Yoshlar va xotin-qizlar bandligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi

0
123
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 iyul kuni yoshlar va xotin-qizlar bandligini oshirish, ularni daromad manbai bilan taʼminlash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Yarim yildan buyon butun dunyo kuchaytirilgan karantin sharoitida yashamoqda. Bu murakkab davrda hamma davlatlarda eng asosiy muammo aholining ehtiyojmand qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, daromad bilan taʼminlash boʻlib qolmoqda.

Oʻzbekistonda ishsizlarning 732 ming nafari yoshlar, 834 ming nafari xotin-qizlardir.

Yoshlar muammolarini samarali hal etish maqsadida joriy yil 30 iyunda “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident farmoni qabul qilindi. Ushbu farmonga muvofiq, yoshlar siyosatini yuritishda davlat idoralari oldiga masala qoʻya oladigan, zarur vakolat va moliyaviy resurslarga ega boʻlgan Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi.

Xotin-qizlar bilan ishlash uchun Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligida vertikal tizim yaratildi.

Yigʻilishda davlatimiz rahbari yoshlar va xotin-qizlarning muammolarini hal etish muhimligini taʼkidlab, bu borada alohida eʼtibor qaratish zarur boʻlgan yoʻnalishlarni koʻrsatib oʻtdi.

Avvalo, maktab bitiruvchilarini oʻqish va ishga jalb etish masalalari muhokama qilindi. Joriy yilda umumtaʼlim maktablarini 452 ming oʻgʻil-qiz tamomladi. Ularning 70 mingi oliy taʼlim, 85 mingi professional taʼlimga kiradi. 95 mingdan ziyodi ishga joylashgan taqdirda ham, yana 200 mingga yaqin yoshlarning bandligini taʼminlash zarurligi taʼkidlandi.

Maktabdanoq kasbga oʻqitish tizimi joriy etilishi belgilandi. Navbatdagi oʻquv yilidan boshlab maktab direktori va oʻqituvchilarga oʻquvchilarning oliy taʼlimga kirishi, kasb egallab, oʻz ishini topishi darajasiga qarab oshirilgan ish haqi toʻlanadi. Buning uchun 7-sinfdan boshlab oʻquvchilarning kasblar kesimida qiziqishi aniqlanadi. 8-9-sinf oʻquvchilari dasturchi, dizayner, tarjimon kabi istiqbolli kasblar uchun poydevor boʻladigan bilim va koʻnikmalarni egallaydi. 10-sinfdan robototexnika, dasturlash kabi talab yuqori kasblarga oʻrgatish yoʻlga qoʻyiladi.

Joriy yil oxirigacha mahallalarda 136 ta kasb-hunar oʻqitish maskani, qisqa muddatli kasb-hunarga oʻqitish kurslarini tashkil etib, 31 ta kasb-hunarga oʻqitish markazlarini jihozlash boʻyicha topshiriq berildi. Bu maqsadlar uchun Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasiga 200 milliard soʻm ajratish, oʻquv kurslarini, avvalo, kambagʻallik eng yuqori boʻlgan mahallalarda tashkil etish kerakligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda mehnat bozoridagi bugungi talab va yoshlarning ularga tayyorligi masalasi ham tahlil qilindi.

Joriy oʻquv yilida 339 ta kasb-hunar maktablari, 212 ta kollej, 175 ta texnikumda 215 ming nafar yoshlarning taʼlim olishi rejalashtirilgan. Lekin bu taʼlim maskanlaridagi yoʻnalishlar na son, na sifat boʻyicha talabga javob beradi.

Misol uchun, mamlakatimizda katta koʻlamda qurilishlar boʻlayotgan bugungi davrda yiliga kamida 50 ming nafar professional quruvchiga ehtiyoj bor. Biroq, qurilish yoʻnalishida 170 ta kollejda 13 ming mutaxassis tayyorlash rejalashtirilgan, xolos.

Yoki IT-texnologiyalar boʻyicha “Bir million dasturchi” loyihasi boshlanganiga qaramay, kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlarga ushbu mutaxassisliklar boʻyicha bor-yoʻgʻi 12 ming nafar oʻquvchi qabul qilinadi.

Davlat rahbari bu kabi kamchiliklarni koʻrsatib, mehnat bozorida ishchi kasblarga real ehtiyojni har bir tarmoq va soha kesimida aniqlash, talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda oʻqitish dasturi ishlab chiqish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.