Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti AQSH delegatsiyasini qabul qildi

0
122
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 may kuni Missisipi shtati gubernatori Filipp Brayant boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.    

Mamlakatimizga kelgan AQSH delegatsiyasi Missisipi shtati administratsiyasi, yetakchi tashkilotlari hamda savdo, innovatsiyalar, sanoat, qishloq xoʻjaligi va taʼlim sohalaridagi kompaniyalari vakillaridan iborat.

Davlatimiz rahbari mehmonlarni samimiy qutlar ekan, tashrif Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasidagi strategik sheriklikning yangi davri doirasida faol muloqot olib borilayotgani va koʻp qirrali munosabatlar izchil rivojlanib borayotganidan dalolat berishini alohida taʼkidladi.

Oʻz navbatida, gubernator F.Brayant samimiy mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirib, davlatimiz rahbariga AQSH Prezidenti Donald Trampning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda turli darajalarda aloqalar sezilarli faollashgani, oʻzaro savdo hajmi ikki barobar ortgani, investitsiyalar, agrar majmua, sanoat, transport, turizm va gumanitar almashinuv sohalarida hamkorlik boʻyicha qoʻshma dastur va loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Oʻzbekiston bilan Missisipi shtati oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari batafsil koʻrib chiqildi. Qishloq xoʻjaligi, biotexnologiyalar va agrokimyo, oʻsimlikshunoslik, chorvachilik va baliqchilik, toʻqimachilik va logistika sohalarida, avvalo, AQSHning ilgʻor texnologiya va bilimlarini joriy etish asosida zamonaviy klasterlar va ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish orqali istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Aniq loyiha va dasturlarni tayyorlash va amalga oshirish boʻyicha ikki tomonlama komissiya faoliyatini yoʻlga qoʻyish xususida kelishuvga erishildi.

Shuningdek, joriy yil 16-17 may kunlari Navoiy shahrida AQSH va Kanadaning 40 dan ortiq kompaniyasi ishtirokida boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston-AQSH-Kanada biznes forumi ishbilarmon doiralar oʻrtasida uzoq muddatli sheriklik aloqalarini oʻrnatishga xizmat qilishi qayd etildi.

AQSH delegatsiyasi aʼzolari Oʻzbekistonda sifat jihatidan yangi bosqichda amalga oshirilayotgan, barcha soha va yoʻnalishlarni qamrab olgan islohotlarning natijadorligiga yuksak baho berdi. Idoralararo muloqotlarni faollashtirish va qoʻshma tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga tayyorlik bildirildi.

Uchrashuv yakunida tomonlarning Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasidagi doʻstlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, keng koʻlamli hamkorlikni kengaytirish borasidagi intilishi qatʼiy ekani taʼkidlandi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.