Yaponiya, Janubiy Koreya va BAA bilan iqtisodiy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

0
99
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 iyul kuni mamlakatimiz investitsion va tashqi savdo faoliyati prognoz koʻrsatkichlarining joriy yil I yarmidagi ijrosini muhokama qilishga, shuningdek,  Yaponiya, Koreya Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari bilan ustuvor qoʻshma loyihalarning borishini hamda savdo-iqtisodiy, investitsion va moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini koʻrib chiqishga bagʻishlangan videoanjuman tarzida yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Tadbirda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi oldiga qoʻyilgan vazifalar ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar, shu jumladan investitsiyalarni jalb etish va eksport boʻyicha prognoz koʻrsatkichlarni hamda xorijiy sheriklar bilan erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarga doir takliflar tinglandi.

Global miqyosdagi epidemiologik vaziyat va undan kelib chiqayotgan cheklovlar Oʻzbekistonning investitsion va tashqi savdo faoliyatiga bevosita taʼsir koʻrsatib, tadbirkorlar uchun moliyalashtirish, qurilish, ishlab chiqarishda zarur xomashyo va uskunalarni yetkazib berish masalalarida maʼlum toʻsiqlar yaratayotgani taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari va eksportchilarini oʻz vaqtida qoʻllab-quvvatlash boʻyicha choralar koʻrildi.

Bu bilan birga, tijorat banklarini yetarli resurslar bilan taʼminlash maqsadida xalqaro moliyaviy institutlarning 1,2 milliard dollar miqdoridagi mablagʻlari jalb etildi.

Hisobot davrida umumiy qiymati 1,8 milliard dollarlik 28 ta yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga 3,8 mingta yangi ish oʻrni yaratilishiga erishildi.

Hududlarni rivojlantirish dasturlari doirasida umumiy qiymati 9,5 trillion soʻmlik 2049 ta yirik investitsiya loyihalari amalga oshirildi, bu 27 mingta yangi ish oʻrinlari yaratish imkonini berdi.

Ayni paytda, bugungi kunda qator tarmoqlarda koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq xatarlar taʼsiri ostida investitsiyalarni oʻzlashtirishning prognoz koʻrsatkichlarini bajarish kechikayotgani taʼkidlandi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari 2020 yil yakuniga koʻra koʻzlangan natijalarga soʻzsiz erishish maqsadida amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalarining koʻrsatkichlari va roʻyxatlarini qayta koʻrib chiqish topshirigʻini berdi. Yil yakuniga kelib mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 9,9 milliard dollarni, shu jumladan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar – 6,8 milliard, xalqaro moliyaviy institutlar mablagʻlari – 3,1 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda. Iqtisodiy taraqqiyotning muhim drayverlaridan biri sifatida eksport faoliyatini qoʻllab-quvvatlash choralariga alohida eʼtibor qaratildi.

Joriy yilning 6 oyi yakunlariga koʻra mamlakatimiz korxonalari tomonidan 6,1 milliard dollarlik mahsulot eksport qilingani taʼkidlandi. Ayni paytda eksport faoliyatiga 950 ta yangi korxona jalb etildi, xorijga yangi 85 ta nomdagi mahsulot yetkazib berish oʻzlashtirildi, shuningdek, qoʻshimcha 4 ta davlat bozoriga chiqildi.  

Jahondagi iqtisodiy vaziyatning beqarorligi hamda global bozordagi talab va taklifning pasayishini eʼtiborga olib, joriy yilning ikkinchi yarmida eksport salohiyatini oshirish maqsadida Respublika komissiyasiga pandemiya oqibatidagi tashqi omillar mamlakatimiz tashqi iqtisodiy faoliyatiga koʻrsatishi mumkin boʻlgan salbiy taʼsirni kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirish vazifasi yuklatildi.

Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida Oʻzbekiston eksporti yil yakuniga borib 17,1 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda.

Keyingi yillarda Yaponiya, Koreya Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari bilan oʻzaro tovar ayirboshlash koʻrsatkichlari muttasil oshib bormoqda, oliy darajadagi uchrashuvlar yakunlari boʻyicha qabul qilingan “yoʻl xarita”lari doirasida turli tarmoqlarda yangi kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Yigʻilishda amaldagi loyihalarni oʻz vaqtida amalga oshirish hamda investitsion hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha yangi takliflar ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratildi. 

Mamlakatimizda yaponiyalik sheriklar bilan hamkorlikda geologiya, kimyo va neft-kimyo, bank-moliya, sogʻliqni saqlash va taʼlim kabi sohalarda umumiy qiymati 5,6 milliard dollarlik 48 ta loyiha amalga oshirilayotgani taʼkidlandi.

Xususan, “HIS” kompaniyasi bilan mehmonxona majmualarini qurish, “Isuzu” va «Itochu» kompaniyalari bilan «SamAvto» qoʻshma korxonasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan Navoiy issiqlik elektr stansiyasida energetik bloklar barpo etish boʻyicha va koʻplab boshqa loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Pandemiyaga qaramay, joriy yilda ikki mamlakat hukumatlari va ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi oʻzaro muloqotlar, shu jumladan zamonaviy axborot texnologiyalari orqali ancha faollashgani qayd etildi.

Yigʻilishda davlatimiz rahbari aniq iqtisodiy dastur va loyihalarni ilgari surish orqali Oʻzbekiston-Yaponiya amaliy hamkorligini kengaytirish zarurligini alohida taʼkidladi.

Koreya Respublikasi bilan ikki tomonlama hamkorlik ham keyingi yillarda ijobiy surʼat bilan rivojlanmoqda. Joriy yilning boshidan buyon tovar ayirboshlash qariyb 1 milliard dollarga yetdi, Janubiy Koreya kapitali ishtirokida 60 ta yangi korxona tashkil etildi, ularning umumiy soni esa 855 taga yetdi.

Joriy yilda Toshkent shahrida koʻp tarmoqli bolalar tibbiyot markazi hamda Fargʻona shahrida Oʻzbekiston-Koreya xalqaro universitetini tashkil etish boʻyicha loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilgani, ular doirasida 1 mingga yaqin yangi ish oʻrinlari yaratilgani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yil 17 aprel kuni Toshkent viloyati Zangiota tumanida tamal toshi qoʻyilgan Innovatsion ilmiy ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini qurish ishlari jadal davom etmoqda. Ushbu loyiha doirasida Farmatsevtika texnika universiteti hamda dori vositalarini ishlab chiqarish boʻyicha zamonaviy quvvatlarni tashkil etish koʻzda tutilgan.

Qishloq xoʻjaligi, AKT, sogʻliqni saqlash, kimyo, yengil, elektrotexnika, farmatsevtika va zargarlik sanoati, taʼlim va innovatsiyalar kabi sohalar hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari sifatida belgilandi.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va Iqtisodiy taraqqiyot fondi orqali moliyaviy-texnik koʻmak dasturlari doirasida umumiy qiymati 750 million dollardan ortiq boʻlgan 17 ta loyiha, jumladan Kimyoviy texnologiyalar markazi, yoshi kattalar uchun klinika tashkil etish, yurtimiz tibbiyot va taʼlim muassasalarini jihozlash loyihalari amalga oshirilmoqda.

Yaponiya va Janubiy Koreya bilan qoʻshma loyihalarning amalga oshirilishi natijasida jami 1 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirish koʻzda tutilmoqda.

Umuman, erishilgan kelishuvlarni toʻliq roʻyobga chiqarish 50 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlarini yaratish, ishlab chiqarish hajmlarini 4,1 milliard dollarga, eksport hajmini esa 1,14 milliard dollarga oshirish imkonini beradi.

2019 yilda Birlashgan Arab Amirliklariga amalga oshirilgan oliy darajali tashrif yakunida salmoqli ikki tomonlama hujjatlar toʻplami, shu jumladan savdo-iqtisodiy va investitsion bitimlar imzolangan edi. Energetika, infratuzilma, kimyo va neft-kimyo, qishloq xoʻjaligi, turizm va boshqa sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Bugungi kunda umumiy qiymati 4 milliard dollardan ortiq aniq loyihalar ishlab chiqilmoqda. BAA sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni 141 tani tashkil etyapti.

Amirliklar kompaniyalari bilan kelishuvlar oʻz natijasini berayotgani taʼkidlandi.

Xususan, “Masdar” kompaniyasi Navoiy viloyatida 500 MVt quvvatiga ega shamol elektr stansiyasi qurilishiga investitsiya kiritmoqda, sarmoyalarning umumiy hajmi esa 500 million dollardan oshadi.

Abu-Dabi taraqqiyot fondi ishtirokida eʼlon qilingan kapitali 1 milliard dollar boʻlgan qoʻshma investitsiya kompaniyasi taʼsis etildi. Kompaniya ilk loyihalarni moliyalashtirishni boshladi.

Shuningdek, Abu-Dabi taraqqiyot fondi Samarqand shahrining infratuzilmasini modernizatsiya qilishda ishtirok etmoqda.

BAAning “Mubadala” davlat investitsion kompaniyasi bilan energetika sohasida hamda uglevodorodlar qazib olishni koʻpaytirish va ularni chuqur qayta ishlashni tashkil etish boʻyicha loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yaponiya, Koreya Respublikasi va BAA bilan hamkorlik boʻyicha “yoʻl xaritalari”ning 2020 yil uchun belgilangan chora-tadbirlarini toʻliq va sifatli bajarish zarurligini taʼkidladi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar boʻyicha mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlari tinglandi, aniq vazifa va chora-tadbirlar belgilab berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.