“Yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi

0
145
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Maʼlumki, hozirgi zamonda energetika va ekologiya muammolari dolzarb boʻlib bormoqda. Shu bois mamlakatimizda koʻplab quyosh va shamol elektr stansiyalari qurilmoqda, iqtisodiyot tarmoqlarida energiya tejamkor texnologiyalar joriy qilinmoqda.

Bu yoʻnalishni izchil davom ettirish maqsadida, Taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirishga oid davlat dasturida sanoat tarmoqlarida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va energiya tejamkorlik dasturini ishlab chiqish belgilangan edi. Taqdimotda mazkur dasturda koʻzda tutilayotgan chora-tadbirlar haqida axborot berildi.

Qayd etilganidek, bu hujjatda sanoat tarmoqlarida “yashil” iqtisodiyotga oʻtish va energiya tejamkorligini taʼminlash boʻyicha konsepsiya belgilanadi.  Shu asosida 25 ta strategik ahamiyatga ega korxonada yoqilgʻi-energetika resurslarini tejashning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlanadi.

Bu orqali 2022-2026 yillarda sanoat tarmoqlarida 3,9 milliard kub metr tabiiy gazni, 4 milliard kilovatt soat elektr energiyasini va 21 ming tonna neft mahsulotlarini tejash rejalashtirilmoqda. Buning natijasida har bir mahsulot tannarxida energiya ulushini 20 foizga kamaytirish maqsad qilingan.

2023 yil 1 iyundan boshlab mahsulotlarning ekologik toza energiya va texnologiyalar yordamida ishlab chiqarilganini tasdiqlovchi “yashil sertifikatlar” tizimi joriy etiladi.

Shu maqsadda issiqxona gazlarining chiqarilishi bosqichma-bosqich tartibga solinadi. Bunda tabiatga zararni qisqartirish ishlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari koʻriladi.

Shuningdek, “ifloslantiruvchi toʻlaydi” tamoyilini toʻliq joriy etish, bu boradagi moddalar roʻyxatini kengaytirish va yigʻim stavkasini oshirish ham taklif etilmoqda.

“Yashil” iqtisodiyot boʻyicha ilmiy tadqiqotlarni koʻpaytirish, innovatsion loyihalarni tatbiq etish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Hujjatda belgilangan chora-tadbirlarning bajarilishini doimiy baholab boruvchi guruh ham shakllantiriladi. Uning tarkibiga 15 ta xalqaro tashkilot va moliya institutlarining rahbarlari kiritiladi.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni maʼqullab, har bir tarmoq kesimida energiya tejamkorligini oshirish, mahsulot ishlab chiqarishda energiya xarajatini kamaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.