Yurtimizda bugun ekologik xayriya hashari

0
239
marta koʻrilgan.

Bugun, 26 yanvar kuni erta tongdan mamlakatimizda ilk bor umumxalq ekologik xayriya hashari boshlandi. 

Hashardan tushgan mablagʻlar Orol dengizining suvi qurigan maydonlarida himoya oʻrmonlari tashkil etish, mintaqada ekologik holatni va aholining yashash sharoitini yaxshilash, kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatish ishlariga sarflanadi. 

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ekologik xavfsizlik, suv va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish eʼtiborimiz markazida turishi zarurligi xususida alohida toʻxtalib oʻtgan edi. 

Maʼlumotlarga koʻra, hozirgi vaqtda Orol fojiasi tufayli katta hajmdagi maydonda Orolqum sahrosi paydo boʻldi. Har yili koʻplab miqdordagi qum va tuz havoga koʻtarilmoqda. Bu esa Orol halokati global muammo ekanini yana bir bor isbotlamoqda. 

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida trast fondining tuzilishi oʻzbek diplomatiyasining katta yutugʻi boʻldi. 

Bugungi kunda mamlakatimizda Orol dengizining suvsiz qolgan hududida yashil oʻrmonlar barpo etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Agar mustaqillik yillarida Oʻzbekiston boʻyicha 1 million 220 ming gektarga yaqin oʻrmonzor yaratilgan boʻlsa, shundan 400 ming gektardan ortigʻi aynan Orolboʻyi hududida barpo etilgan. 

Bu masalada qabul qilinayotgan maxsus dasturga koʻra, Orol dengizining suvsiz hududida kelgusi yilda yana 500 ming gektar oʻrmonzor barpo etilishi koʻzda tutilgan. Aholining yashash sharoitini yaxshilash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasining shahar va qishloqlarida yangi qurilishlar amalga oshiriladi Xususan, Moʻynoq tumanida barcha zarur infratuzilmalarga ega boʻlgan zamonaviy shaharcha bunyod etilishi rejalashtirilgan. 

Yurtimiz boʻylab boshlangan umumxalq ekologik xayriya hashari Orolboʻyidagi ekologik halokat oqibatlarini yumshatish borasidagi tashabbuslar va saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlash, mintaqadagi ekoholatni va aholining yashash sharoitlarni yaxshilashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. 

Mazkur ekologik xayriya hashari Oʻzbekiston Ekologik harakati, Respublika “Mahalla“ xayriya jamoat fondi, “Nuroniy“ jamgʻarmasi, Yoshlar ittifoqi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston ekologik partiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda “Yurtimizni yanada obod qilaylik!” shiori ostida oʻtkazilmoqda. 

Yurtimizdagi barcha mahallalar, aholi punktlari, koʻp qavatli uylar va binolar, hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar va qabristonlar, ariqlar, koʻcha va yoʻlaklarni hamda bolalar maydonchalarini tartibga keltirish boʻyicha ekologik aksiyalar tashkil etilgan. 

Azal-azaldan ezgu va goʻzal qadriyatlarini, orzu intilishlarini oʻzida mujassam etgan hasharlarni oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad xalqimizning ekologik va estetik madaniyatini yuksaltirish, ularni ona tabiat va uning neʼmatlariga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalash, atrof-muhitni muhofaza qilish ishlariga yoshlarni keng jalb qilish, ozodalik va obodlik kabi milliy anʼanalarimizni yoshlar ongiga singdirish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, uzluksiz ekologik taʼlim-tarbiya tizimiga koʻmaklashish, qolaversa, yurtimiz ozodaligi va obodligiga hissa qoʻshishdan iborat. 

Mamlakatimizda aholining salomatligini himoya qilish, uning tinchligini, osoyishtaligini, farovonligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shubhasiz, respublikamiz aholisining sogʻligʻi atrof tabiiy muhit va ekologik vaziyatning qulay boʻlishi bilan chambarchas bogʻliqdir. “Obod mahalla”, “Obod qishloq” dasturlari asosida keng qamrovli bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishida aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish, har bir insonda tabiatga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish hissini shakllantirish lozimligiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. 

Shu nuqtai nazardan oʻtkazilayotgan hashar davomida tashkilot va muassasalar tomonidan ishlab chiqilgan rejaga muvofiq obodonlashtirish ishlari bajarilmoqda. Joylardagi ariqlarni tozalash va sugʻorish tizimlari sozligi taʼminlash, daraxtlarga shakl berish, oqlash va ularning aniq hisobini yuritishga puxta yondashilmoqda. Hududlar turli chiqindilardan tozalanib, tabiatni asrashga chorlovchi koʻrgazmali targʻibot materiallari oʻrnatilgani eʼtiborga molik. 

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqqan holda 2019 yilning 23 yanvar kuni Oʻzbekiston Ekologik partiyasi va Oʻzbekiston Ekologik harakatining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro viloyatlari faollari tomonidan hashar yoʻli bilan yigʻilgan saksovul urugʻlari Moʻynoq tumanida oʻrmonzorlar barpo etish boʻyicha tashkil etilgan shtabga yetkazildi. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi, Ekoharakat faollari, Oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari va talabalari, umuman, keng jamoatchilik vakillari, barcha-barcha faol ishtirok etayotgan umumxalq xayriya hashari davomida respublikamizning barcha hududlarida keng koʻlamda obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish, noqonuniy chiqindixonalar faoliyatiga chek qoʻyish, daryo, soy, kanal, ariqlar oʻzanlarini va qirgʻoq boʻylarini, markaziy xiyobonlar, madaniyat va istirohat bogʻlarini, sugʻorish tarmoqlarini maishiy chiqindilardan tozalash hamda obodonlashtirishga ham eʼtibor qaratilmoqda.

Nazokat Usmonova, OʻzA

 

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.