Oʻzbekiston va Germaniya Prezidentlari muzokaralar oʻtkazdi

0
118
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer tor doirada va kengaytirilgan tarkibda muzokara oʻtkazdi.  
 
Davlatimiz rahbari uchrashuv avvalida Germaniya Prezidenti va xalqini GFR tashkil topgani hamda Bosh qomusi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan tabrikladi. 

Germaniya Federal prezidenti davlatimiz rahbariga mamlakatimizga tashrif bilan kelish taklifi va koʻrsatilayotgan samimiy mehmondoʻstlik uchun minnatdorlik bildirdi. 

Muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari batafsil muhokama qilindi, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik muammolar koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston bilan Germaniya oʻrtasida izchil siyosiy muloqot yoʻlga qoʻyilgan. Frank-Valter Shtaynmayer GFR tashqi ishlar vaziri sifatida 2006 va 2016 yillarda ham yurtimizga tashrif buyurgan. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil yanvarda Germaniyaga rasmiy tashrifi davlatlararo munosabatlarda yangi sahifa ochdi.

Koʻksaroydagi uchrashuvda koʻp qirrali hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash va oʻzaro tajriba almashishda parlamentlar muhim oʻrin tutayotgani taʼkidlandi. Bu borada 23 may kuni Toshkentda oʻtkazilgan konstitutsion tizim va parlamentarizm boʻyicha Oʻzbekiston – Germaniya forumi har jihatdan foydali boʻlgani qayd etildi.

Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holatini baholab, uni kengaytirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab oldilar. 2018 yilda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 25 foizga oʻsib, 77O million dollardan oshgani, joriy yil yanvardagi kelishuvlardan soʻng Germaniya kompaniyalarining Oʻzbekiston bozoriga qiziqishi tobora ortib borayotgani taʼkidlandi.  

Mamlakatlarimiz xalqaro tuzilmalar doirasida ham yaxshi hamkorlik qilib kelmoqda. Oʻzbekiston Germaniyaning BMT Xavfsizlik Kengashi doimiy aʼzoligiga intilishini qoʻllab-quvvatlaydi. 

Germaniya Oʻzbekistonning mintaqada barqarorlikni mustahkamlash, Afgʻonistonda tinchlik jarayoniga koʻmaklashish, Orol dengizi qurishi oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan saʼy-harakatlarini yuqori baholaydi. 

Muloqotda tomonlar xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini qoʻllab-quvvatlashda davom etishini bildirdi. Oʻzbekiston – Yevropa Ittifoqi formati doirasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi. 

Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, xavfsizlik sohasida hamkorlikni mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi. Prezidentlar Afgʻonistonda ijtimoiy-iqtisodiy, investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston-Germaniya maslahatlashuvlari mexanizmining yoʻlga qoʻyilishini maʼqulladilar. 

Muzokaralarda Oʻzbekiston va Germaniyaning keng koʻlamli hamkorlikni rivojlantirishga intilishi, barcha masalalar boʻyicha qarashlari oʻxshash va yaqinligi yana bir bor oʻz tasdigʻini topdi

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.