“Yashil makon” loyihasi doirasida galdagi vazifalar belgilab olindi

0
8
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 21 oktyabr kuni “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizda har yili 200 million tup daraxt va buta ekib, yashillik miqyosini 2030 yilgacha 30 foizga yetkazish maqsadi belgilangan. Soʻnggi yillarda bu koʻrsatkich 12 foizga yetdi.

Bu yil bahorda 138 million dona koʻchat ekildi. Yil boshidan buyon 10 ming gektardan ziyod “yashil belbogʻ”, vazirlik va hokimliklar 257 ta bogʻ barpo qildi. Orolboʻyida yashil qoplama 2 million gektardan oshdi.

Joriy yildan boshlab, yoʻl, daryo va kanallarga tutash 2 ming gektar yer 10 ming aholi va tadbirkorlarga ekish uchun ijaraga berildi. “Mening bogʻim” loyihasi doirasida byudjetdan 49 milliard soʻm ajratilib, mahallalarda 215 ta yangi bogʻ yaratilayapti.

Bu saʼy-harakatlar Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi, Choʻllanishga qarshi kurashish konvensiyasi ijro organi ham eʼtirof etmoqda.

Lekin ayrim joylarda shunday xayrli ishda sustkashlikka yoʻl qoʻyilgani afsuslanarli. Baʼzi tumanlarda sugʻorish tizimi yoʻq yerga koʻchat oʻtqazilgan yoki kesilgan daraxtlar oʻrniga ekilmagan.

Yigʻilishda hozirgi mavsum va kelgusi yilga moʻljallangan vazifalar belgilab olindi.

Avvalo, yurtimizning iqlimga mos koʻchatlarni koʻpaytirish lozimligi taʼkidlandi. Xususan, Fanlar akademiyasi, ekologiya, qishloq, suv va oʻrmon xoʻjaligi, karantin tizimidagi ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, oliy oʻquv yurtlari, in-vitro laboratoriyalari bilan samarali ishlansa, urugʻ va koʻchat yetishtirishdan 2-3 barobar koʻp daromad topsa boʻladi. Ilm ham rivojlanadi.

Nukus, Arnasoy, Qorakoʻl va Muborak tumanlarida keyingi yil suvsizlik va shoʻrga chidamli galofit oʻsimligidan iborat 4 ta bogʻ barpo qilinadi. Shuningdek, Qoraqalpogʻiston, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazmning 250 ming gektar choʻlida suv talab etmaydigan saksovul, qandim, cherkez urugʻlari dron bilan ekiladi.

Bahor mavsumidan oʻrmon xoʻjaliklaridan sogʻlom onalik plantatsiyasini tanlash orqali yiliga 1,5 ming tonna urugʻ tayyorlanadi. Janubiy Koreya tajribasi boʻyicha suvsizlikka chidamli, iqlim sharoitiga mos yopiq ildizli konteyner va in-vitro usulida 2 million koʻchat olish yoʻlga qoʻyiladi. Mahmud Mirzayev nomidagi institutning Samarqand, Xorazm, Toshkent va Fargʻona vodiysidagi yerlarida yiliga 10 million dona mevali nihollar yetishtiriladi.

Koʻchat ekish ishlarini ham uyushqoqlik bilan tashkil etish imkoniyatlari koʻrsatib oʻtildi.

Bunda katta kuch mahallalarda. Yashillik, obodlik ham, avvalo, odamlarning oʻziga kerak. Shu bois “mahalla yettiligi” vakillari oʻziga biriktirilgan koʻchalarda 100 tupdan jami 6 million dona manzarali daraxt oʻstiradi. Shuningdek, boshqa koʻchalar, boʻsh maydonlar va koʻp qavatli uylar atrofida 3 million tup koʻchat ekiladi. Umuman, mahallalarda 20 million dona manzarali va mevali daraxt eksa boʻladi.

Oʻrmon xoʻjaligi agentligiga barcha mahallalarda yarmarka tashkil qilib, 30 millionta koʻchat yetkazib berish vazifasi qoʻyildi. 20 mingdan ziyod taʼlim maskanlari va shifoxonalar hududida 2,5 millionta, yoshlarga boʻlib berilgan 60 ming gektar yerda 1,5 millionta daraxt ekish mumkinligi aytildi.

Hokimliklar va vazirliklar tomonidan kuzda 40 million tup koʻchat ekilishi rejalashtirilgan. 

Xususan, 13 ta xalqaro avtomobil yoʻli boʻyida 9 million tup koʻchat ektiradi. Yana 2 ming kilometr yoʻllar yoqasi shu maqsadda 10 ming fuqaro va tadbirkorlarga boʻlib beriladi. Toshkent-Samarqand va Samarqand-Qarshi temir yoʻli boʻylariga ham koʻchat oʻtqaziladi. Dala chetlarida 21 million tup terak, tut va uzum yetishtiriladi.

Mudofaa vazirligi 200 ming tup, ichki ishlar, milliy gvardiya va favqulodda vaziyatlar tizimlarining har biri 100 ming tupdan koʻchat ekishga masʼul boʻladi. Chiqindi poligonlari atrofida “yashil belbogʻ” barpo etiladi.

Qayd etilganidek, keyingi yilda “Yashil makon” loyihasi uchun 100 milliard soʻm ajratiladi. Endilikda daraxtlarni 3 yil parvarishlash, kasallikdan saqlash, sugʻorish xarajatlari ham investitsiya dasturiga kiritiladi.

Sugʻorish boʻyicha ikki xil tajriba amalga oshiriladi. Xususan, 27 ta tumanda bittadan quduq qazishga ruxsat beriladi. Bahorda 14 ta tumanning togʻ va adir qiyaliklarida qavat-qavat qilib, 500 gektar daraxt ekiladi.

Viloyatlarda “Mening bogʻim” loyihasi boʻyicha yashil hududlar va jamoat parklari barpo etish boʻyicha topshiriqlar berildi. Bu maydonlar ekish mavsumigacha “Ochiq byudjet” portaliga qoʻyilib, daraxt turlari boʻyicha tavsiya va ularning narxi koʻrsatiladi. Bunda parvarishlashda masʼuliyatsizlik qilgan shaxslarni mobil ilova orqali ogohlantirish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Soʻnggi vaqtlarda yurtimizda chang boʻronlari tez-tez sodir boʻlayotgani qayd etildi. Bunga global iqlim oʻzgarishi bilan birga daraxtlarning noqonuniy kesilishi, suv kamayishi, chorva tartibsiz boqilishi ham sabab boʻlmoqda. Choʻllardagi oʻsimliklar turlari ham keskin kamaygan.

Davlatimiz rahbari aholi koʻpayib borayotgan hozirgi sharoitda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha eng katta zaxira yaylovlar ekanini taʼkidladi.

Shu bois 16 million gektar yaylov yerlarini boshqarish Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasiga oʻtkazilishi belgilandi. Qoʻmitaga choʻllarni degradatsiyadan chiqarish boʻyicha uch yillik dastur tayyorlash topshirildi. Kelgusi yilda bu maqsadlar uchun dastlab 50 million dollar grant mablagʻlari jalb qilinadi.

Sohaga taalluqli yana bir muammo – choʻl oʻsimliklari qoplamasi yoʻqolib ketayotganidir. Shu sababli mutasaddilarga Buxoro va Navoiy viloyatlarining choʻl va yarim choʻl hududlarida yashil maydonlarni koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatma berildi.

“Oʻzbekkosmos” agentligi bilan birgalikda choʻllarda ekologik holatni monitoring qilish platformasi yaratiladi. Oʻrmon xoʻjaligi agentligining bu yoʻnalishdagi masʼuliyati oshiriladi. Endilikda u choʻllanishga qarshi kurashish bilan ham shugʻullanadi, hokimliklar qoshidagi “Yoʻl koʻkalam” tashkilotlari agentlik tizimiga oʻtadi.

Agentlikka Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 20 gektarda tajriba-sinov maydonchasi qilib, degradatsiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklaydigan oʻsimliklarni yetishtirish vazifasi qoʻyildi.

Prezidentimiz jamiyatda sogʻlom turmush tarzini keng ommalashtirish masalalariga ham toʻxtalib oʻtdi. Aholini jismoniy sogʻlomlashtirish, sport, yurish va toʻgʻri ovqatlanish boʻyicha yangi-yangi yondashuvlarni joriy qilish muhimligi qayd etildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar boʻyicha mutasaddilarning axborot va rejalari eshitildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.