Yosh ijodkorlarga ilhom va ragʻbat ulashgan ZOMIN

0
42
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida tashkil etilib, anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari adabiyot sohasida izlanayotgan yoshlarni aniqlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Uch kunlik ushbu ijodiy loyiha Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Jizzax viloyati hokimligi hamkorligida adabiyot, kitobxonlik, isteʼdodlar bayrami sifatida oʻtkazildi.  

–Yoshlar ijodda marrani baland olishi kerak, – dedi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi,  Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Ehtimol hamma Zulfiya opa yoki Hamid Olimjon boʻlib ketmas. Ijod yoʻli eng mashaqqatli yoʻl. Soʻzda sehr, sheʼrda hikmat boʻladi, deb bejizga aytilmagan. Sheʼriyat – vijdon ishi. Abdulla Oripovdek ijodkorlar ham hech qachon «mening ijodim» deb balanddan gapirmagan. Yoshlar oʻz izlanishlari, pokiza intilishlari bilan Vatan ravnaqiga munosib hissa qoʻshishlarini istardim. Prezidentimiz ulugʻ orzu-niyatlar bilan shunday seminarlarni tashkil etganlar. Yoshlarga tiniq va joʻshqin ilhomlar tilab qolamiz. Oʻzi yemay farzandlariga ilingan xalqning farzandlarisizki, buning qadriga yetish kerak.  

–Seminarda tanlangan yoshlar ishtirok etmoqda, – dedi Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, bolalar shoirasi Umida Abduazimova. – Bolalar adabiyoti shoʻbasiga bolalarga ibratli soʻz ayta oladigan, ularning koʻngliga yoʻl topa oladigan ijodkorlar yigʻilganidan mamnunman. Oʻylaymanki, ushbu seminar yoshlar uchun oʻziga xos tajriba, ibrat maktabi boʻlib xizmat qiladi.  

–Bundan 27 yil avval Zomin seminarida ishtirok etganman, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tilini rivojlantirish departamenti rahbari Nodirjon Xolboʻtayev. – Oʻshanda Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf, Husniddin Sharipov singari ustoz shoirlarning soʻzlari yuragimizga taskin bergan. Ehtimolki, shu taskin bilan bugun ijodkor boʻlib yuribmiz. Mazkur seminarda bugun qatnashayotgan yoshlar kelgusida yetuk ijodkor boʻlib yetishishini tilayman.  

Darhaqiqat, seminar samimiy, fayzli oʻtdi. Mushoiralar, adabiy anjumanlar, muloqotlar, mahorat darslari, adabiyotning turli yoʻnalishlari boʻyicha shoʻba mashgʻulotlari boʻlib oʻtdi. Soʻlim goʻshalarga sayohatlar seminarga oʻzgacha ruh bagʻishladi.  

– Ushbu tadbirda ishtirok etganimdan juda mamnunman, – dedi Samarqand davlat universiteti talabasi Sardorbek Abdullayev. – Ushbu seminarda sheʼriyat yoʻnalishi boʻyicha qatnashdim. Sheʼrlarimni ustozlar koʻrigidan oʻtkazdik. Yangi doʻstlar orttirdik. Bu tadbirlar  biz uchun katta mahorat maktabi boʻldi.  

Seminar yakunida barcha ishtirokchilarga sertifikatlar, esdalik sovgʻalari topshirildi. Zomin adabiy seminari yakunlandi, lekin yoshlarning izlanishi, ijod yoʻlida oʻqib, oʻrganishi davom etaveradi. 

Nazokat Usmonova, OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.