Prezident Shavkat Mirziyoyev yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan samarali foydalanishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu haqda shu yil 23 yanvar kuni qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda koʻrsatma berilgan edi.
Yurtimizda 21 million gektardan ziyod yaylovlar mavjud boʻlib, ular chorvachilik, ipakchilik, asalarichilik kabi koʻplab tarmoqlar uchun muhim manba. Lekin ulardan foydalanishga oid hozirgi tartib yaylovlarda tadbirkorlikni rivojlantirish va mahsulot yetishtirishni cheklamoqda.
Shu bois, yangi tahrirda “Yaylovlar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini hamda yaylov maydonlarini ijaraga berish tartibini ishlab chiqish taklif qilindi.
Bu koʻplab iqtisodiy loyihalarga yoʻl ochadi. Xususan, Ispaniya va Portugaliyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan 7 million 800 ming dollar miqdoridagi grant mablagʻlari evaziga 4 ta loyiha shakllantirilgan. Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida omuxta yem ishlab chiqaruvchi korxonalar, Chorva hayvonlari genetik tadqiqoti laboratoriyasi tashkil etish, mayda shoxli mollarni raqamli identifikatsiya qilish shular jumlasidandir. Shuningdek, xalqaro moliya institutlarining grantlari hisobidan 500 gektar yaylovda quyoshdan muqobil energiya olish orqali quduqlardan suv chiqarish hamda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy etish rejalashtirilgan.
Maʼlumki, yaylov yerlarda kavrak yaxshi oʻsadi, u Qizil kitobga ham kiritilgan. Lekin koʻp joylarda uning tabiiy koʻpayishi va qayta tiklanishiga zarar yetkazilmoqda. 2019 yilda tabiiy kavrak maydonlari 33 ming gektar boʻlgan boʻlsa, 2021 yilga kelib qariyb yarmiga kamaygan.
Shu bois kavrakning har bir tupiga yetkazilgan zarar uchun jarima miqdorini oshirish, qizil kitobga kiritilgan tojik kavragidan foydalanishga 3 yil muddatga moratoriy joriy qilish taklif etilmoqda.