Yurt shaʼnini mardonavor himoya qilgan matonatli Paralimpiyachilarimiz tantanali kutib olindi

0
131
marta koʻrilgan.

Tokio shahrida oʻtkazilgan XVI Paralimpiya oʻyinlarida ishtirok etgan Oʻzbekiston delegatsiyasi yurtimizga qaytib keldi.

Unda ishtirok etgan sportchilar, murabbiylar va delegatsiya vakillari Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

Shundan soʻng Tokio-2020 Paralimpiadasi qahramonlari maxsus avtobuslarda shahrimizning markaziy koʻchalari boʻylab Mustaqilligimizning 30 yillik shodiyonasi arafasida qurilgan “Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga yetib borishdi. Tantanali marosimning asosiy qismi ushbu bogʻda tashkil etildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov ishtirok etib, Paralimpiyachilarimizni qoʻlga kiritilgan ulkan muvaffaqiyat bilan tabriklashdi. Shundan soʻng Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Said oʻz sheʼri bilan Paralimpiyachilarimizni qutlagan boʻlsa, Oʻzbekiston xalq artisti Yodgor Saʼdiyev va Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Raʼno Shodiyeva ham oʻzlarining iliq tilaklarini bildirib oʻtishdi.

Marosimda sportchilarimiz nomidan Paralimpiada chempionlari para-taekvondochi Guljanoy Naimova, para-dzyudochimiz Uchqun Quronboyev soʻzga chiqib, Prezidentimiz tomonidan berilayotgan eʼtibordan mamnun ekanliklarini, davlatimiz rahbarining qoʻllab-quvvatlashidan motivatsiya olishlarini aytib oʻtishdi.

Shundan soʻng Tokio-2020 Paralimpiya oʻyinlari gʻoliblariga Prezident sovgʻalari – oltin medal egalariga “Tahoe” avtomobili va Toshkent shahridan 3 xonali uy, kumush medal egasiga “Traverse” avtomobili va 2 xonali uy, shuningdek bronza medal egalariga “Trailblazer” avtomobili va 1 xonali uy kalitlari topshirildi. Yakunda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri, Oʻzbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning qoʻshigʻi va mushakbozlik bilan tantanavor tadbirga chiroyli yakun yasaldi.

Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi Matbuot xizmati

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.