Yil sarhisobi: 2018 yildagi faoliyat yakunlari va istiqboldagi rejalar

0
689
marta koʻrilgan.

Kecha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasining  “Yil sarhisobi: 2018 yildagi faoliyat yakunlari va istiqboldagi rejalari ” mavzuida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Unda Qonunchilik palatasi deputatlari, Qoʻmita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolari, Oʻzbekiston  yoshlar ittifoqi  faollari, Toshkent shahridagi mahalla fuqarolar yigʻini raislari, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti vakillari, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Tadbirda  qoʻmita raisi Akmal Saidov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida deputat va senatorlar faoliyatiga tahliliy nuqtai nazardan yondashilib, oʻta muhim va ustuvor takliflar berilganligini gapirib, qoʻmita ham oʻz faoliyatini davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan masʼuliyatli va dolzarb vazifalarni amalda qoʻllagan holda hamda sohada qonunchilikni yanada takomillashtirish borasidagi koʻrsatma va yoʻnalishlarga tayanib  faoliyat yuritayotganligini taʼkidladi.

Matbuot anjumanida hisobot davrida qoʻmita qonun ijodkorligi samaradorligini oshirish, tayyorlanayotgan qonun loyihalari sifatini yaxshilash, mutaxassislar, olimlar, amaliyotchilar va keng jamoatchilik bilan muhokama qilish, parlament nazoratining turli shakllarini amalga oshirish ishlariga alohida eʼtibor qaratgani,. 2018 yilgi ish rejasida qonun ijodkorligi yoʻnalishida 9 ta qonun hujjatini ishlab chiqish koʻzda tutilgan boʻlib, amalda 10 ta qonun ustida ish olib borilgani va qabul qilingan 10 ta qonun hujjatidan 6 tasi qoʻmita aʼzolarining deputatlik tashabbusi asosida ishlab chiqilgani haqida gapirdi.

Qoʻmita deputatlari fuqarolik jamiyati institutlariga oid qabul qilingan qonunlarning maqsad va mohiyatini sharhlab berishdi. Yangi qonunlar va qonunlarga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar fuqarolik jamiyati institutini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshishi haqida gapirishdi. Jumladan, «Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi toʻgʻrisida»gi qonun bilan fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli)ning vakolat muddati ikki yarim yildan 3 yilga uzaytirilgani, saylovlarda koʻproq fuqarolarni jalb etish maqsadida fuqarolar vakillarining minimal normasi belgilangani, fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovlarida yashirin ovoz berish tizimi oʻrnatilganligini chuqur sharhlab berishdi.

 “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq, qoʻmita tomonidan hisobot davrida bir qator nazorat-tahlil ishlari ham olib borilgan. Xususan, 7 ta qoʻmita eshituvi uyushtirilgan yaʼni davlat organlari rahbarlarining axboroti tinglangan, 1 ta qonun hujjatlarining ijrosi holatini oʻrganish va 1 ta qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan monitoring amalga oshirilgan. Masalan, taʼlim muassasalarida huquqiy taʼlim va tarbiyaning ahvoli toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatovning axboroti qoʻmitada eshitilgan hamda uning yakuni boʻyicha qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilingan.

Bundan tashqari, 2018 yilda qoʻmita aʼzolari tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga 38 ta deputat soʻrovi yuborilgan.

Qoʻmita oʻz faoliyatini bevosita jamoatchilik oʻrtasida muhokamalar asosida tashkil etgan. Shu maqsadda hisobot davrida 40 ga yaqin turli tadbir, konferensiya, davra suhbatlari, seminarlar tashkil etilgan.

Yil davomida qoʻmita aʼzolari ommaviy axborot vositalarida 1108 marotaba chiqish qilgan.

Jismoniy va yuridik shaxslarning 724 ta murojaati koʻrib chiqilgan va tegishli yordam koʻrsatilgan.

Matbuot anjumanida qoʻmita aʼzolari jurnalistlar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari hamda yoshlarning savollarlariga atroflicha javob qaytardilar.

Tadbir yakunida qoʻmitaning 2019 “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” hamda 2017-2021 yillarga moʻljallangan beshta ustuvor yoʻnalish boʻyicha rivojlanish harakat Strategiyasi asosida amalga oshirilishi lozim boʻlgan asosiy faoliyat yoʻnalishlari yuzasidan aniq maqsadli vazifalar belgilab olindi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.