Mamlakatimizning barcha hududlarida iqtisodiyot uchun gʻoyat zarur boʻlgan korxonalar barpo etilmoqda. Bu yangi ish oʻrinlari ochilishi, sanoat tarmoqlari rivojlanishi, pirovardida, xalqimiz farovonligi oshishiga xizmat qilayapti, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Jumladan, Jizzax viloyatida soʻnggi besh yilda qayta ishlash sanoati hajmi 1,6 barobarga koʻpayib, oʻtgan yilning oʻzida 19 trillion soʻmni tashkil qilgan. Eksport hajmi 2,2 barobarga oshib, 202 million dollarga yetgan.
Xorijiy investitsiyalar miqdori ham yil sayin oʻsib bormoqda. 2018 yilda viloyatda bor-yoʻgʻi 18 million dollar xorijiy investitsiya oʻzlashtirilgan boʻlsa, oʻtgan yili bu raqam salkam 700 million dollarga yetgan. Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 260 tani tashkil qilmoqda.
Bunda har bir tumanning oʻz oʻrni bor. Xususan, Zomin tumanida investitsiya dasturlari doirasida soʻnggi besh yilda 1,8 trillion soʻmlik 300 ga yaqin loyiha amalga oshirilgan va uch mingdan ortiq ish oʻrni ochilgan. Qulay biznes muhiti tufayli tumandagi kichik tadbirkorlik subyektlari soni 4 barobar koʻpaygan.
Zominning goʻzal tabiatiga asoslanib turizm sohasi uning “drayveri”ga aylantirilmoqda. Bunday xizmatlarni koʻpaytirish maqsadida yaqinda Zomin turistik zonasi tashkil etildi.
Bular bilan cheklanib qolmasdan, Zominda sanoatni rivojlantirishga kirishilgan. Chunki hudud buning uchun juda qulay. Tuman mamlakatimiz markaziy qismida joylashgan. Bu yerdan temir yoʻl oʻtgan. Yaqinda Zomin aeroporti kengaytirilib, rekonstruksiya qilindi.
Endi tumanda Xitoyning “Mingyuan” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Texnopark” maxsus sanoat zonasi barpo etilmoqda. Buning uchun 400 gektar yer maydoni ajratilgan. Uni infratuzilma bilan taʼminlash boʻyicha manzilli dastur tasdiqlanib, 160 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.
Bu boradagi amaliy ishlar avvalroq boshlangan boʻlib, 30 dan ortiq loyihalar shakllantirilgan. Ularga xitoylik investorlar tomonidan 1,2 milliard dollar investitsiya yoʻnaltiriladi.
Mazkur zonada tashqi bozorlarda talab yuqori boʻlgan qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar chiqaruvchi korxonalar tashkil etiladi. Xususan, elektrotexnika, mashinasozlik, qurilish materiallari, mebelsozlik, oziq-ovqat va xizmat koʻrsatish yoʻnalishdagi loyihalar amalga oshiriladi.
Natijada 5 mingdan ortiq ish oʻrinlari paydo boʻladi, 4,7 trillion soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi hamda 70 million dollarlik eksport salohiyati yaratiladi.
Texnopark hududida Xalqaro tajriba almashinuv injenerlik markazi tashkil etilib, sanoat korxonalari uchun shu yerning oʻzida malakali mutaxassislar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, ushbu hududda ofis markazi, turar joylar, ekobogʻ, koʻrgazmalar zali va savdo markazi barpo etiladi.
Marosimda davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, texnoparkdagi ilk investitsiya loyihalari qurilishini boshlab berdi.
Ushbu zamonaviy loyihalarning amalga oshirilishida ishbilarmonlarga muvaffaqiyatlar tiladi.