Poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuniga bagʻishlab taʼsis etilgan jurnalistika sohasidagi “Oltin qalam” XIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov gʻolib va sovrindorlarini taqdirlashga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.
Shu munosabat bilan mazkur saroyga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, barcha turdagi media tuzilmalarning vakillari, oliy taʼlim dargohlarining professor-oʻqituvchilari, yosh ijodkorlar, mamlakatimizdagi diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlarning vakillari taklif etildi.
Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi S.Hakimov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakat hayotida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar jamiyatimizga yangicha nafas, teran nigoh, mutlaqo oʻzgacha ruh, odamlar tafakkurida keskin ijobiy burilishlar yasaganini taʼkidladi. Davlatimiz rahbari 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida jamiyatimiz hayotida demokratik prinsiplarni mustahkamlashda ommaviy axborot vositalari muhim va taʼsirchan omil ekaniga asosiy eʼtiborni qaratdi.
Bu borada chinakam professional zamonaviy jurnalistikani shakllantirish, xususan, nodavlat ommaviy axborot vositalarini, axborot va tahliliy internet saytlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash dolzarb ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi.
Ayni paytda yurtimizda faoliyat koʻrsatayotgan mulk shakli, yoʻnalishi, axborot uzatish tarzi turlicha boʻlgan ommaviy axborot vositalari uchun yuqori bilim va malakaga ega boʻlgan kadrlar zarurligini, jamiyatda kechayotgan islohotlarning ahamiyati va mohiyatini keng jamoatchilik va xalqimizga tez, xolis, haqqoniy yetkazib beruvchi media-mutaxassislarga boʻlgan talab tobora ortib borayotganini davrning oʻzi koʻrsatmoqda.
Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Milliy teleradiokompaniya, Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi va “Uzreport” axborot agentligi kabi bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda oʻtkazib kelinayotgan “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov xalqaro jurnalistikaning eng yuksak yutuqlarini keng ommalashtirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Shu bilan birga mazkur tanlov media sohasi vakillarining fuqarolik pozitsiyasini namoyon etishi hamda jurnalistlarda tanqidiy-tahliliy mushohada va oʻz faoliyatlariga yangicha yondashuvni takomillashtirishda muhim omil boʻlmoqda.
Bugun respublikamizda faoliyat koʻrsatayotgan ommaviy axborot vositalarining umumiy soni 1500 dan oshdi. Mavjud bosma davriy nashrlarning 53 foizi, teleradiokanallarning 85 foizini nodavlat ommaviy axborot vositalari tashkil etmoqda. 330 dan ziyod veb-sayt OAV sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlib, ularning 98 foizi nodavlat sektor ulushiga toʻgʻri keladi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, tanlov bu yil oʻn uchinchi marotaba oʻtkazildi. Milliy media olamda eng nufuzli boʻlgan “Oltin qalam” tanlovida oʻtgan yillar davomida 6000 dan ortiq jurnalistning 90 000 ga yaqin ijodiy ishi koʻrib chiqildi. 260 nafar hamkasbimiz tanlov gʻolibiga aylandi. Mazkur tanlovlarni oʻtkazish va gʻoliblarni taqdirlash uchun jami 1 milliard 570 million soʻm miqdorida pul mukofotlari ajratildi. Shuningdek, 80 dan ortiq ijodkor mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan nufuzli xalqaro tashkilotlar – BMT, YUNYeSKO, Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Jahon banki, YUNEYDS, YUSAID, Sloveniyaning «Mintaqaviy muloqot» xalqaro tashkiloti va chet el diplomatik korpuslarining Oʻzbekistondagi vakolatxonalari tomonidan taʼsis etilgan mukofotlar bilan taqdirlandi.
Bu yilgi “Oltin qalam” XIII Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovda 523 nafar jurnalist 7100 dan ortiq ijodiy ishi bilan qatnashdi. Hakamlar hayʼati xulosasiga koʻra tanlovning Bosh milliy mukofoti berilmadi. Tanlov ishtirokchilari orasidan televideniye, radio, bosma ommaviy axborot vositalari va internet-jurnalistika yoʻnalishlari boʻyicha gʻoliblar, shuningdek, “OAVda kitobxonlik madaniyati targʻib qilingan eng yaxshi material uchun”, “Chet ellik jurnalistning Oʻzbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun”, “Eng yaxshi matbuot xizmati” va “Eng yaxshi fotoreportaj uchun” ragʻbatlantiruvchi mukofotlar sohiblari aniqlandi. Taqdim etilgan ishlarni oʻrganishda bugungi shiddatli davr talablari, teran tahlil, soʻzga masʼuliyat, ifoda mahorati, ijodiy faoliyatga yangicha yondashuv kabi jihatlarga asosiy eʼtibor qaratildi.
Tanlovni oʻtkazish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar “Ilhom” jamoat fondi mablagʻlari hisobiga moliyalashtirilmoqda.
Taqdirlash marosimida YUNYeSKO, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazining filiali (RETSSA), YUSAIDning Sil kasalligiga qarshi kurash dasturi, DVV International (Germaniya), Gyote instituti, «Mintaqaviy muloqot» (Sloveniya) kabi xalqaro tashkilotlarning Oʻzbekistondagi vakolatxonalari, AQSH, Turkiya, Ozarbayjon, Gruziya va Xitoy Xalq Respublikalarining elchixonalari, shuningdek, milliy hamkorlar – Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi ham oʻz mukofotlarini topshirdilar.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda milliy jurnalistikani rivojlantirish yoʻlidagi eʼtibor uchun minnatdorlik bildirib, bugungi tezkor davr ijodkorlardan oʻz kasbiga sadoqat, fidoyilik, katta masʼuliyat bilan yondashuvni talab etayotganini taʼkidladi.
– Jamiyatda kechayotgan islohotlarni teran tahliliy nazar, xolis va haqqoniy munosabat va yondashuv asosida baholash biz – jurnalistlarning asosiy burchi, – deydi televideniye yoʻnalishi boʻyicha birinchi oʻrin sohibasi, Milliy teleradiokompaniyaning «O‘zbekiston – 24» telekanali boʻlim mudiri Nazira Mambetsharipova. – Bugungi kunda barcha jabhalar kabi ommaviy axborot vositalarini yanada ravnaq toptirish, soha xodimlarining erkin va samarali mehnat qilishi uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. Bizga bildirilayotgan yuksak ishonchga munosib boʻlish, uni oqlash burchimizdir.
Tadbir doirasida taniqli sanʼat ustalari, oʻzbek milliy estradasining yulduzlari va yosh sanʼatkorlar ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
Nazokat Usmonova, Otabek Mirsoatov (surat), OʻzA