Hurmatli delegatsiya rahbarlari!
Hurmatli xalqaro tashkilotlar rahbarlari!
Xonimlar va janoblar!
Sizlarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Global aksilterror strategiyasini Markaziy Osiyoda amalga oshirishga bagʻishlangan, BMT Aksilterror boshqarmasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan xalqaro konferensiyada qutlayman.
Mazkur forumni oʻtkazish tashabbusimizni qoʻllab-quvvatlaganligi uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi janob Antoniu Guterrishga alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman.
YeXHT Bosh kotibi Xelga Shmid xonim, BMT Bosh kotibi oʻrinbosari janob Vladimir Voronkov, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha Mintaqaviy markazi rahbari Natalya German xonimga va Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi siyosat idoralari rahbarlariga ushbu muhim tadbirni tashkillashtirishdagi hamkorlik uchun ehtiromimni izhor etaman.
Sizlar konferensiya ishini qoʻllab-quvvatlaganingiz umumiy xavfsizlik va barqarorlik yoʻlida terrorizm, boshqa tahdid va xatarlarga qarshi birgalikda qarshi turish masalasida sobitlikning ishonchli tasdigʻidir.
Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!
Bugun biz xalqaro munosabatlarda nizolarning kuchayishi, mamlakatlar oʻrtasidagi ishonch va hamkorlik darajasining pasayishiga guvoh boʻlib turibmiz. Ayni damda dunyoning turli mintaqalarida keskinlik oʻchoqlari saqlanib qolmoqda, qurolli toʻqnashuvlar davom etmoqda.
Ijtimoiy hayot va iqtisodiy faoliyatning barcha jabhalariga zarar keltirgan pandemiya BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga oʻta salbiy taʼsir qilmoqda. Iqtisodiyot va ijtimoiy hayotdagi inqirozli hodisalar dunyodagi tengsizlikni kuchaytirmoqda, nizolarning keskinlashuvi xavfini jiddiy oshirmoqda va shu asnoda terrorizm gʻoyalarining tarqalishi uchun qulay muhit yaratmoqda.
Shunday murakkab sharoitlarda tobora ortib borayotgan global va mintaqaviy xavfsizlikka tahdidlarga qarshi kurashish yoʻlida dunyo hamjamiyatining saʼy-harakatlarini birlashtirish muhim ahamiyatga ega.
Bundan 15 yil muqaddam dunyoning barcha mamlakatlari BMTning Global aksilterror strategiyasini bir ovozdan maʼqullagan edilar. Ushbu hujjat terrorizmga qarshi kurashda milliy va xalqaro saʼy-harakatlarni birlashtirishga qaratilgan keng qamrovli, umumeʼtirof etilgan ilk huquqiy asos boʻldi.
2011 yilda Markaziy Osiyoning beshta mamlakati uni roʻyobga chiqarishga doir Qoʻshma harakatlar rejasini tasdiqlab, birinchi boʻlib mazkur dasturiy hujjatni mintaqalashtirish boʻyicha namuna koʻrsatdilar.
Ushbu rejani amalga oshirish terrorizmga qarshi kurashda umumiy tamoyillar va yondashuvlarga doir mintaqaviy konsensusni mustahkamlash, ham ikki tomonlama, ham koʻp tomonlama hamkorlikning taʼsirchan mexanizmlarini yaratish imkonini berdi.
Mintaqa mamlakatlari terrorizmga qarshi kurash boʻyicha oʻz milliy tizimlarini shakllantirdilar. Mamlakatlarning BMT tavsiyalariga toʻliq mos keladigan harakatlar strategiyalari ishlab chiqildi.
Shu asnoda davlatlarimiz uchun yanada tartibli va samarali muloqotga kirishish, tajriba va muhim maʼlumotlarni almashish, aksilterror harakatlar salohiyatini oshirish hamda yolgʻiz amalga oshirib boʻlmaydigan natijalarga birgalikdagi intilishlar orqali erishish imkoniyati paydo boʻldi.
Natijada esa bugun koʻplab nufuzli xalqaro reytinglarda Markaziy Osiyo dunyoning eng xavfsiz mintaqalari qatoridan oʻrin egallamoqda.
Keyingi yillarda bu yerda fundamental ijobiy oʻzgarishlar roʻy berdi. Mintaqa mamlakatlari oʻrtasida doʻstlik, oʻzaro manfaat va ishonch tamoyillariga asoslangan yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari izchil rivojlanmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mamlakatlarimizning mintaqaviy xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha ulkan salohiyatini yuzaga chiqarishga yordam bermoqda.
Afgʻonistonni Markaziy Osiyoning ajralmas qismi sifatida koʻrar ekan, mintaqa davlatlari afgʻon xalqiga gumanitar yordam koʻrsatmoqda, tinch iqtisodiyotni qayta tiklashga va ushbu mamlakatning mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarga qoʻshilishiga har tomonlama koʻmaklashmoqda.
Hurmatli xonimlar va janoblar!
Oʻzbekiston 14 ta asosiy universal xalqaro huquqiy hujjatlarni imzolagan boʻlib, xalqaro terrorchilikka qarshi kurashish yoʻlidagi global saʼy-harakatlarda faol ishtirok etmoqda.
Mazkur sohadagi davlat siyosati keng qamrovlilik, inklyuzivlik va izchillik yondashuvlariga tayanadi. Barchamizga maʼlumki, bunday yondashuv huquqni muhofaza qilish choralari bilan bir qatorda preventiv va profilaktik choralarni birgalikda olib borishni, BMTning Global aksilterror strategiyasining asosiy yoʻnalishlarini roʻyobga chiqarishda nafaqat davlat organlari, balki fuqarolik jamiyati institutlari ham faol qatnashishini nazarda tutadi.
Bu ishda jamiyatda oʻzaro anglashuv muhitini qaror toptirish va muloqotni rivojlantirish, nizolarning oldini olish, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya, taʼlimni, shu jumladan professional taʼlimni ilgari surish, bandlikni taʼminlash, aholining zaif qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish eng ustuvor yoʻnalishlar hisoblanadi. Madaniyatlararo va dinlararo muloqot, ayollar va yoshlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Oʻzbekistonda terrorizmga qarshi kurashishning fundamental asosi, bu – inson huquqlari va erkinliklarini, qonun ustuvorligini taʼminlashdir. Ishonchimiz komilki, terrorizmga qarshi kurash va inson huquqlarini himoya qilish bir-birini inkor etuvchi emas, balki toʻldiruvchi va mustahkamlovchi maqsadlardir.
Aminmanki, bugun siz Qoʻshma harakatlar rejasi doirasidagi hamkorligimizni har tomonlama tahlil qilishingiz va uni yangi muhim yoʻnalishlar bilan toʻldirishingiz mumkin.
Shu nuqtai nazardan, terrorizm va ekstremizmga qarshi birgalikda kurashish samaradorligini oshirish boʻyicha qator tashabbuslarni koʻrib chiqishni taklif etamiz.
Birinchi. Shunisi aniqki, mintaqada aksilterror strategiyani amalga oshirishni muvaffaqiyatli davom ettirish Qoʻshma harakatlar rejasi ijrosining borishini doimiy monitoring qilish va tanqidiy baholash, Markaziy Osiyo mamlakatlarining hamjihatlikdagi harakatlarini muvofiqlashtirish mexanizmlarini kuchaytirishni taqozo etadi.
Shu munosabat bilan, mintaqamizda BMT Aksilterror boshqarmasining ofisini ochish zarurati allaqachon vujudga kelgan deb hisoblaymiz.
Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi kurashish yoʻlida oʻzaro muvofiqlashgan hamkorlikdan maksimal darajada uygʻun samaraga erishish uchun uning xavfsizlik muammolarini hal qilish bilan shugʻullanuvchi yetakchi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan yaqin aloqalarini taʼminlashni taklif etamiz.
Ikkinchi. Bugun dunyoning deyarli barcha mamlakatlari kibermakondagi terrorizm bilan toʻqnashmoqda. Internet radikal gʻoyalarni tarqatish, odamlarni yollash, terrorchilik harakatlarini moliyaviy taʼminlash, rejalashtirish va sodir etish vositasiga aylanmoqda.
Bunday sharoitda davlatlarimizning terrorizm maqsadlarida raqamli texnologiyalardan foydalanishga qarshi samarali kurashish sohasidagi salohiyatini rivojlantirish gʻoyatda muhim ahamiyatga ega.
BMTning Aksilterror boshqarmasini 2020 yilda qabul qilingan Markaziy Osiyoda kiberxavfsizlik va yangi texnologiyalar boʻyicha dasturlarini bajarish boʻyicha saʼy-harakatlarni faollashtirishga chaqirib qolamiz.
Ushbu dastur doirasida kiberterrorizm sohasida tajriba va maʼlumotlar, tadqiqotlar va eng yaxshi tajribalar almashinuvini rivojlantirishga qaratilgan Markaziy Osiyoda kiberterrorizm boʻyicha Yagona elektron tizimni yaratish zarur deb hisoblaymiz.
Bundan tashqari, kibermakonda xavfsizlikka tahdidlarning transchegaraviy xarakterga ega ekanligi axborot makonida ekstremizm va terrorizmning turli koʻrinishlariga qarshi samarali kurashish imkonini beruvchi yagona xalqaro huquqiy mexanizmlarni yaratishni taqozo etmoqda. Bu masala yuzasidan muloqot tashkil etish va uni muvofiqlashtirishda BMT koʻmagiga umid bildiramiz.
Uchinchi. Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari harbiy mojarolar hududidan 1500 nafardan ziyod oʻz fuqarolarini vatanga qaytardi, ularni reabilitatsiya va reintegratsiya qilishda oʻziga xos yondashuvlarni ishlab chiqdi.
Shu munosabat bilan BMTning Aksilterror boshqarmasi shafeligida Markaziy Osiyo mamlakatlarining yetakchi mutaxassislari orasidan Mintaqaviy ekspert kengash taʼsis etishni taklif qilamiz. Radikal gʻoyalar taʼsiriga tushib qolgan fuqarolarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish dasturlarini takomillashtirish hamda mamlakatlarimizda terrorizm targʻibotiga qarshi kurashish boʻyicha takliflar ishlab chiqish kengashning asosiy vazifasi boʻladi.
Toʻrtinchi. Terrorizm va ekstremizmga qarshi muvaffaqiyatli kurashishning eng muhim sharti samarali yoshlarga oid siyosatdir. BMTning Yoshlar strategiyasida qayd etilganidek, yoshlarda oʻzini bir necha bor oqlaydigan bebaho va gʻoyatda muhim resurs mujassamlashgan.
Mamlakatlarimiz kelajagi yosh avlod qanday inson boʻlib kamol topishi, qanday taʼlim va tarbiya olishi, biz ular uchun qanday sharoitlar va “ijtimoiy liftlar” yaratib berishimizga bogʻliq.
Shu kabi barcha masalalarni har tomonlama muhokama qilish uchun 2023 yilda Samarqand shahrida, ilgari taklif qilganimizdek, doimiy faoliyat yuritadigan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari Yoshlari kengashini chaqirishni taklif qilamiz. Uchrashuvlar yakuni boʻyicha mamlakatlarimiz yoshlari oʻrtasida har tomonlama hamkorlikni kengaytirish, yosh avlodning oʻz iqtidorini namoyon qilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularda ekstremizm va terrorizm gʻoyalariga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish yoʻnalishlarida tajriba almashishga doir batafsil Harakatlar rejasini ishlab chiqish zarur.
Beshinchi. Xabaringiz bor, BMTning Global aksilterror strategiyasida bagʻrikenglik, oʻzaro hurmat, jamiyatning barcha qatlamlari ishtirokida dinlararo va madaniyatlararo muloqot gʻoyalari va tamoyillarini ilgari surish muhim oʻrin tutadi.
2018 yilda Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMTning Bosh Assambleyasi maxsus “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyusiyasini qabul qildi. Rezolyusiyada sayyoramizda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash yoʻlida savodsizlik va jaholatga barham berish, bagʻrikenglik, oʻzaro hurmat va oʻzaro anglashuvni qaror toptirish alohida taʼkidlangan.
Kelgusi yilda BMT shafeligida yuqori darajadagi “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” konferensiyasini oʻtkazish hamda konferensiya yakunlari boʻyicha BMTning Maxsus rezolyusiyasida mustahkamlab qoʻyilgan gʻoyalarni ilgari surish yoʻlida amaliy hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini belgilab olishni taklif qilamiz.
Muhtaram xonimlar va janoblar!
Terrorizmning oldini olish va unga qarshi kurashish yoʻlidagi saʼy-harakatlarimiz ular mintaqaviy va global miqyosida samarali muvofiqlashtirib borilgandagina natija beradi.
Aynan shu sababli ham bugungi forum, qabul qilinajak Toshkent deklaratsiyasi va Markaziy Osiyoda BMTning Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish boʻyicha yangilangan Qoʻshma harakatlar rejasi favqulodda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xalqaro konferensiyaning barcha ishtirokchilariga sermahsul faoliyat, qiziqarli muhokamalar, xalqaro xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan yangi taklif va tashabbuslar ishlab chiqilishini tilayman.
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti