Bugun, 17 may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Xalqaro valyuta jamgʻarmasi boshqaruvchi direktori Kristin Lagardni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlar ekan, Oʻzbekiston va Xalqaro valyuta jamgʻarmasi oʻrtasidagi amaliy muloqot va oʻzaro manfaatli hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
2017 yilning sentyabrida Nyu-York shahrida va joriy yil aprel oyida Pekin shahrida oʻtgan ikki tomonlama muzokaralar samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va yanada kengaytirishga xizmat qilgani taʼkidlandi.
Bugungi kunda jamgʻarma mamlakatimizda ilgʻor xalqaro tajriba va bilimlar asosida keng miqyosli islohot va yangilanishlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda muhim sheriklardan biri ekani alohida qayd etildi.
Keyingi ikki yilda jamgʻarmadan jalb etilgan texnik koʻmak hajmi sezilarli darajada ortdi: mamlakatimizga XVJning 14 missiyasi tashrif buyurdi, soliq va moliya sohalari boʻyicha yetakchi xalqaro konsultant va ekspertlar jalb etildi.
Jamgʻarma koʻmagida Oʻzbekiston XVJ statistika maʼlumotlari tarqatishning umumiy tizimiga qoʻshildi, Markaziy bank va valyutani tartibga solish toʻgʻrisidagi qonunlarning yangi tahriri loyihasi ishlab chiqildi, yangi Soliq siyosati va maʼmuriyatchiligi konsepsiyasi va boshqalar joriy etildi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston va Xalqaro valyuta jamgʻarmasining hamkorligi istiqbollari batafsil muhokama qilindi va bu boradagi ustuvor yoʻnalishlar belgilab olindi.
Pul-kredit va soliq-byudjet siyosatini takomillashtirish, monetar siyosatning samarali vositalarini joriy etish, mamlakatimizda ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash hamda boshqa yoʻnalishlarda faol hamkorlikni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻz navbatida, XVJ boshqaruvchi direktori Oʻzbekistonga tashrif bilan kelish taklifi hamda koʻrsatilayotgan samimiy qabul uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi. Kristin Lagard jamgʻarma mamlakatimizda barcha tarmoq va yoʻnalishlarni qamrab olgan holda faol amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholashini alohida taʼkidladi.
Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilikni mustahkamlash va oʻzaro ishonchni oshirish, mintaqaviy savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni kengaytirish borasidagi saʼy-harakatlari alohida qayd etildi.
Uchrashuv yakunida Kristin Lagard Xalqaro valyuta jamgʻarmasi mamlakatimizda samarali islohotlarni amalga oshirish va iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini taʼminlashga har tomonlama koʻmaklashishni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqladi.