«Yildan yilga hayvonot olamining yashash muhitlari qisqarib bormoqda» — Qizil kitobning yangi nashri, tadqiqot natijalari, muammo va yutuqlar

0
1232
marta koʻrilgan.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi rahbariyati va masʼul xodimlari ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Unda “Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobini tayyorlash, nashr etish va yuritishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori ijrosi muhokama qilindi.

Maʼlum qilinishicha, 1984 yilda chop etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobining birinchi nashrida 163 tur roʻyxatga olingan boʻlsa, 1998 yilda (ikkinchi nashr) 301 tur kiritilgan. 2006 yilgi nashrida muhofazaga olingan oʻsimlik turlari soni 305 tani tashkil etgan.

“2009 yildagi oxirgi nashrida muhofazaga muhtoj kamyob 324 tur mavjud, — dedi OʻzRFA Botanika instituti direktori Komiljon Tojiboyev. — Ushbu raqamlar himoyaga muhtoj oʻsimlik turlarining soni yildan yilga oʻsib borayotganligini koʻrsatadi. Ayniqsa floramizdagi koʻplab endem turlarning yoʻqolib ketish xavfi haqida olimlarning xulosalari tashvishlidir”.

Qizil kitobning amaldagi nashri 2009 yilda nashr etilgani sababli, undagi mavjud maʼlumotlar “maʼnan eskirgan”ligi sababli soʻnggi 10 yil mobaynidagi tadqiqot natijalari umumlashtirilib, oʻsimlik turlarining bugungi kundagi zamonaviy holati boʻyicha maʼlumotlarni keng ommaga taqdim etish uchun Qizil kitobning yangi nashrini chop etish zaruriyati tugʻilgani taʼkidlandi.

Qayd etilishicha, 2019 yilning oxirigacha chop etilishi rejalashtirilayotgan yangi tahrirdagi Qizil kitobga amaldagi Qizil kitob roʻyxatidan (2009) 8 ta tur chiqarilgan holda, 15 ta tur kiritilmoqda. Ushbu yangi nashr umumiy muhofazaga muhtoj boʻlgan, yoʻqolib ketish arafasida turgan kamyob 314 oʻsimlik turlarini oʻz ichiga oladi.

“Olib borilayotgan ilmiy-tashkiliy ishlar samarasi oʻlaroq muayyan natijalarga erishildi, — dedi OʻzRFA Zoologiya instituti ilmiy xodimi, akademik Jaloliddin Azimov. — Lekin bu natijalar nafaqat ilmiy xodimlar va tabiatni muhofaza qilishga masʼul vakillarni, balki butun respublikamizni qoniqtirmaydi. Kundan kunga, yildan yilga hayvonot olamining yashash muhitlari qisqarib borayapti, hayvonot olami turlarining populyasiya jarayonlari yomonlashmoqda. Iqlim oʻzgarishi, choʻllashish, urbanizatsiya hayvonot dunyosining yashash sharoitlariga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda”.

Zoologiya instituti olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijasida Qizil kitobning navbatdagi soniga kiritiladigan va undan chiqariladigan turlar toʻgʻrisida ilmiy maʼlumotlarni yigʻilib, tahlil qilingani aytildi. Shu davr ichida Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobining hayvonot dunyosiga oid ikkinchi qismi nashrga tayyor holatga keltirilgan.

Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Baxtiyor Ibrohimov yangi tahrirdagi Qizil kitobning noyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan turlari roʻyxatiga 21 turdagi hayvonlar — umurtqasiz hayvonlarning 5 turi, sudralib yuruvchilarning 5 turi, qushlarning 4 turi va sutemizuvchilarning 7 turi kiritilishini bildirdi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.