Yoshlar va xotin-qizlar uchun zamonaviy mehnat sharoitlari yaratilmoqda

0
260
marta koʻrilgan.
 

Navroʻz mahallasi hududidagi bu joy ilgari toshloq, foydalanilmaydigan yer edi. Lekin kommunikatsiya va logistika jihatidan juda qulay.

Shu bois 7 gektar maydonda ushbu sanoat zonasi tashkil etildi. Bu yerda toʻqimachilik, charm-poyabzal, mebelsozlik, oziq-ovqat sanoati boʻyicha 28 ta loyiha joylashtirilgan. Bugungi kunda ularning 12 tasi ishlab chiqarish faoliyatini boshlagan. Barcha korxonalarda mingdan ortiq ish oʻrni yaratiladi.

Davlatimiz rahbari korxonalardan birida ishlayotgan ayollar bilan suhbatlashdi.

— Inson qadrini ulugʻlash boʻyicha harakatlarimizda ayollarga alohida ahamiyat qaratayapmiz. Ayol bu — oila degani, barkamol farzandlar degani. Nima uchun “Ayollar daftari” tashkil qildik? Har bir ehtiyojmand xotin-qizga eʼtibor qilish uchun. Sizning ham baʼzilaringiz “mening qoʻlimdan kelmaydi” deb oʻylagan boʻlishingiz mumkin. Qila olar ekansiz-ku. Sizlarda mana shunday ishonch boʻlishi uchun, qizlarimiz kasb-hunarli boʻlishi uchun bundan keyin ham hamma imkoniyatlarni ishga solamiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bunday sanoat zonalarini chekka tumanlarda ham ochib, unga yoshlarni jalb etish, kasbga oʻrgatish va tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha topshiriq berildi.

Prezidentimiz Toshloq tumanidagi “Agro impex valley” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan ham tanishdi. Qiymati 100 milliard soʻmdan ziyod boʻlgan ushbu korxona 2020 yilda ishga tushirilgan. Bu yerda “Amira tekstil” belgisi ostida tayyor kiyim-kechaklar ishlab chiqarilmoqda. Shuningdek, yozgi poyabzallarning uski qismi ham tayyorlanadi.

Davlatimiz rahbari shu yerda Toshloq tumanida ishlab chiqarilayotgan sanoat va hunarmandchilik mahsulotlarini koʻzdan kechirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.