Prezident Shavkat Mirziyoyevga zargarlik sanoatini yanada rivojlantirish, zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish va sotish faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, tayyor mahsulotlar eksportini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimot qilindi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Yurtimizda zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish uchun juda katta salohiyat bor.
Davlatimiz rahbari mamlakatimizda qazib olinayotgan oltinning atigi 6 foizi qayta ishlanib, bor-yoʻgʻi 78 million dollarlik eksport boʻlayotgani qayd etib, tadbirkorlar uchun alohida sharoitlarga ega zargarlik zonalari tashkil qilinishi, sohaga xomashyo yetkazish, mutaxassis tayyorlash, ishlab chiqarish zanjiri va sotish tizimini butunlay qayta koʻrib chiqish muhimligini taʼkidlagan edi.
Shu bois Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi tomonidan tegishli takliflar ishlab chiqildi.
Jumladan, “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasi faoliyatini takomillashtirish, vakolatlarini kengaytirish hamda boshqaruv tizimini qayta tashkil etish rejalashtirilgan.
Sohadagi ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida “Hunarmand” uyushmasi aʼzolari uchun berilgan imtiyozlar “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasiga aʼzo boʻlgan zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham tatbiq etish taklif etildi.
Shuningdek, 2026 yil 1 oktyabrga qadar Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan hamda zargarlik sohasida foydalaniladigan asbob-uskunalar, qadoqlash va etiketkalash mahsulotlariga nisbatan bojxona boji va qoʻshilgan qiymat soligʻining nol stavkasini qoʻllash imkoniyati oʻrganilmoqda.
Ishlab chiqarish, koʻrgazma va savdo maydonlarini oʻz ichiga olgan maxsus zargarlik markazlarini tashkil etish masalalari koʻrib chiqildi. Bu boradagi pilot loyihalarni Toshkent shahri va Namangan viloyatlarida joylashtirish yuzasidan axborot berildi.
Zargarlik mahsulotlari eksportini koʻpaytirish masalasiga toʻxtalib oʻtildi. Ikki tomonlama kelishish yoʻli bilan mamlakatimiz hududida ishlab chiqarilgan zargarlik buyumlarini Amerika Qoʻshma Shtatlariga “GSP” tizimi boʻyicha eksport qilish uchun bojxona toʻlovlarining nol stavkasini belgilash taklif etildi.
Davlatimiz rahbari muhokama qilingan chora-tadbirlarni takomillashtirib, 2027 yilgacha boʻlgan davrda mahalliy zargarlik buyumlari ishlab chiqarishni rivojlantirish boʻyicha dastur ishlab chiqishga topshiriq berdi.