Milliy olimpiya qoʻmitasida Oʻzbekiston Jismoniy tarbiya va sport universitetining bu yilgi qabul jarayoniga bagʻishlangan katta yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Unda Milliy olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov, Jismoniy tarbiya va sport universiteti oʻquv ishlari boʻyicha prorektori Komiljon Yarashev, universitet professor-oʻqituvchilari, sport federatsiyalari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Maʼlumki, bu yildan boshlab alohida iqtidor talab etadigan yoʻnalishlarga, shu jumladan sport yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalariga ham talabalar test sinovlarisiz qabul qilinadilar. Unga koʻra, bu yil Jismoniy tarbiya va sport universitetiga hujjat topshirgan abituriyentlar mazkur taʼlim muassasasida mavjud 27 tur sport yoʻnalishiga test sinovlarisiz, ijodiy imtihonlar asosida talabalik baxtiga muyassar boʻlishlari mumkin.
Jismoniy tarbiya va sport universiteti rektorining maʼlum qilishicha, bu yil qabul uchun 5665 nafar abituriyent hujjat topshirgan. Ularning 75 nafari imtiyozli qabul asosida, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tavsiyasiga binoan universitetda tahsil oladi.
Shaffoflikni taʼminlash maqsadida har bir sport turi boʻyicha ijodiy imtihonlarda sport federatsiyalar vakillari ishtirok etadilar. Nohush holatlar, turli qingʻirliklarga yoʻl qoʻyilgan taqdirda Milliy olimpiya qoʻmitasida 24 soat davomida faoliyat olib borayotgan qaynoq liniya 205-5-205 telefon raqamlari ishlab turgani qayd etildi.
Imtihonlar qatʼiy tekshiruv asosida, olimpiya zaxiralari kollejlari, katta koʻrgazma zallarida tashkil etiladi. Buning uchun Davlat test markazi, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tayyorgarlik koʻrib qoʻyilgan. Imtihon jarayonlarida har bir masʼul oʻz ishiga sidqidildan yondoshishi lozimligi, qabulni halol va shaffof tarzda tashkil etish kerakligi yana bir marotaba eslatib oʻtildi, taʼbir joiz boʻlsa talab qilindi.
25 iyul – 5 avgust kunlari oʻtkaziladigan qabul imtihonlariga ommaviy axborot vositalari ham taklif qilindi. Ushbu uchrashuvda jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan bir qancha savollarga javob olishdi.