«Yunusobod» va «Turkiston» metro bekatlarida qurilish-montaj ishlari jadal olib borilmoqda.

0
270
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 oktyabr kuni Toshkent metropolitenining Yunusobod yoʻnalishida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi.

Shahar aholisi va mehmonlariga qulaylik yaratish maqsadida poytaxtimizda yangi transport bogʻlamalari, metroning yerosti va yerusti yoʻnalishlari barpo etilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining 2016 yil 7 noyabrdagi qaroriga muvofiq, metropolitenning Yunusobod yoʻnalishi ikkinchi bosqichi barpo etilmoqda. 

Obyektning umumiy qiymati 103,8 million dollar boʻlib, qurilish boshlanganidan buyon 67,5 million dollarlik ishlar bajirilgan. «Shahriston» bekatidan qariyb 3 kilometr yoʻl tortilib, ikkita yangi stansiya qurilgan. Tunnelning oʻng qismi toʻliq burgʻilanib, temir-beton bilan mustahkamlangan. Chap tunnelni burgʻilash, tashqi muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini koʻchirish ham tez kunlarda yakunlanadi. «Yunusobod» va «Turkiston» metro bekatlarida qurilish-montaj ishlari jadal olib borilmoqda.

Prezident boʻlajak «Turkiston» bekatini koʻzdan kechirib, qurilish sifati va yoʻlovchilar uchun qulayligiga alohida eʼtibor qaratdi. 

– Bu yoʻl va bekatlar xalqimizga xizmat qiladi. Shuning uchun eng muhimi – sifat, – dedi Shavkat Mirziyoyev.  

Qurilishga Germaniya texnologiyasi va mutaxassislari jalb etilgan. Sifat va xavfsizlik ham Germaniya standartlariga muvofiq boʻladi.

Davlatimiz rahbari bu yerga oʻtgan yilgi tashrifi chogʻida metropoliten va avtobus qatnovlarini optimallashtirish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi.

Hisob-kitoblarga koʻra, mazkur bosqichning ishga tushirilishi natijasida Yunusobod tumanida qatnaydigan avtobuslar soni va masofasi ancha qisqarib, kuniga 5,5 tonna yoqilgʻi iqtisod qilinadi. Yoʻlovchilarning manziliga yetib olishi 20 daqiqaga tezlashadi.

Umuman olganda, bugungi kunda Toshkent metropolitenidan kuniga 240 ming yoʻlovchi foydalanadi. Jami 21 kilometrdan iborat uchta yangi — Yunusobod, Sergeli va Qoʻyliq yoʻnalishlari qurilishi natijasida yana 150 mingdan ziyod kishi qamrab olinishi rejalashtirilgan. Bu aholiga katta qulaylik yaratish bilan birga koʻchalardagi tirbandlikni bartaraf etishda muhim omil boʻladi.

— Biz bu ishlarni aholi talabini inobatga olib va kelajakni oʻylab qilyapmiz. Agar bugun qilmasak, shaharda tirbandlik yana ortadi. Jamoat transporti har tomonlama qulay va arzon, avtomashinada yurishdan koʻra afzal boʻlishi kerak. Bu yoʻlovchilar xavfsizligi, shahar ekologiyasi uchun ham juda muhim, — dedi Prezident. 

Shu yerda «Buyuk ipak yoʻli» metro bekatidan «Toshkent traktor zavodi» avtoshohbekatigacha boʻlgan yangi yoʻnalish, Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminali loyihalari taqdimoti oʻtkazildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.