Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Islom Respublikasiga davlat tashrifining birinchi kuni yakunlari boʻyicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston Prezidenti va Pokiston Bosh vaziri har doimgidek ochiqlik va ishonch muhitida oʻtgan muzokaralar natijalarini mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Davlatimiz rahbari jurnalistlar bilan muloqotda Pokiston xalqini yaqinlashib kelayotgan Pokiston kuni bayrami bilan yana bir bor tabrikladi. Ushbu tashrif katta tarixiy voqea – mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi arafasida oʻtayotgani ramziy maʼnoga ega ekanini alohida taʼkidladi. Oliy darajadagi konstruktiv muloqot, ayniqsa, keyingi yillarda faollashgani Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi sheriklik va ishonch darajasining jadal oʻsib borishiga xizmat qilmoqda.
‑ Biz Pokiston bilan birgalikda nafaqat ikki mamlakat, balki strategik jihatdan muhim boʻlgan Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari oʻrtasidagi mustahkam hamkorlik koʻprigini bunyod etayapmiz, ‑ dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mamlakatlarimizda amalga oshirilayotgan “Yangi Oʻzbekiston” va “Naya Pokiston” dasturlarining mushtarak ekani ham ikki mamlakatning qarash va intilishlari bir-biriga uygʻunligini tasdiqlamoqda.
Savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanib bormoqda. Oʻtgan yilning oʻzida ikki tomonlama savdo hajmi 50 foizga oʻsdi. Muzokaralar chogʻida tovar ayirboshlashni yaqin yillarda 500 million dollarga, uzoq muddatli istiqbolda esa 1 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib olindi.
Tashrif doirasida Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimning imzolangani muhim qadam boʻldi.
Farmatsevtika, toʻqimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat, qishloq xoʻjaligi, qurilish, bank-moliya va boshqa asosiy yoʻnalishlarda kooperatsiyani kengaytirish yuzasidan muhim kelishuvlarga erishildi. Tashrif arafasida oʻtkazilgan ishbilarmonlik tadbirlari natijasida umumiy qiymati 800 million dollarlik 60 ta yangi investitsiya va savdo kelishuvlari imzolandi.
Tomonlar Markaziy va Janubiy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlashga qaratilgan yirik qoʻshma transport-kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirishga kelishib oldilar.
Pokiston hududi orqali xalqaro dengiz portlariga chiquvchi “Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar” strategik temir yoʻlini qurish ishlarini yaqin muddatlarda boshlash muhimligi alohida taʼkidlandi.
‑ “Asr loyihasi” deb atalayotgan “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul — Peshovar” temir yoʻli nafaqat mamlakatlarimiz, balki keng mintaqalarimiz xalqlari umumiy ravnaqiga hissa qoʻshadi, deb ishonamiz, – deb taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Hududlararo hamkorlikda ulkan salohiyat mavjudligi taʼkidlandi. Bu borada Namangan viloyati va Panjob provinsiyasi muvaffaqiyatli namuna koʻrsatmoqda. Boshqa hududlar oʻrtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Pokiston Bosh vaziri bilan muzokaralar chogʻida mintaqa kun tartibi va Afgʻonistondagi bugungi vaziyat yuzasidan samarali fikr almashildi. Ushbu mamlakatda murakkablashayotgan gumanitar holat jiddiy tashvish va xavotir uygʻotayotgani qayd etildi.
Davlatimiz rahbari xalqaro hamjamiyatni afgʻon xalqiga yordam koʻrsatish borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirishga chaqirdi.
Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasida xavfsizlik, harbiy-texnik sohalarida, terrorizm, ekstremizm va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi hamkorlik samarali rivojlanmoqa.
Mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida birgalikda ishlash mexanizmlari yoʻlga qoʻyilgan. Oʻzbekiston va Pokiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotida bir-birini qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishda qatʼiy ekanliklarini tasdiqladilar.
Madaniy-gumanitar soha sheriklikning eng muhim va istiqbolli yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilab olindi.
‑ Qadimiy Buyuk Ipak yoʻli chorrahasida joylashgan Oʻzbekiston va Pokiston xalqlarini azaldan umumiy tarix, oʻxshash til va boy maʼnaviy meros chambarchas bogʻlab turadi, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ikki mamlakat fan, sanʼat, kino, sport sohalaridagi aloqalarni kengaytirish, yoshlarga oid dasturlarni amalga oshirish tarafdori.
Oʻzbekistonda yil sayin urdu tilini oʻrganishga qiziqish ortib borayotgani taʼkidlandi. Pokistonda ham Islomobod zamonaviy tillar universiteti, Panjob va Peshovar universitetlari kabi oliy taʼlim muassasalari negizida oʻzbek tili va adabiyoti, Oʻzbekiston tarixini oʻrganishga katta eʼibor qaratilmoqda.
‑ Tashrif davomida salmoqli hujjatlar toʻplamini, jumladan, Strategik sheriklikni rivojlantirish boʻyicha kelgusi qadamlar toʻgʻrisida qoʻshma deklaratsiyani imzoladik. Unda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha boʻlajak saʼy-harakatlarimiz belgilab olingan. Maʼnaviy ildizlardan kuch va ilhom olayotgan aloqalarimiz kelgusida ham xalqlarimizning orzu-intilishlariga va biz tuzayotgan katta-katta rejalarga mos ravishda yangi marralarga koʻtariladi, — dedi Oʻzbekiston Prezidenti.