Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning mamlakatimizga tashrifi doirasida yana bir muhim voqea – Toshkent viloyatida zamonaviy issiqlik elektr stansiyasini ishga tushirish hamda Sirdaryo viloyatida shunday stansiya qurilishini boshlash marosimi boʻldi. Ushbu loyihalar Turkiyaning «Cengiz Enerji» kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev marosimda nutq soʻzlar ekan, loyihalarning ahamiyatiga toʻxtaldi, ushbu majmualar Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlik samaralarining yorqin ifodasi ekanini taʼkidladi. Oxirgi bir yilning oʻzida turkiyalik kompaniyalar bilan birgalikda Oʻzbekistonning jadal rivojlanayotgan iqtisodiyoti uchun juda muhim boʻlgan 5 ta yirik energetika loyihalari amalga oshilgani alohida qayd etildi. Xususan, ushbu stansiyalarning umumiy quvvati bugungi loyihalar bilan qoʻshib hisoblaganda 1,4 ming megavattga yetadi.
Oʻzbekiston energetika tarmogʻini modernizatsiya qilish natijasida 2026 yilgacha davlat-xususiy sheriklik asosida umumiy qiymati 12 milliard dollarlik 29 ta loyiha ishga tushirilishi taʼkidlandi. Ular qoʻshimcha 71 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini yaratadi, yiliga 12 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi.
Davlatimiz rahbari elektr stansiyasini bunyod etishda qatnashgan muhandis va quruvchilarga minnatdorlik bildirdi. Soʻng Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Rejep Tayyip Erdogʻan ramziy tugmani bosib, Qibray tumanidagi issiqlik elektr stansiyasini ishga tushirdi va Xovos tumanidagi issiqlik elektr stansiyasi qurilishini boshlab berdilar.
Qibraydagi IES quvvati 240 megavatt boʻlib, yiliga 2 milliard kilovatt-soat energiya ishlab chiqaradi.
Xovos tumanidagi yangi issiqlik elektr stansiyasi 220 megavatt quvvatga ega, unda yiliga 1 milliard 700 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.