Yoshlar – Oʻzbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi

0
158
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston yoshlari forumiga tashrif buyurib, mamlakatimizda birinchi bor oʻtkazilayotgan ushbu anjuman bilan barchani tabrikladi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

– Men har gal yoshlarimiz bilan uchrashganimda sizlarning gʻayrat-shijoatingizdan kuch-quvvat olaman, koʻnglim togʻday koʻtariladi. Har biringiz jonajon Vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilish orzusi bilan yonib yashayotganingizni yaxshi bilaman. Sizlarni Oʻzbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida qadrlayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev nutqining avvalida. 

– Biz yurtimizda qanday islohotlarga qoʻl urmaylik, avvalo, siz kabi yoshlarga, sizlarning kuch-gʻayratingiz, azmu shijoatingizga suyanamiz. Barchangiz yaxshi bilasiz, bugun oʻz oldimizga ulkan marralar qoʻyganmiz. Ona Vatanimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga kirishdik. Biz oila, maktabgacha taʼlim, maktab va oliy taʼlimni hamda ilmiy-madaniy dargohlarni boʻlgʻusi Renessansning eng muhim boʻgʻinlari deb hisoblaymiz. Shu sababli ayni ushbu sohalarda tub islohotlarni amalga oshirmoqdamiz. Ishonamanki, mamlakatimiz taraqqiyotining yangi poydevorini yaratishda sizlar singari fidoyi va vatanparvar yoshlarimiz faol ishtirok etib, munosib hissa qoʻshadilar.

Davlatimiz rahbari koronavirus pandemiyasi davrida yoshlar xalq dardiga darmon boʻlgani, “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatida koʻngilli sifatida qatnashib, qiynalgan oilalarga amaliy yordam berganini alohida taʼkidlab oʻtdi.

Maʼlumki, yoshlar bilan ishlash boʻyicha Toshkent shahri namunasi yaratilib, oʻgʻil-qizlarning muammolari, taklif va istaklarini bevosita oʻrganish yoʻlga qoʻyildi. Ushbu tajriba mamlakatimiz boʻylab keng qanot yozib, barcha shahar va tumanlarda Yoshlar festivallari oʻtkazildi.

– Koʻpchiligingiz ushbu tadbirlar doirasida vazirlar, hokimlar va boshqa mutasaddilar bilan ochiq muloqot qildingiz. Men ham mazkur jarayonlarni televideniye orqali shaxsan kuzatib bordim. Yoshlarimizning dolzarb masalalarni dadil koʻtarib chiqishi, kuyunchakligi menga juda maʼqul boʻldi. Dunyoqarashi keng, jonkuyar, ilgʻor fikrli farzandlarimiz koʻpligini koʻrib nihoyatda quvondim, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev endi Toshkent shahri tajribasi butun mamlakatimiz boʻylab joriy etilishini aytib oʻtdi. Bu borada Toshkent, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida allaqachon ishlar boshlab yuborildi. Yoshlarga doir davlat siyosatini samarali amalga oshirish maqsadida ularning ijtimoiy muammolarini tizimli asosda oʻrganish, bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish vazifasi mutasaddi tashkilotlarga yuklangan.

Bundan buyon viloyat, tuman va shahar hokimlari, vazirlar va masʼul rahbarlar yoshlar bilan uchrashuvlarni muntazam ravishda yoʻlga qoʻyadi. Hokimlar yoshlarning muammolarini hal etishga qaratilgan “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqib, ijrosini taʼminlaydi. Shu masala boʻyicha har 6 oyda mahalliy kengashlarga hisobot beradi va kelgusi yarim yillik uchun rejalarni belgilab oladi.

“Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida ishsiz va uyushmagan yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish tashkil etiladi. “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tamoyili asosida 1 nafar tadbirkorga 1 nafardan ishsiz yoshni biriktirish tashabbusi koʻplab tadbirkorlarimiz tomonidan faol qoʻllab-quvvatlandi. 2021 yilda kamida 500 ming nafar yoshni ish bilan taʼminlashi mumkin boʻlgan bu ezgu harakatni davlatimiz rahbari maʼqulladi.

– “Hunarli kishi xor boʻlmas”, deydi xalqimiz. Ammo keyingi paytda farzandlarimizning mohir hunarmandlar qoʻlida kasb-hunar oʻrganishiga yetarli eʼtibor berilmayapti. Vaholanki, ustoz koʻrgan oʻgʻil-qizlarimiz domlasiga munosib boʻlishga intiladi, ularning koʻmagi bilan hayotda oʻz oʻrnini topadi. Shu bois, hududlarda “ustoz-shogird” anʼanasini kuchaytirsak, oʻylaymanki, nur ustiga nur boʻladi. Bu ishga jalb etiladigan hunarmand ustalarni Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasidan moddiy ragʻbatlantirish tizimi joriy etiladi, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari erkin iqtisodiy zonalar boʻyicha mavjud tajriba asosida, hududlarda Yoshlar kichik sanoat zonalari tashkil etilishini eʼlon qildi. Bu sanoat zonalarida oʻsib kelayotgan avlod vakillarining biznes loyihalari joylashtiriladi.

– Yoshlarning loyihalarini moliyalashtirish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida alohida jamgʻarma tashkil etiladi va unga 100 million dollar mablagʻ ajratiladi. Jamgʻarma yoshlarning loyihalarini roʻyobga chiqarish uchun qulay shartlarda va past foizlarda moliyalashtiradi. Bundan tashqari, kichik sanoat zonalarida ishlab chiqarish binolari qurilib, yoshlarga imtiyozli shartlarda ijara va lizing asosida beriladi.

Forumda mutasaddilarga shu borada koʻrsatmalar berildi.

– Bugun oʻz tengdoshlariga ibrat boʻlayotgan, jamiyatdagi yangilanishlar jarayonida faol ishtirok etayotgan yoshlarimiz juda koʻp. Lekin, hayotda oʻz oʻrnini topishga qiynalayotgan, adashgan, koʻmakka muhtojlari ham yoʻq emas. Shuning uchun yoshlar, ayniqsa, ularning uyushmagan qatlami bilan masʼullar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot oʻrnatishga xizmat qiladigan “Yoshlar murojaati” elektron platformasini yaratish vazifasi topshiriladi, – dedi davlat rahbari.

Navqiron avlod vakillarida biznes koʻnikmalarini rivojlantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Yaqinda oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrovlar aksariyat yoshlarimizda ijobiy motivatsiya, biznes va tadbirkorlik sohasida zarur bilim va malaka yetishmasligini koʻrsatdi. Demak, ularda tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirishga qaratilgan ishlarni yanada kuchaytirish lozim, dedi Shavkat Mirziyoyev. Shuni inobatga olib, kasb-hunar hamda tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻqitish orqali maxsus sertifikat olgan yoshlarga Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz past stavkada mikrokreditlar ajratish yuzasidan zarur choralar koʻriladi. Bu kreditlar 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan beriladi.

Ushbu maqsadlar uchun 2021 yilda 45 million dollar ajratilishi, shuningdek, yoshlarning tadbirkorlik loyihalari uchun Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida har bir viloyatga 100 milliard soʻmdan kredit mablagʻlari yoʻnaltirilishi qayd etildi.

– Bugun oʻgʻil-qizlarimizni qiynayotgan jiddiy muammolardan biri – oʻqishni tamomlagan yoshlar bandligi, – deya soʻzida davom etdi Prezident. – Koʻplab maktab va kollej bitiruvchilari, baʼzan oliy maʼlumotli yigit-qizlar ham, ish topishda qiyinchilikka uchramoqdalar.

Maʼlumki, hozirgi vaqtda Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlarida 7-11-sinf oʻquvchilariga taʼlim berish bilan birga ularni eng kamida bitta kasbga oʻrgatish amaliyoti joriy etilgan. Oʻquvchi 11-sinfga oʻtdimi, u tuman yoki shahar hokimligining bevosita eʼtiborida boʻlishi belgilangan.

– Tashkilotlar yosh mutaxassisni ishga olishdan manfaatdor boʻlishi kerak. Shu sababli, hukumatga yosh kadrlar uchun belgilangan sinov muddati davrida ish beruvchilarga imtiyozlar taqdim etish masalasini koʻrib chiqish vazifasi topshiriladi, – dedi Prezident.  

Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarini qoʻllab-quvvatlash va yosh oilalarni uy-joy bilan taʼminlash ham ustuvor vazifalardan biri.

Oʻtgan uch yil mobaynida mamlakatimiz boʻyicha 5 ming 100 tadan ortiq namunali yosh oilaga arzon uy-joylar qurilib, qariyb 200 milliard soʻm miqdorida boshlangʻich badal pullari toʻlab berildi. Buning mantiqiy davomi sifatida 2021-2023 yillarda Yoshlar uylarini qurish dasturini ishlab chiqib, amalga oshirish vazifasi belgilandi.

– Xalqimiz azaldan oilani muqaddas bilib, uni asrab-avaylab keladi. Oila mustahkam boʻlsa, jamiyat barqaror boʻladi. Bir narsani unutmasligimiz lozim: xonadonlarimizdagi tinchlik-totuvlik, avvalo, oiladagi sogʻlom muhitga, mustaqil hayot ostonasida turgan qizlarimizni oilaviy turmushga tayyorlash bilan bevosita bogʻliq, – dedi davlatimiz rahbari.

Joriy yilning oʻtgan 11 oyi davomida yosh oilalar oʻrtasida 25 mingga yaqin ajralish boʻlgani afsus bilan qayd etildi.

– Men, bugungi imkoniyatdan foydalanib, keng jamoatchilikka, avvalambor, koʻpni koʻrgan moʻtabar nuroniylarimizga, oqila va mehribon onalarimizga murojaat etmoqchiman. Bu ogʻriqli masalada bizga yordam beringlar, deb iltimos qilaman. Oilaviy nizolarning oldini olish, ajrimlarni kamaytirish borasida siz, aziz yoshlarimiz ham, tashabbus va faollik koʻrsatsangiz, men barchangizdan cheksiz minnatdor boʻlar edim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentning yoshlarga murojaatining davomi bor.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.