Prezidentning Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida “Zarafshon oyna” korxonasini ishga tushirishga bagʻishlangan marosim boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Maʼlumki, oyna sanoat, qurilish va maishiy hayotda eng koʻp ishlatiladigan mahsulotlardan. Xususan, yurtimizda qurilish oynasiga boʻlgan talab yiliga 38 million kvadrat metr. Navoiy viloyati esa pardozbop tosh, kvars qumi, bazalt va kaolin zaxiralariga boy.
Shu bois davlatimiz rahbari 2018 yilda viloyatga tashrifi chogʻida oyna ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatma bergan edi. Bugunga kelib, 250 million dollarlik ushbu loyiha hayotga koʻchdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, “Zarafshon oyna” korxonasini ishga tushirdi.
— Hozirgacha bunday korxonalar Fargʻona va Jizzaxda bor edi. Mana, ularning safiga yangi barpo etilgan, keng turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Zarafshon oyna” korxonasi ham qoʻshilmoqda. U kelgusida yanada rivojlanib, xalqimizga xizmat qilishiga ishonamiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 12 million kvadrat metr. Mahsulotlar import oʻrnini bosish bilan birga eksportga ham moʻljallangan. Bu yerda 700 kishi ish bilan taʼminlangan.
Tadbirda Gʻozgʻon shahridagi “Marmarobod” korxonasi bilan ham videoaloqa orqali bogʻlanildi. U marmar va granit toshlarni qazib olib, qayta ishlashga ixtisoslashgan. Xitoy va Eron davlatlaridan uskunalar olib kelinib, muhandis va mutaxassislar jalb qilingan. 300 kishi ish bilan taʼminlangan.
Davlatimiz rahbari Navoiy shahridagi “Gidro Stanko Servis” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.
Navoiy viloyati sanoatlashgan hudud. Bu yerda togʻ-kon, metallurgiya, kimyo, energetika korxonalari koʻp. Ularga, umuman, yurtimiz sanoati va qishloq xoʻjaligiga mashinasozlik mahsulotlari doim zarur.
“Gidro Stanko Servis”da aynan shular ishlab chiqariladi. Bu yerda kooperatsiya orqali 100 dan ortiq qurilma va mingdan ortiq turdagi ehtiyot qismlar mahalliylashtirilgan. Natijada 2021 yilda 12 million dollardan ziyod valyuta mablagʻlarini tejashga erishilgan. Joriy yil yakuni bilan ishlab chiqarish miqdori 23 million dollar boʻlishi kutilmoqda.
Korxonaga uskunalar Germaniya, Turkiya, Italiya va Xitoydan keltirib oʻrnatilgan. 370 kishi ish bilan taʼminlangan.
Bugungi kunda korxonada quyuv sexi tashkil etish va mahsulotlar turini koʻpaytirish ustida ish olib borilmoqda.
Prezidentimiz mutasaddilarga mahalliylashtirish darajasini oshirish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Bugungi kunda Navoiy viloyatida mahalliylashtirish dasturi doirasida qiymati 1 trillion soʻmga yaqin 113 ta loyihalar amalga oshirilmoqda. Bularning natijasida joriy yilning oʻzida 100 million dollarlik import qisqartirilishiga erishiladi.