Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 15 mayda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bilan telefon orqali muloqot qildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Suhbat chogʻida har ikki davlat rahbarlari kirib kelgan muborak va qutlugʻ Ramazoni sharif munosabati bilan bir-birlariga oʻzlarining qizgʻin tabriklarini chin dildan izhor etib, eng ezgu va samimiy tilaklarini bildirdilar.
Prezidentlar anʼanaviy doʻstlik, qardoshlik hamda strategik sheriklikka asoslangan hamkorlik aloqalari barcha sohalarda, jumladan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda madaniy-gumanitar yoʻnalishlarda tobora jadallashib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Tomonlar Oliy darajadagi oʻzbek-turk strategik hamkorlik kengashining ilk yigʻilishiga puxta tayyorgarlik koʻrish muhimligini alohida taʼkidlab oʻtdilar. Shuningdek, boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlar jadvali koʻrib chiqildi.
Doʻstona ruhda kechgan muloqot chogʻida davlatlar rahbarlari har ikki xalqqa farovonlik, tinchlik-osoyishtalik va bardavom yuksalish tiladilar.