Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahridagi “Aziya metall prof” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Ushbu yirik zavodda 2018-2022 yillarda xitoylik hamkorlar bilan birgalikda umumiy qiymati 110 million dollarlik loyihalar amalga oshirilgan. Bu mablagʻning 33 million dollari toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyadir.
Dastlab, 2018 yil dekabrda rux va polimer bilan qoplangan metall listlar tayyorlash boshlangan boʻlsa, ikkinchi bosqichda, 2021 yildan metall quvurlar va profillar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. 2022 yil fevraldan issiq oʻramali metall listlar va qurilish uchun profillar ham ishlab chiqarilmoqda.
Ushbu mahsulotlar import oʻrnini bosishi va eksportbopligi bilan ahamiyatli. Xususan, oʻtgan yili korxona tomonidan 63 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. Bu koʻrsatkich joriy yilda yanada yuqori boʻlishi kutilmoqda. Ayni paytda korxonada 520 nafar ishchi mehnat qilmoqda.
Davlatimiz rahbari loyihaning toʻrtinchi bosqichi — armatura ishlab chiqarish korxonasining qurilish maydonida boʻldi. Bu yerda yiliga 390 ming tonna armatura quyish quvvati hamda 150 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Umuman, 2023-2025 yillarda yana beshta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ularga jami 621 million dollar yoʻnaltirilib, yiliga 1,7 million tonna metall hamda 10 million metr kvadrat oyna ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. 930 ta yangi ish oʻrni ochiladi.
Prezidentimiz mahalliylashtirish va tannarxni tushirish orqali eksportda raqobatbardoshlikni oshirish kerakligini taʼkidladi.