Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 sentyabr kuni yoʻl xoʻjaligi tizimini isloh qilish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Soʻnggi 6 yilda mamlakatimizda yoʻllar qurish va taʼmirlashga ajratilayotgan mablagʻlar 3 karra oshgan. Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi tarkibidagi korxonalarga 2 mingdan ziyod maxsus texnika xarid qilingan. Bular orqali 65 ming kilometr yoʻllar qurilgan va taʼmirlangan.
Oʻtgan yildan “Mening yoʻlim” loyihasi ham boshlanib, ichki koʻchalar aholi takliflari asosida qurilib taʼmirlanadigan tizim joriy qilindi. Shu yilning oʻzida 470 ta mahalladagi ichki yoʻllar uchun 410 milliard soʻm yoʻnaltirildi. Natijada 3 million 600 ming aholining mushkuli oson boʻldi.
Umuman, 3 mingga yaqin mahalla yoʻllariga ilk bor asfalt yotqizildi, yana 2 mingta mahalladagi tuproq yoʻllar shagʻal qoplamaga oʻtkazildi.
Lekin sohada bir qator tizimli muammolar ham bor. Asosiy kamchiliklardan biri – qurilayotgan yoʻllarning sifatsizligi. Yangi yoʻllar koʻp oʻtmay yaroqsiz ahvolga kelayotgani uchun yana taʼmirlanmoqda.
Yoʻllarni loyihalash meʼyorlari eskirgan. Ularning katta-kichikligi yoki hududlarning iqlim sharoitiga qaramay, bir xil andoza qoʻllanmoqda. Loyihalarda yoʻl boʻyi infratuzilmasi nazarda tutilmagani bois, aksariyat savdo va servis shoxobchalari tartibsiz joylashgan.
Sifat pastligining yana bir sababi – yoʻl nazoratining sustligi. Bu boradagi hozirgi talablar shundayki, texnik nazoratchilar asosiy vaqtini yoʻlning sifatini tekshirishga emas, pudratchining hujjatlarini oʻrganishga sarflaydi. Yoʻl qurilishida zamonaviy texnikalarni boshqara oladigan malakali kadrlar yetishmaydi.
Yoʻllarni monitoring qilishning avtomatlashgan tizimi yoʻqligi sababli qaysi yoʻldan qanday hajmda yuk oʻtayotgani maʼlum emas. Yoʻllarda uning yuk koʻtarish imkoniyatidan ogʻir boʻlgan transportlar ham harakatlanmoqda.
Yigʻilishda shu kabi muammolar tahlil qilinib, yangi chora va takliflar koʻrib chiqildi.
– Sifatli yoʻl odamlarning kayfiyati va iqtisodiyotimiz “arteriyasi” hisoblanadi. Shu bois yoʻl qurilishiga yangicha yondashuvlarni joriy qilib, sifatni oshirish, sohani raqamlashtirish va xususiy sektorni keng jalb qilish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yigʻilishda avtomobil yoʻllarini loyihalash, qurish, taʼmirlash va saqlash boʻyicha vazifalar belgilandi.
Avvalo, loyihalashni kompleks yondashuv asosida takomillashtirish zarurligi taʼkidlandi. Yaʼni, bugungi kun talabidan kelib chiqib, avtomobillar toʻxtash joyi, yoqilgʻi quyish shoxobchasi, ovqatlanish, savdo va texnik xizmat koʻrsatish obyektlari qayerda joylashishi, qayerda daraxt ekilishi loyihaning oʻzida mujassam boʻlishi kerak.
Davlatimiz rahbari yoʻl qurilishida “resurs” usulidan “hajm” usuliga oʻtish taklifini qoʻllab-quvvatladi. Bu borada Xalqaro konsultant muhandislar federatsiyasi standartlari qoʻl keladi. Unga koʻra, maxsus sertifikatga ega muhandislar yoʻl qurilishidagi barcha jarayonlarni nazorat qiladi va yakuniy sifatga javob beradi.
Ichki yoʻllarni qurish va taʼmirlash uchun byudjet mablagʻlari faqat “Mening yoʻlim” dasturi orqali ajratilishi aytildi.
– Endi qayerda ichki yoʻl qurish, qaysini taʼmirlashni odamlarimizning oʻzi hal qiladi. Shunday qilsak, loyihani tanlab olishda va sifatni taʼminlashda ochiqlik boʻladi, toʻliq jamoatchilik nazorati oʻrnatiladi, – dedi Prezident.
Kelgusi yil mazkur dastur uchun kamida 800 milliard soʻm ajratilishi belgilandi.
Maʼlumki, rivojlangan mamlakatlarda ham yoʻllarni qurish yoki taʼmirlash toʻliq davlat hisobidan amalga oshirilmaydi. Yurtimizda xususiy sheriklik boʻyicha qonuniy asoslar yaratilgan boʻlsa-da, yoʻl sohasida bu jarayon sust ketmoqda. Shu bois investorlarga qoʻyiladigan shartlar va davlatning majburiyatlarini aniq belgilab, yoʻl loyihalariga xususiy sheriklarni faol jalb qilish zarurligi qayd etildi.
Shuncha mablagʻ va mehnat bilan qurilayotgan yoʻllarni sifatli saqlash ham zarur. Masalan, chet ellarda yoʻllarda yuk transportlari vaznini oʻlchaydigan nazorat tarozilari oʻrnatiladi. Bunday tarozilarni mamlakatimizda ham xususiy sheriklik asosida oʻrnatish taklifi bildirildi.
Shaharlardagi yoʻllarni saqlash va atrofini koʻkalamzorlashtirish uchun obodonlashtirish boshqarmalari maxsus texnikalar bilan taʼminlanadi.
Bugungi kunda yoʻllarda huquqbuzarliklarni qayd etuvchi 2 ming 500 dan ziyod kamera va radarlar oʻrnatilgan. Aholi yashash joylarida cheklangan tezlik 60 kilometr-soatga tushirilgan. Natijada yoʻl-transport hodisalari 30 foizga kamaygan. Haydovchilarga qulaylik yaratish uchun “aqlli chorraha” va “aqlli svetofor” boshqaruv tizimlarini kengroq joriy qilish zarurligi aytildi.
Tumanlarda yoʻl va koʻpriklar qurish va taʼmirlash boʻyicha uch yillik dastur qabul qilish, yoʻl korxonalarini moliyaviy sogʻlomlashtirish va moddiy-texnik bazasini yaxshilash yuzasidan topshiriqlar berildi.
Umuman, yigʻilishda qayd etilgan barcha choralarni inobatga olgan holda, avtomobil yoʻllari sohasini rivojlantirish boʻyicha qaror loyihasi ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Soha mutasaddilari va viloyat hokimlari kun tartibidagi masalalar boʻyicha axborot berdi.