Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 fevral kuni yoshlar bandligini taʼminlash chora-tadbirlari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimizning kuchli ijtimoiy siyosatida yoshlar eng ustuvor yoʻnalish. Ularga sifatli taʼlim va kasb berish, intilishlarini qoʻllab-quvvatlash doimiy eʼtiborda. Har bir mahallada “Yoshlar bandligi dasturi” amalga oshirilmoqda, “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Madaniyat karvoni” tadbirlari va turli festivallar oʻtkazilmoqda.
Shu yil 21 fevralda Prezident farmoni bilan “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi qabul qilindi. Dasturda yoshlar muammolarini hal qilish va salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni talab yuqori boʻlgan kasb-hunarga oʻqitish orqali bandligini taʼminlash boʻyicha koʻplab vazifalar belgilangan.
Bu yil “yoshlar balansi” boʻyicha 925 ming yigit-qizning bandligini taʼminlash zarur. Shuningdek, kollej, texnikum va oliy oʻquv yurtlarini 300 ming yosh bitiradi.
Yigʻilishda ularni ishga joylashtirish, zamonaviy kasb-hunarlar va tadbirkorlikka jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Avvalo, yoshlarning biznes bilan shugʻullanishiga qoʻshimcha imkoniyatlar yaratilishi aytildi. Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizi shunga yoʻnaltiriladi. “Yosh tadbirkor” tanlovlari oʻtkazilib, gʻolib boʻlgan biznes loyiha va gʻoyalar egalari xorijiy davlatlarga malaka oshirishga yuboriladi.
Mutasaddilar yangi sanoat loyihalarida 100 ming, xizmatlar sohasida 150 ming, ish oʻrinlarini legallashitirish va oʻzini oʻzi band qilish orqali 200 ming nafar yigit-qiz bandligini taʼminlash toʻgʻrisida axborot berdi.
Hozirgi kunda yoshlarbop istiqbolli soha bu raqamli texnologiyalar. Shu bois Davlat dasturida “Har bir mahalladan ikki nafar dasturchi” loyihasi belgilangan. Shuningdek, bu yil axborot texnologiyalari sohasida 70 ming yoshni band qilish rejalashtirilgan.
Buning uchun qobiliyatli yigit-qizlarni aniqlab, IT-kasblar va xorijiy tillarni oʻrganishiga koʻmaklashish zarurligi taʼkidlanib, hokimlarga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Yoshlar ishlari agentligining “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali 1 million nafar oʻgʻil-qiz xorijiy tillarga bepul oʻqitiladi. Maktablardagi boʻsh sinf xonalari chet tili repetitorlari va oʻquv markazlari uchun bepul ijaraga beriladi. Qishloq joylardagi oʻquvchilarning oʻzlashtirishi yuqori boʻlgan 100 ta xususiy oʻquv markazining ijara xarajatlari 6 oygacha kompensatsiya qilinadi.
Shuningdek, xususiy kurslarda oʻqib, “C-1” sertifikatini olgan yoshlarga oʻqish xarajatlari, nemis, fransuz, koreys, yapon va xitoy tillari boʻyicha esa “B-2” darajasi sertifikatini olish xarajatlari qoplab beriladi. Yana bir yangilik – bu yil nafaqat sertifikat olishdagi imtihon xarajati, balki olti oylik oʻqish puli ham toʻlab beriladi.
“Ustoz” loyihasi doirasida 250 ming nafar yoshlar marketing, reklama, elektron savdo, IT-dizayner kabi 30 ta zamonaviy kasbga oʻrgatiladi.
Aholi bandligini taʼminlashda qishloq xoʻjaligida imkoniyatlar keng. Oldingi yillarda shu maqsadda 200 ming gektar paxta va gʻalla maydonlari qisqartirilib, dehqonchilik uchun odamlarga boʻlib berilgan edi. Bu yil yana 60 ming 500 gektar yer yoshlarga ajratilishi belgilangan.
Bundan samarali foydalanish uchun yangi tartib oʻrnatilishi qayd etildi. Unga koʻra, tuman hokimlari yerni suv taʼminoti yaxshi joydan ajratishga masʼul boʻladi. Har bir yoshga qancha maydon ajratish boʻyicha “mahalla yettiligi” taklif beradi. Yer olgan yoshlar Agrobankning “Fermerlar maktabi”da hosildor eksportbop ekinlar yetishtirishga oʻqitiladi. Mini-texnika, urugʻ va koʻchatlar sotib olishga “Yoshlar daftari” jamgʻarmasi hamda Fermerlar jamgʻarmasidan subsidiya ajratiladi. Dehqon yoshlarga eksportchi va qayta ishlovchi tadbirkorlar kooperatsiya asosida biriktiriladi. Bundan tashqari, meva-sabzavot kooperatsiyalariga banklar orqali 2 milliard soʻmgacha kredit ham beriladi.
Yigʻilishda Oʻzbekiston Prezidentining shu yil 18 yanvardagi “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosiga ham toʻxtalib oʻtildi. Mazkur farmonda 156 ta tumanda 15 ming 626 gektar qishloq xoʻjaligi yerlari onlayn auksion savdolariga chiqarilishi belgilangan.
Davlatimiz rahbari ushbu yerlarni aholiga yaqin, suvi va unumdorligi yaxshi joylardan ajratib, kooperatsiya asosida eksportbop ekinlar ekish muhimligini taʼkidladi. Hokimlarga qoʻshimcha yerlarni oʻzlashtirib, ish oʻrinlari uchun zaxira yaratib borish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti eshitildi.