Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 oktyabr kuni ushbu zamonaviy ishbilarmonlik markazi loyihasi bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 2 avgustdagi «Respublika hududlarida «Business city» zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qaroriga muvofiq taklif etilayotgan ushbu majmua Yunusobod tumanining 2-Otchopar mahallasidagi 45,5 gektar maydonda qurilishi rejalashtirilgan. Unda savdo markazlari, biznes ofislar, koʻngilochar maskanlar, saylgohlar, turar joylar va boshqa obyektlar boʻlishi moʻljallangan.
Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, loyihaning qiymati 500 million dollar boʻlib, 2019-2023 yillarda amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.
Prezidentimiz yangi ishbilarmonlik markazi qurilishida relyefdan oqilona foydalanish, dunyo shaharlari tajribasini oʻrganish zarurligini qayd etdi. Uni barpo etishga xorijiy investorlar, tajribali loyihachi va quruvchilarni jalb etish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Shu yerda Yunusobod tumanidagi koʻp qavatli uylarni boshqarish boʻyicha takliflar taqdimoti oʻtkazildi. Bu takliflar Rossiyaning Qozon shahri tajribasi asosida ishlab chiqilgan. U professional servis kompaniyalari tashkil etish orqali koʻp qavatli uylarga xizmat koʻrsatishni yaxshilash, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan.
Prezidentimiz tumanda ushbu tizimni joriy mavsumdayoq tatbiq etish, har bir koʻp qavatli uyning egasini topib, ularga imtiyozlar berish zarurligini taʼkidladi.
Innovatsion, ilmiy va tashkiliy ishlarni birlashtirib, baravar olib bormasak, bu soha eskicha holda qolaveradi. Kommunal xizmatlar xususiy korxonalar tomonidan amalga oshirilmasa, sifat boʻlmaydi. Sifat boʻlmagandan keyin toʻlov ham barqaror boʻlmaydi. Bu sohada xizmatni, hisob-kitobni joyiga qoʻysak, vaziyat oʻzgaradi, odamlar rozi boʻladi, dedi davlatimiz rahbari.