Davlatimiz rahbari 2019 yili Samarqand viloyatiga tashrifi chogʻida Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini kengaytirish zarurligini taʼkidlagan edi.
— Bu joy Imom Buxoriy bobomizning ilmiga, islom olamidagi maqomiga munosib boʻlishi kerak. Mamlakatimizda ziyorat turizmining asosi aslida shu yer. Bu maskanga qancha ziyoratchilar kelsayam, qulay sharoit boʻlishi zarur, — degan edi Shavkat Mirziyoyev oʻshandi.
Shunga muvofiq, majmuaning yangi loyihasi ishlab chiqildi. Prezident huzurida bir necha bor taqdimot qilinib, takomillashtirildi. Jahon tajribasi ham oʻrganildi.
2021 yil muborak Ramazon kunlarida ushbu ziyoratgohning qurilishi boshlandi. Shu munosabat bilan bu yerda nuroniylar va ziyolilar bilan uchrashuv boʻldi.
Shavkat Mirziyoyev moʻmin-musulmonlarni, butun xalqimizni muborak Ramazon oyi bilan muborakbod etdi.
– Ramazon oyi – ezgu niyatlar ijobat boʻladigan muqaddas oy. Bu qurilishni shu oyda boshlayotganimiz ham xayrli, xosiyatli boʻladi, qalbimizga taskin beradi. Bu sohada qilayotgan ishlarimizdan maqsad – islomga eʼtiqodimizni, alloma bobolarimizga hurmatimizni ilm bilan bildirish. Ajdodlarimizga munosib boʻlish biz uchun juda katta burch, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Oʻtgan yili pandemiya tufayli Ramazon oyida diniy amallarni uyda bajarishga toʻgʻri kelgani yodga olindi. Bu yil esa masjidlarimiz ochiq, moʻmin-musulmonlar karantin qoidalariga qatʼiy amal qilib, ibodatlarini ado etmoqda. Keksalar, nogiron va yordamga muhtoj insonlar, kam taʼminlagan oilalarga begʻaraz koʻmak koʻrsatilmoqda. Ayniqsa, butun dunyo ogʻir inqirozni boshidan kechirayotgan hozirgi murakkab vaziyatda bu juda muhimligi taʼkidlandi.
– Muqaddas dinimiz bizni insonparvarlikni, tinchlik va osoyishtalikni qadrlab yashashga, mehr-oqibatli boʻlishga daʼvat etadi. Mana shunday tushuncha va qarash bilan har bir oila va mahallada, butun jamiyatimizda tinchlik, doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlashga erisha olamiz. Takror aytaman, tinchlik va sogʻlik boʻlsa, qolgan hamma narsa boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ish oʻrinlarini koʻpaytirib, aholi farovonligini oshirish, turmush sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida soʻz yuritildi.
– Toʻrt yillik izlanish, yangilanish va sinovlardan oʻtib, katta tajriba orttirdik. Xalqimizni hayotdan rozi qilishga qaratilgan ishlarimiz bundan keyin ham izchil davom ettiriladi. Ramazon oyining olijanob gʻoyalari, muqaddas amallari ham ana shunday ezgu maqsadlarimizni roʻyobga chiqarishda mustahkam zamin boʻladi, – dedi Prezident.
Qurʼon oyatlaridan oʻqilib, duo qilindi.
Davlatimiz rahbari majmuada amalga oshirilayotgan ishlarni koʻzdan kechirdi.
Bu yerda katta masjid, toʻrtta simmetrik minora, baland ayvonlar, yoʻldan kirib kelishda xiyobon boʻladi. Koʻp sonli ziyoratchilarga zamonaviy qulayliklar yaratish uchun 7 ta mehmonxona, 3 ta avtotururgoh va avtobekat, supermarket, bozorcha barpo etiladi. Shuningdek, oshxonalar, hunarmandchilik buyumlari rastasi, hammom, tahoratxona, kushxona qurilishi belgilangan.
Maʼlumki, Prezident tashabbusi bilan 2019 yilda bu yerda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Hadis ilmi maktabi ham tashkil etilgan edi. Qurilajak yangi majmua ular bilan mutanosiblikda ulkan maskan hosil qiladi. Endi bu yerda ziyoratchilar uchun hamma sharoitlar boʻladi.