Yoshlarning sport bilan shugʻullanishiga sharoitlar kengaytiriladi

0
12
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 noyabr kuni yoshlarni sportga keng jalb etishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi hamda Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili boʻyicha davlat dasturi doirasida navqiron avlodga keng imkoniyatlar yaratilmoqda. 10 milliondan ziyod aholi ommaviy sport bilan shugʻullanmoqda. Barcha hududlarda, taʼlim va mehnat jamoalarida turli musobaqalar oʻtkazilmoqda.

Davlat dasturida jamoaviy sport turlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirish vazifasi belgilangan. Shunga muvofiq, qator chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.  

Masalan, jamoaviy sport turlari boʻyicha “Mahalla ligasi” va “Maktab ligasi” musobaqalarini yoʻlga qoʻyish taklif etilmoqda. Davlat oliy taʼlim muassasalarida sport klublari tashkil qilish, ular oʻrtasida “Talabalar ligasi”, “Vazir kubogi” va “Rektor kubogi” kabi musobaqalar oʻtkazib borish koʻzda tutilmoqda.

Jamoaviy sport turlari boʻyicha milliy ligalar qoʻllab-quvvatlanadi. Mahalliy hokimliklar huzurida hududiy sport klublari tuziladi. “ERP Sport” elektron tizimida iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va seleksiya qilish joriy etiladi.

Yoshlarning sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

Taklifga koʻra, haftaning har payshanba kuni “jismoniy tarbiya va sport kuni” sifatida belgilanadi. Jalb qilingan yoshlar soni hamda erishilgan natijalarga qarab, sport maktablari xodimlariga ustama beriladi. Shuningdek, infratuzilmadan kelib chiqib, muassasalar muayyan sport turlariga ixtisoslashtirib boriladi.

Tizim maktablarida ommaviy sport boʻyicha trener-seleksioner lavozimini joriy etilib, ularga beshtagacha mahalla va taʼlim muassasalari biriktiriladi. Mahallalarda toʻgaraklar tashkil etgan trenerlar qoʻshimcha ragʻbatlantiriladi.

Prezident sport sohasi yoshlarga oid davlat siyosatining katta yoʻnalishi ekanini taʼkidlab, joylarda bu boradagi qulayliklarni kengaytirish, yosh avlodni har tomonlama yetuk etib tarbiyalash boʻyicha fikrlarini bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.