1 dekabrdan boshlab nimalar oʻzgaradi​?

0
172
marta koʻrilgan.
Bugundan boshlab mamlakatimizda bir qator oʻzgarishlar boʻlishi nazarda tutilgan. «Huquqiy axborot» telegram-kanali ushbu yangiliklarni eslatib oʻtdi:
 
1. Kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʻyxatidagi dorilar ayrim dorixonalardagina sotiladi
 
2019 yil 1 dekabrdan boshlab kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʻyxatiga kiritilgan dorilar faqat ijtimoiy dorixonalar hamda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash va realizatsiya qilish faoliyati boʻyicha litsenziyaga ega boʻlgan dorixonalar tomonidan sotiladi.
 
2. IMEI-kodni roʻyxatdan oʻtkazish pulli boʻladi
 
Oʻzbekiston hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalar jismoniy shaxslar, import qiluvchilar va ishlab chiqaruvchi korxonalarning mobil qurilmalarni xalqaro oʻziga xos identifikatsiya kodlari boʻyicha roʻyxatga olish tizimiga murojaat qilishi orqali pulli asosda roʻyxatga olinadi.
 
3. Faoliyatning litsenziyalanadigan turi bittaga koʻpayadi
 
Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarini asrashga doir faoliyat uchun litsenziya olish talab etiladi (http://lex.uz/docs/69124).
 
4. Grant mablagʻlarini jalb qilishda qatnashgan xodimlar ragʻbatlantiriladi
 
— 2019 yil 1 dekabrdan boshlab:
 
— xorijiy davlatlar va tashkilotlar donorlar delegatsiyalarining Oʻzbekistonga tashriflarini va ularning rasmiy shaxslar bilan uchrashuvlarini tashkil etish boʻyicha soʻrovlarni Tashqi ishlar vazirligiga oldindan yuborish muddati 30 ish kunidan 15 ish kunigacha qisqartiriladi;
 
— grant oluvchilar tomonidan bank hisobvaraqlaridan koʻchirmalarni, shuningdek, texnik koʻmak mablagʻlari toʻgʻrisida axborot va idoraviy hisobotni Moliya vazirligining Gʻaznachiligiga taqdim etish majburiyati bekor qilinadi;
 
— grant oluvchilar har chorakda olingan va oʻzlashtirilgan grantlar hamda amalga oshirilayotgan tashqi begʻaraz koʻmak loyihalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga taqdim etadi; 
 
— davlat organlari rahbarlari grant mablagʻlarini jalb qilishda bevosita qatnashgan xodimlarni mehnatga haq toʻlash minimal miqdorining 15 baravarigacha bir yoʻla mukofotlash tarzidagi ragʻbatlantirishga haqli boʻladi.
 
5. Farmatsevtik inspeksiya oʻtkazish boʻyicha nizom kuchga kiradi
 
Zarur amaliyotlar (GxP) talablariga muvofiqlik yuzasidan inspeksiyalar oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom kuchga kiradi.
 
6. Energetika menejmenti tizimi joriy etiladi
 
Ayrim korxona va tashkilotlarda energetika menejmenti tizimi xalqaro standartga (ISO 50001) muvofiq bosqichma-bosqich joriy etiladi.
 
— Mazkur tizimda quyidagilar nazarda tutiladi:
 
— energiya isteʼmoli samaradorligini baholashning shaffofligi va xolisligi, korxonalarning energiya sarfi hajmini pasaytirish, shuningdek, atmosferaga chiqariladigan chiqindilarni kamaytirish;
 
— resurslarni, birinchi navbatda moliyaviy mablagʻlarni minimal darajada sarflab energiya isteʼmolini boshqarish samaradorligiga erishish;
 
— ishlab chiqarilayotgan mahsulot, koʻrsatilayotgan xizmatlarning raqobatbardoshligini oshirish.
 
7. Traktorchi-mashinist guvohnomasining yangi namunasi beriladi
 
2019 yil 1 dekabrdan Toshkent shahrida, 2020 yil 1 martdan butun respublikada traktorchi-mashinist guvohnomasining, texnik pasport va texnik guvohnomaning yangi namunalari beriladi.
 
8. Trenerlar har 5 yilda attestatsiyadan oʻtkaziladi
 
Respublikada faoliyat yuritayotgan trenerlar Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi hamda uning filiallari bazasida har 5 yilda attestatsiyadan oʻtkaziladi.
 
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.