Oʻzbekiston Prezidenti Tatariston bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi

0
46
marta koʻrilgan.

Rossiya Federatsiyasi bilan keng koʻlamli hududlararo hamkorlikni rivojlantirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 aprel kuni Tatariston Respublikasi raisi Rustam Minnixanovni qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Uchrashuvda ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish va madaniy-gumanitar almashinuvlarni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.

Keyingi yillarda samarali hamkorlikda yuqori natijalarga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Oʻzaro savdo va investitsiyalar hajmi ortmoqda. Toshkent viloyatida “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparki muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, Rossiya delegatsiyasining mazkur tashrifi davomida yangi loyihaga – Jizzax viloyatida texnopark barpo etishga start berildi. 

Bundan tashqari, neft-kimyo va mashinasozlik tarmoqlarida yirik kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Qozon federal universitetining Jizzax shahridagi filiali faoliyati kengaytirilmoqda.

Uchrashuv chogʻida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida ishbilarmonlar oʻrtasidagi sheriklikka oid istiqbolli loyihalar, mamlakatimizning boshqa hududlarida ham yangi industrial parklarni ochish va mavjudlarini rivojlantirish, innovatsiyalar, kichik biznes va axborot texnologiyalari sohalarida hamda kommunal tarmoqlarni modernizatsiya qilish boʻyicha hamkorlik dasturlarini qabul qilish masalalari muhokama qilindi.

Shu kunlarda Toshkent shahrida oʻtayotgan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat koʻrgazmasi ishida Rossiya ishbilarmon doiralari delegatsiyasi tarkibida Tataristonning kompaniya va korxonalari faol ishtirok etayotgani taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari “yoʻl xarita”si asosida qoʻshma dastur va loyihalarni ilgari surish yuzasidan tizimli ishlarni tashkil etish muhimligini qayd etdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.