari oʻtkazildi.

Prezident yangi yoʻl va inshootlar Mustaqillik bayramiga tuhfa ekanini taʼkidlab, xalqning uzogʻini yaqin, ogʻirini yengil qiladigan bunday qurilishlar davom ettirilishini bildirdi.

Maʼlumot oʻrnida qayd etish joiz, joriy yilning oʻtgan davrida mamlakatimizda 12 ming 600 kilometr avtomobil yoʻllari, ikki yuzga yaqin koʻprik rekonstruksiya qilingan.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.