Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari uchrashuvni ochar ekan, Fransiya Prezidentiga rasmiy shaxslar, yetakchi kompaniyalar rahbarlari, taniqli madaniyat va fan arboblaridan iborat nufuzli delegatsiya boshchiligida Oʻzbekistonga kelgani uchun minnatdorlik bildirdi.
– Bu sizning Oʻzbekiston-Fransiya doʻstlik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga shaxsiy eʼtiboringiz va alohida yondashuvingizning yorqin tasdigʻidir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi uchrashuvlar tufayli ikki mamlakat munosabatlari keng qamrovli tus olgani taʼkidlandi.
Tomonlar faol siyosiy aloqalarni, parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosiy va iqtisodiy idoralarning muntazam muloqotini davom ettirishga kelishib oldilar.
Hisob-kitoblarga koʻra, yaqin orada 1 milliard yevroga yetishi kutilayotgan tovar ayirboshlash jadal oʻsayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy va istiqbolli loyihalar portfeli 10 milliard yevrodan ziyodni tashkil etmoqda.
Yurtimizda Fransiyaning Orano, EDF, Total, SUEZ, Eiffage, Voltalia, Lactalis, Veolia va koʻplab boshqa yetakchi kompaniyalari muvaffaqiyatli ish olib bormoqda.
Davlatimiz rahbari qazib olish tarmogʻi, strategik xomashyo resurslarini qayta ishlash, gibrid, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, suv taʼminoti tizimlarini modernizatsiya qilish, “aqlli” qishloq xoʻjaligini joriy etish, shahar va transport infratuzilmasini rivojlantirish, turizmni hamkorlikning ustuvor sohalari sifatida qayd etdi.
Ishbilarmonlar oʻrtasidagi sheriklikni ilgari surish uchun Oʻzbekiston-Fransiya savdo palatasi ishga tushishi hamda Toshkentda “Business France” agentligining ofisini ochish rejalashtirilayotgani eʼlon qilindi.
Gumanitar sohadagi hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida uch yillik dastur qabul qilish va uning doirasida oʻzaro Madaniyat kunlarini oʻtkazish taklif qilindi.
Tomonlar Samarqand shahrida Fransiya alyansi filiali ochilishini olqishladilar hamda qoʻshma oliy taʼlim muassasasini tashkil etishni jadallashtirishga kelishib oldilar.
Fransiyaning turli shaharlaridan Samarqand, Buxoro va Xivaga charter reyslarni tashkil etgan holda sayyohlar almashinuvini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.
Xalqaro kun tartibidagi masalalar, xavfsizlikka umumiy xatar va tahdidlarga qarshi kurashish boʻyicha hamkorlikni davom ettirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston yetakchisi Fransiya Prezidentiga 2024 yilda Parij shahrida yozgi Olimpiya oʻyinlari muvaffaqiyatli oʻtishini tiladi.
Davlat rahbarlari erishilgan barcha kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tayyorlashga topshiriq berdilar.