Yoshlar siyosatiga oid vazifalar ijrosi tahlil qilindi

0
118
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 13 aprel kuni yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Maʼlumki, 2021 yil mamlakatimizda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nomlanib, bu borada davlat dasturi qabul qilindi. 27 yanvar hamda 10 fevral kunlari boʻlib oʻtgan yigʻilishlarda joriy yilgi muhim vazifalar yana bir bor qayd etilib, masʼullar belgilangan edi.

Bugungi yigʻilishda ushbu vazifalar ijrosining borishi, vazirlar, viloyat, tuman va shahar hokimlari, sektor rahbarlari, oliy taʼlim muassasalari rektorlari yoshlarga oid ishlarni qanday tashkil etgani koʻrib chiqildi.

Mamlakatimiz boʻyicha 648 ming nafar ishsiz “Yoshlar daftari”ga kiritilgan boʻlsa, birinchi chorakda shundan 283 mingining bandligi taʼminlangan. Xususan, 175 ming nafar yoshga 45 ming gektar yer maydoni ajratilgan.

Yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish maqsadida 36 mingta qoʻshimcha toʻgarak tashkil etilib, 874 mingga yaqin oʻgʻil-qiz jalb etilgan. “Besh muhim tashabbus” doirasida taʼlim muassasalari, kutubxona va oʻquv markazlariga 97 mingta sanʼat va sport inventari, kompyuterlar, 562 mingta badiiy kitob yetkazib berilgan.

Lekin, ayrim hudud va sohalarda yoshlar masalalariga eʼtibor hali ham talab darajasida emasligi koʻrsatib oʻtildi. Misol uchun, Andijon viloyatida birinchi chorakda atigi 5 mingga yaqin yosh doimiy ishga joylashtirilgan. Ammo, ayni paytda hududdagi sanoat korxonalari va klasterlarda 7 mingta doimiy vakant ish oʻrni mavjud.

Ishsiz yoshlarni kasb va tadbirkorlikka oʻqitish, mablagʻ bilan taʼminlashda ham kamchiliklarga yoʻl qoʻyilmoqda. Xususan, “1+1” dasturi doirasida 100 ming nafar yoshni oʻqitib, keyin ularga imtiyozli kredit ajratish belgilangan boʻlsa-da, Savdo-sanoat palatasining quyi tuzilmalari bu ishlarni tizimli tashkil eta olmayapti.

Misol uchun, uch oyda respublika boʻyicha 21 ming nafar yosh tadbirkorlikka oʻqitilgan. Toshkent shahrida atigi mingta, Namanganda esa 1 100 ta sertifikat berilgan. Buxoroda esa bor-yoʻgʻi 216 nafar yosh kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitilgan.

Bundan tashqari, ishsiz yoshlarning bandligini taʼminlash Surxondaryo viloyatida 30 foizni tashkil etib, bu respublikadagi eng past koʻrsatkich. Xuddi shu kabi Xoʻjaylida atigi 16 nafar, Furqatda 27 nafar, Ulugʻnorda 78 nafar, Angorda 82 nafar ishsiz yoshlar “1+1” loyihasi bilan qamrab olingan.

Yigʻilishda bunday oʻziboʻlarchilik holatlari qattiq tanqid qilindi. Yoshlar bilan ishlashni lozim darajada tashkil etmagani uchun Surxondaryo viloyati hokimining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari, Furqat va Ulugʻnor tumani hokimlari, Shofirkon, Qamashi, Xiva, Chust, Xoʻjayli va Angor tumanlaridagi ayrim sektor rahbarlari lavozimidan ozod etiladigan boʻldi. Yana qator mutasaddilar qatʼiy ogohlantirilib, vaziyatni oʻnglashi uchun muhlat berildi.

Galdagi vazifalar ijrosini tashkil etish, yoshlar bilan ishlaydigan muassasalarga imkoniyatlarni kengaytirish chora-tadbirlari belgilandi.

Eng muhim vazifa, avvalo, yoshlar bandligini taʼminlash, munosib daromad olishi uchun ularga sharoit yaratib berish. Bu boradagi eng katta imkoniyat va zaxiramiz bu – tadbirkorlik, ayniqsa, kichik va oʻrta biznesdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash borasidagi imkoniyatlarni yanada kengaytirish va bandligini taʼminlash boʻyicha yangi mexanizm joriy etish vazifasi qoʻyildi. Bu tizimda xalqqa ham, tashkilotlarga ham maʼqul boʻladigan bir qancha imtiyozlar belgilanadi.

Jumladan, 1 maydan boshlab yoshlarni ishga qabul qilgan korxona va kompaniyalarga ushbu xodimlar uchun toʻlangan ijtimoiy soliq qaytarib beriladi.

Shuningdek, 1 iyundan boshlab, “yoshlar daftari”ga kirgan talabalar korxona va kompaniyalarda amaliyot oʻtaganda, ularga 500 ming soʻmgacha subsidiya ajratiladi.

Birinchi marta ishga kirgan kasb-hunar markazi bitiruvchilari 6 oygacha daromad soligʻi toʻlashdan ozod etiladi.

“Yoshlar daftari”ga kirgan 5 nafardan ortiq ishsizlar bandligini taʼminlagan tadbirkorlarga 1 maydan boshlab davlat mulki ijarasi uchun 50 foizgacha imtiyoz beriladi.

Shuningdek, ijaraga bino olib, oʻz biznesini boshlayotgan yoshlarga, bir yillik ijara summasining 30 foizigacha qismi qoplab beriladi.

 “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigitlar va mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga haydovchilik guvohnomasini olish, bir oylik harbiy xizmatni oʻtash xarajatlari byudjetdan toʻlab beriladi.

Shuningdek, 1 iyundan boshlab “yoshlar daftari”ga kirganlarning xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlari boʻyicha nodavlat taʼlim tashkilotlarida oʻqishi xarajatining bir qismi qoplab beriladi.

Shu bilan birga, 1 iyuldan boshlab xususiy korxonalarda yangi ish boshlagan xodimlarni  qayta tayyorlash xarajatining 1 million soʻmgacha boʻlgan qismiga subsidiya beriladi.

Bundan tashqari, yoshlarning professional taʼlim maktablari, texnikumlarda oʻqishi uchun toʻlanadigan kontrakt summasi daromad soligʻidan ozod qilinadi.

Yoshlar bandligini taʼminlashdagi yana bir muhim yoʻnalish – qishloq xoʻjaligi. Bugungi kunda respublika boʻyicha 21 ta tumanda 2 mingdan 4,5 ming nafargacha yoshga dehqonchilik uchun yer ajratilgan.

Davlatimiz rahbari yer olgan yoshlar agrotexnik tadbirlarni bajarib, daromad ola boshlaguncha fermer va klasterlar amaliy yordam koʻrsatishi muhimligini taʼkidladi.

Bu sohada ham aholini qoʻllab-quvvatlash maqsadida “yoshlar daftari”ga kirganlarga urugʻlik va koʻchatlar xaridi uchun 2 million soʻmgacha subsidiya berish zarurligi qayd etildi.

Moliya vazirligiga subsidiyalar berishning ochiq-oshkoraligini taʼminlash maqsadida “elektron platforma” yaratish vazifasi qoʻyildi.

Yana bir masala – har bir mahalla va xonadonni sifatli tibbiy xizmatlar bilan qamrab olish uchun malakali oʻrta boʻgʻin tibbiyot xodimlarini koʻpaytirish zarur boʻlmoqda. Birgina tibbiy brigadalarga kamida 7 ming nafar oʻrta tibbiyot xodimlari kerak.

Shuning uchun, sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlarning davomi sifatida joriy yilda qoʻshimcha 20 minggacha oʻrta tibbiyot va ijtimoiy xodimlar shtatini tashkil etish hisobiga minglab yoshlar uchun yangi ish oʻrinlari yaratish zarurligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

Bugungi kunda “Barkamol avlod” bolalar markazlari bor-yoʻgʻi 175 ming nafar yoshlarni qamrab olgan xolos. Shu bois ushbu muassasalar imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish, har bir maktabda ularning tarmoq filiallarini tashkil etish orqali qamrovni oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Turli festival va musobaqalar oʻtkazib, yoshlarni sport, madaniyat va sanʼatga qiziqtirish, nufuzli xalqaro tanlovlarga olib chiqish izchil davom ettiriladi.

Davlatimiz rahbari har bir oliy oʻquv yurti yon-atrofidagi mahallalar uchun maʼnaviyat markazi, madaniyat oʻchogʻi boʻlishi kerakligi, bu borada rektorlarning oʻrni umuman sezilmayotganini taʼkidladi.

Yigʻilishda talabalarning yashash sharoitlari masalasiga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Bugungi kunda 130 mingdan ziyod talaba ijarada yashamoqda. Bu masala boʻyicha hukumat tomonidan alohida dastur tayyorlanmoqda. Unga koʻra, bunday yoshlarga 1 maydan boshlab ijara toʻlovining yarmi davlat tomonidan qoplab beriladi. Dastlabki bosqichda ushbu tizim orqali 60 ming nafar yoshlar qamrab olinadi. Shu bilan birga, ehtiyojmand talabalarga ushbu xarajatlar hokimliklar va oliygohlar mablagʻi hisobidan ham qoplab beriladi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning hisoboti eshitildi.  

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.