Yoʻl qurilishidagi muhim vazifalar koʻrsatib oʻtildi

0
4
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 oktyabr kuni yoʻl xoʻjaligi sohasida qilingan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga oid taqdimot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Avtomobil yoʻllari – iqtisodiyotning “qon tomiri”. Shu bois mamlakatimizda bu sohaga alohida eʼtibor qaratilib, ish koʻlami va sifati oshirib borilmoqda. Xususan, ilgari, 2009-2016 yillarda 9 trillion soʻm evaziga ming kilometrdan koʻproq yoʻl qurilgan va 20 ming kilometr taʼmirlangan boʻlsa, soʻnggi sakkiz yilda bu koʻrsatkichlar 6 barobargacha oʻsgan. Yaʼni, sohaga 58 trillion soʻm ajratilib, 2 ming kilometr yoʻl barpo etilgan, 100 ming kilometri taʼmirlangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 10 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, yoʻl xoʻjaligi tizimi yanada takomillashtirildi. Xususan, loyihalash, qurish, ekspluatatsiya uchun masʼullar aniq belgilab qoʻyildi, buyurtmachi va pudratchi funksiyalari bir-biridan ajratildi.

Yoʻllarni ilmga asoslanib, zamonaviy yondashuvlar asosida qurishga eʼtibor kuchaydi. Masalan, loyiha hujjatlarining namunaviy andozalaridan voz kechilib, har bir hududning geologik va ekologik xususiyatidan kelib chiqish usuliga oʻtildi. 1 ming 700 ta maxsus texnika xarid qilinib, yoʻl xoʻjaligi korxonalarining taʼminot darajasi oshirildi. Yangi turdagi asfalt-beton, sement-beton qoplamalar joriy etildi.

Natijada sifat ham oʻzgarayapti. Yangi qurilgan yoʻllarning ekspluatatsiya muddati 15-20 yil boʻladi. Ularning holati 42 turdagi koʻrsatkich boʻyicha tekshirib boriladi. Jahon bankining grant mablagʻlari hisobidan olib kelingan texnikalar yoʻlning fizik xossalarini baholash hamda yer ostidan oʻtgan kommunikatsiya tarmoqlari holatini qoplamani buzmagan holda tekshirish imkonini beradi.

Koʻchalardagi obodlik “Yashil makon” dasturining, umuman, madaniyatimizning bir qismi. Har mavsum ularning ikki chetida koʻchatlar ekilmoqda. Shuningdek, daraxtlarni parvarishlash uchun yoʻllar boʻyidagi yer maydonlarini ijaraga berish joriy etildi.

Taqdimotda sohadagi loyihalar va rejalar haqida axborot berildi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining tahliliga koʻra, sifatli yoʻllar Oʻzbekiston iqtisodiyotining kamida 2 foiz oʻsishiga turtki beradi. Bugungi kunda xalqaro moliya tashkilotlari bilan 729 kilometr yoʻlni rekonstruksiya qilish boʻyicha 6 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Jumladan, yaqin kunlarda “Qoʻngʻirot-Beynau” yoʻnalishidagi 240 kilometr yoʻl foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, Guliston – Andijon, Dushanbe – Termiz, Buxoro – Turkmanboshi, Urganch – Hazorasp yoʻllarining muayyan qismlari qayta quriladi.

Sohaga xususiy sektor vakillari ham keng jalb qilinmoqda. Hududlardagi jami 260 kilometr yoʻllarning ekspluatatsiyasi autsorsing asosida tadbirkorlarga berildi. Osiyo taraqqiyot banki loyihasi doirasida 841 kilometr yoʻl qurilishida ilk bor toʻliq mahalliy pudratchilar qatnashishiga kelishildi.

Davlatimiz rahbari sohadagi muhim vazifalarni koʻrsatib oʻtdi.

– Oʻzbekistonning geografik joylashuvini eʼtiborga olsak, tashqi savdoda xalqaro yoʻllarning ahamiyati juda katta. Shu bois Andijon bilan Qoʻngʻirotni, Termiz bilan Toshkentni bogʻlaydigan jami 4 ming kilometrlik xalqaro yoʻllarimiz eng yuqori talablarga javob berishi shart, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Toshkent-Samarqand va Toshkent-Andijon oraligʻidagi pulli yoʻl loyihalarini jadallashtirish, ularni qatnov darajasi yuqori boʻlgan uchastkalarda qurish zarurligi qayd etildi. Bunday hollarda muqobil bepul yoʻl mavjud boʻlishi alohida qonun bilan belgilanadi.

Bugungi kunda 4 ming 700 ta koʻprik taʼmirtalab holatda. Uch yillik dastur ishlab chiqib, ularni bosqichma-bosqich taʼmirlash vazifasi qoʻyildi.

Hududlarda yoʻl boʻyi infratuzilmasi rivojlantirilib, savdo va xizmatlar tashkil qilinmoqda. Taqdimotda aytilganidek, bunga qoʻshimcha qariyb 4 ming kilometrlik xalqaro avtomagistrallarda 70 ta servis majmuasi barpo etiladi.

Yoʻl va suv tarmoqlari kabi infratuzilmaviy loyihalarda xalqaro moliya institutlari bilan yaqindan ishlash, xorijiy konsultantlarni jalb etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.