Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasida madaniyat sohasida faoliyat yuritayotgan “Yoshlar klubi” aʼzolarining malakasini oshirishga qaratilgan maxsus “Bir tashkilotchiga besh ijodkor”, “Yosh madaniyat va sanʼat blogerlari” hamda “Teatrda uch kun” loyihalari doirasida oʻquv kurslari haftaligi boʻlib oʻtmoqda.
Haftalik ishtirokchilari uchun dastavval, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning “Madaniyat va sanʼatda moliyaviy boshqaruv” mavzusidagi seminar-treningi tashkil etildi. Madaniyat va sanʼat sohasi moliyaviy boshqaruvda yosh xodimlar nimalarga eʼtibor qaratishi lozim? Madaniyat vaziri bu borada muhim tavsiyalar berdi.
Seminar-treningda O.Nazarbekov yosh xodimlarga vazirlik tasarrufidagi madaniyat muassasalarini boshqarish siyosati, zamonaviy menejment va madaniy faoliyat, mafkuraviy immunitetni shakllantirishning dolzarb muammolari, sohani rivojlantirishda orttirilgan tajribalarga tayanish, dadillik bilan yangiliklar yaratish hamda jamoaviy hamjihatlikka erishish borasida atroflicha toʻxtalib, muhim tavsiyalar berib oʻtdi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yoshlarga yaratilgan keng imkoniyatlar xususida dars mashgʻulotlari oʻtkazildi. Yoshlar bilan kengaytirilgan tarzda mashgʻulotlar oʻtkazish jarayonida fikr-mulohazalar almashildi,
Mazkur “Yoshlar klubi” aʼzolarining oʻquv kurslari bir hafta davom qilishi rejalashtirilgan.
GUJUM.UZ