“Yashil” energetika ham iqtisodiyot drayverlaridan biriga, ham chinakam umummilliy harakatga aylanmoqda

0
38
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28 fevral kuni qayta tiklanuvchi energiya manbalarini koʻpaytirish boʻyicha ustuvor vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Tahlillarga koʻra, yurtimizda quyosh va shamol energiyasi salohiyati elektrga boʻlgan hozirgi ehtiyojni 10-12 barobar ortigʻi bilan qoplashga yetadi. Lekin shunday ulkan imkoniyat ancha yillar davomida ishga solinmagan edi.

Soʻnggi yillarda davlatimiz tomonidan bu sohaga katta eʼtibor qaratilib, huquqiy zamin yaratildi. “Yashil energiya” manbalarini barpo qilish boʻyicha katta dasturlar boshlandi. Investorlar uchun jozibador muhit tashkil etildi.

Bugungi kunga qadar, sohaga 2,1 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya kirib keldi, yana 13 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilayapti. Deyarli barcha viloyatlarda zamonaviy quyosh va shamol elektr stansiyalari barpo etilmoqda.

Jumladan, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryoda 1,6 gigavattli 9 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushdi. Andijon, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatida 183 megavattli 6 ta yirik va kichik GESlar foydalanishga topshirildi.

Shuningdek, ijtimoiy soha obyektlari, korxona va tashkilotlar, tadbirkorlarga tegishli binolar va aholi xonadonlarida umumiy quvvati 457 megavattli quyosh panellari oʻrnatildi. Bu ishlarga banklar tomonidan qariyb 2 trillion soʻm resurs ajratildi.

Natijada qoʻshimcha 5 milliard kilovatt-soat ekologik toza elektr ishlab chiqarish va 1,5 milliard kub metr gaz tejash imkoniyati yaratildi.

Bu sohadagi keng qamrovli ishlar mahalliy korxonalarda transformator, har xil turdagi kabellar, isitish kollektorlari, quyosh paneli, izolyator, metall ustunlar kabi mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirishga ham katta turtki berdi.

Bir soʻz bilan aytganda, “yashil” energetika – ham iqtisodiyotimiz drayverlaridan biriga, ham chinakam umummilliy harakatga aylanmoqda.

2024 yilda “yashil energiya” hajmi 13 milliard kilovatt-soatga, uning mamlakatimizdagi jami ulushi 15 foizga yetadi. Qisqa davr uchun bu juda katta koʻrsatkich, albatta.

Lekin bu borada hali imkoniyatlar koʻp, ular hamma hududlarda ham toʻliq ishga solinmayapti.

Shu bois yigʻilishda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini koʻpaytirish va shunga yarasha infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha yangi rejalar muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari sohadagi tajribaga tayanib, bu yildan yirik “yashil energiya” quvvatlarini yaratish boʻyicha uch yillik dasturga oʻtish zarurligini taʼkidladi.

Aholi va iqtisodiyot tarmoqlari talabidan kelib chiqib, kelgusi uch yilda 8 gigavattli 28 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari ishga tushiriladi. 944 kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va 6 ta yirik podstansiya quriladi. Jami 2,2 gigavatt boʻlgan 18 ta elektr saqlash quvvati oʻrnatiladi.

Energetika tizimining barqarorligini taʼminlash uchun ushbu quvvatlarga mos tarmoqlarni qurishni hamda zarur materiallar ishlab chiqarishni hozirdan boshlash kerakligi qayd etildi.

Energetika vaziri uch yillik dasturdan oʻrin olgan 2,6 gigavattli 14 ta stansiya bu yil ishga tushirilishi, ularni tarmoqqa ulash uchun 5 ta podstansiya quvvati kengaytirilib, 500 kilometr yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari qurilishi haqida axborot berdi.

Umuman, yangi quvvatlar hisobiga bu yil kamida 85 milliard kilovatt-soat, shundan quyosh va shamol stansiyalarida 6 milliard kilovatt-soat elektr ishlab chiqarilishi aytildi.

Joylarda quyosh panellarini oʻrnatish holati ham koʻrib chiqildi.

Aholining bundan manfaatdorligini oshirish maqsadida “Quyoshli xonadon” dasturi joriy qilingan. Unga koʻra, quyosh paneli oʻrnatgan aholidan har 1 kilovatt elektrni 1 ming soʻmdan sotib olish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Hozirda 11 mingga yaqin xonadon egalari bu imkoniyatdan samarali foydalanayapti.

Bu ishlarni kengaytirish uchun uning jozibadorligini oshirish, quyosh paneli oʻrnatuvchilarga koʻmaklashish kerakligi aytildi. Buning uchun qoʻshimcha 50 million dollar resurs ajratilishi, xorijiy investorlar ishtirokida yana 100 million dollar jalb qilinishi belgilandi.

Quyosh energiyasidan foydalanishda tadbirkorlarga ham qoʻshimcha yengilliklar yaratiladi. Jumladan, quyosh paneli, invertor va akkumulyatorlarni import qilishda bojxona imtiyozlari yana besh yilga uzaytiriladi.

Mutasaddilarga qishloq va suv xoʻjaligi, ichimlik suvi taʼminoti kabi energiya sarfi yuqori boʻlgan sohalarda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini qoʻllash boʻyicha alohida dastur ishlab chiqish topshirildi.

Bu soha rivojlanayotgani boshqa turdosh tarmoqlarga ham ijobiy taʼsir etmoqda. Xususan, yirik quyosh va shamol stansiyalarini qurish, ularni tarmoqqa ulash, taʼmir va servis xizmati koʻrsatish jarayonlarida mahalliy korxonalarimiz uchun kamida 1 milliard dollarlik bozor paydo boʻlmoqda.

Shu bois bu yil Qarshi shahridagi “Solar klaster”da quyosh paneli, akkumulyator, invertor, suv isitkich, Ohangaron sanoat zonasida kabel va transformator, Nukus shahri va Andijon tumanida quyosh panellari ishlab chiqarish loyihalashtirilgan.

Prezidentimiz mahalliy korxonalarga xalqaro sertifikatlarni olishda va ishlab chiqarishni xalqaro standartlarga moslashtirishga koʻmaklashish boʻyicha koʻrsatma berdi.

Energetika vaziri va hokimlar yigʻilishda belgilangan vazifalar boʻyicha ishni tashkil qilish rejalari yuzasidan axborot berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.