29 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi dolzarb masalalar, shu jumladan joriy yil 5-7 oktyabr kunlaridagi Rossiya Federatsiyasiga oliy darajali tashrif chogʻida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi koʻrib chiqildi.
Yetakchilar Oʻzbekiston-Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil rivojlanib, koʻp qirrali hamkorlik kengayib borayotganini qayd etdilar.
Oʻzaro tovar ayirboshlash koʻrsatkichlarining oʻsish surʼati saqlanmoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, hududlararo aloqalar rivojlanmoqda. Kuni kecha Jizzax viloyatida birgalikda tashkil etilgan yirik agrologistika majmuasi ishga tushirildi.
Oʻzbekiston va Rossiya rahbarlari madaniy-gumanitar almashinuv faol kechayotgani hamda sogʻliqni saqlash sohasida dasturlar amalga oshirilayotganini ham olqishladilar.