Yil quvonchlari: Amudaryo ustida Xorazm viloyatini Qoraqalpogʻiston Respublikasi bilan bogʻlovchi 413 metrlik koʻprik qurilishi boshlandi

0
274
marta koʻrilgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 12-13 dekabr kunlari Xorazm viloyatiga qilgan tashrifi chogʻida Amudaryo ustida Xorazm viloyatini Qoraqalpogʻiston Respublikasi bilan bogʻlaydigan 413 metrlik koʻprik, Qoraoʻzak tumanidan Shovot tumanigacha 79 kilometrlik temir yoʻl qurilishi boʻyicha topshiriq bergan edi.

Yangi yil arafasila  ikki hududni birlashtiradigan qoʻshma koʻprikka tamal toshi qoʻyildi. Yangi koʻprik qurilishning boshlanganligi munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Ochilboy Ramatov, Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi Murat Kamalov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Qahramon Sariyev va boshqalar soʻzga chiqib mazkur koʻprik nafaqat ikki hudud, balki, mamlakatimizning ijtimoiy – iqtisodiy rivojida muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.

Bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Amudaryo tumani Respublikamizning boshqa hududlaridan uzilib qolgan, shuningdek, temir yoʻl tarmoqlariga ham toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻlanish imkoni mavjud emas. Avtomobil transporti qatnovi ham cheklangan, chunki Amudaryodan oʻtish uchun faqat ponton koʻprikdan foydalaniladi.

Ponton koʻprigi 1938 yilda qurilgan boʻlib, ayni paytda u eskirgan va foydalanishga yaroqsiz holga kelib qolgan. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Amudaryo tumani Respublikamizning boshqa hududlaridan transport harakati jihatidan ajralgani mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga salbiy taʼsir koʻrsatibgina qolmay, mintaqaning ehtiyojlari uchun kerakli boʻlgan xalq xoʻjaligi yuklarini tashish xarajatlari evaziga narxlarning oshishiga va ushbu hududlardan mahsulot eksport qilinishi uchun 160 kilometr masofaga transportda qoʻshimcha yurishga toʻgʻri keladi.

Yangi koʻprikning qurilishi Rossiya va Qozogʻistondan yuklarni tashish masofasini 240 kilometrga, yuklarni tashish vaqtini esa 6 soatga qisqartiradi. Shunday qilib, yuk tashish hajmi ikki baravar koʻpayadi va yiliga 25 million tonnani tashkil etadi. Respublikamizning yuqoridagi mintaqalari rivojlanib borishi bilan iqtisodiy samaradorlik yiliga 100 milliard soʻmga oshadi. Bundan tashqari, Qoraqalpogʻiston Respublikasidan Xorazm viloyatiga inert materiallarni yetkazib berish xarajatlari kamayadi, bu esa ijtimoiy obyektlar va infratuzilmalarni qurish xarajatlarini kamaytiradi.

Taklif etilayotgan yangi koʻprikning strategik ahamiyatini alohida taʼkidlash joiz. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan koʻprik quriladigan joyda daryo kengligining minimal oʻlchamlari, sunʼiy inshootlar soni, buzilayotgan obyektlar soni va ularning turi, shuningdek, kommunikatsiyalar oʻtkazilishini hisobga olgan holda amalga oshiriladigan loyihaning 4 ta varianti ishlab chiqildi va ulardan eng maqbuli tanlandi.  

Xorazm viloyatini Qoraqalpogʻiston Respublikasi bilan bogʻlovchi temir yoʻl va avtomobil yoʻli qoʻshma koʻprigini qurish ishlari 2022 yil sentyabr oyiga yakunlanishi rejalashtirilgan.  

Ahmadjon ShOKIROV, Maqsad HABIBULLAYEV(surat), OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.