Jizzax viloyatining Zomin tumanida 27 iyun kuni II Xalqaro maqom sanʼati anjumani tantanali ravishda ochildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu anjuman davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan va birinchi festival 2018 yil Shahrisabzda oʻtkazilgan edi. Keyinchalik pandemiya tufayli kechiktirilgan sanʼat qurultoyi bu yil yangicha ruh va shukuh bilan qaytdi.
Tantanali ochilish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzlab, maqom sanʼatining tarixi va ahamiyatini eʼtirof etdi.
– Bizning qadimiy tariximiz, boy madaniyatimiz, azaliy qadriyatlarimizning ramzi boʻlgan maqom sanʼati teran falsafiy ildizlari, betakror badiiy uslubi va boy ijodiy anʼanalari bilan maʼnaviy hayotimizda muhim oʻrin egallaydi. Maqom – umumbashariy tuygʻularni avj pardalarda tarannum etadigan nodir sanʼat turi sifatida ham biz uchun gʻoyat qadrlidir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Maqom sanʼati musulmon Sharqidagi Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida jadal rivojlanib, yuksak choʻqqiga koʻtarilgan. Abu Nasr Forobiy oʻzining “Katta musiqa kitobi”da kuylarning nazariy va amaliy mezonlarini ud sozi orqali mukammal tartibga keltirgan. Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk allomalarimiz noyob musiqiy asarlar yaratib, maqom rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan.
XX asrda bu anʼanalarni Abdurauf Fitrat, Yunus Rajabiy kabi sanʼatshunos olimlar, Hojixon Boltayev, Komiljon Otaniyozov, Turgʻun Alimatov, Fattohxon Mamadaliyev va boshqa hofizlar munosib davom ettirgan.
Davlatimiz rahbari maqom sanʼatini asrab-avaylashda atoqli davlat arbobi Sharof Rashidovning katta hissasi borligini taʼkidladi. Oʻsha ogʻir davrlarda Toshkent davlat konservatoriyasida maqom sanʼatini ilmiy oʻrganishga va xalqaro miqyosda targʻib etishga asos solingan. Maqom ansambli tashkil etilgan. Oʻlmas “Shashmaqom” durdonalari notaga olinib, 6 jilddan iborat mukammal kitob nashr qilingan.
Mumtoz musiqa sanʼatining gultoji boʻlgan betakror maqomlarimiz YUNYeSKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan.
Prezidentimiz eʼtibori bilan ushbu sanʼat ravnaqi yangi bosqichga chiqdi. Bugungi kunda maqom butun mamlakatimiz boʻylab, boshlangʻich taʼlimdan tortib, akademik fan darajasigacha boʻlgan bosqichlarda uzluksiz tarzda oʻrganilmoqda. Toshkent shahrida Maqom markazi qurilmoqda. Bu yoʻnalishda sermahsul ijod qilayotgan bastakor, xonanda va sozandalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida milliy tanlovlar oʻtkazib kelinmoqda.
Davlatimiz rahbari hayotini ana shunday sharafli va masʼuliyatli ishga bagʻishlagan sanʼatkorlarga butun xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildirdi.
— Ezgulik va gumanizm bayrogʻi ostida birlashgan, sanʼatni butun borligʻi bilan sevadigan barcha ijod ahli uchun ushbu festival, hech shubhasiz, katta bayramdir. Maqomlar jahon musiqa ixlosmandlari ruhining tuganmas kuch-quvvat va ilhom manbai boʻlsin, — dedi Prezident.
Marosimda YUNYeSKO Bosh konferensiyasi 42-sessiyasi prezidenti Simona Mikulesku, AYSESKO Bosh direktori Salim Muhammad al-Malik ham soʻzga chiqib, ishtirokchilar va mehmonlarni qutladi.
Shuningdek, anjumanda TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, Turkiy madaniyat va meros fondi prezidenti Aktoti Raimkulova, Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Mehmet Sureyya Er, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Bosh kotibi oʻrinbosari Nurlan Seytimov, Turkiya Prezidentining bosh maslahatchisi Yalchin Topchu, Qozogʻiston Prezidentining maslahatchisi Malik Otarbayev, Tojikiston Prezidentining ijtimoiy rivojlanish, madaniyat va jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha yordamchisi Abdullo Rahmonzoda, Qirgʻiziston madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri Oltinbek Maksutov, Ozarbayjon madaniyat vaziri Adil Gabil oʻgʻli Karimli qatnashdi. Umuman, festivalda Osiyo, Yevropa, Shimoliy va Janubiy Amerika, Afrika qitʼalarining 80 dan ortiq mamlakatidan qariyb 400 nafar mehmonlar ishtirok etmoqda.
Tantanali tadbir mumtoz kuy-qoʻshiqlardan tuzilgan konsert bilan davom etdi.
Festival oʻtayotgan Zominsoy majmuasi bayramona bezatilgan. Keng maydon boʻylab xalqimizning boy madaniyati, zoʻr amaliy sanʼatini namoyon etuvchi koʻrgazmalar tashkil etilgan.
Anjuman 30 iyunga qadar davom etadi. Yakunda «Eng yaxshi maqom ansambli», «Eng yaxshi yakkaxon cholgʻu ijrochisi» va «Eng yaxshi yakkaxon xonanda» yoʻnalishlari boʻyicha gʻoliblar eʼlon qilinadi. Shuningdek, maqom sanʼatining nazariy va amaliy asoslari mavzusida xalqaro konferensiya, davra suhbatlari boʻlib oʻtadi.