1 fevraldan notarial harakatlar uchun toʻlanadigan davlat bojini elektron tarzda undirish tizimi joriy qilindi

0
123
marta koʻrilgan.

Coʻnggi paytlarda notariuslar tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlarning sifati aholini qoniqtirmayotganligi yuzasidan koʻplab eʼtirozlar boʻlmoqda, deya xabar beriladi Oʻzbekiston Respublikasi hukumat portalida.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda ham notariuslarning faoliyatiga alohida toʻxtalib, soha vakillari jiddiy tanqid qilindi.
 
Shu bilan birga, notarial idoralar xodimlari tomonidan fuqarolardan belgilanganidan ortiqcha pul mablagʻlari talab qilinayotganligi haqida Prezidentning virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda.
 
Mazkur holatlar sohani yanada takomillashtirish, tizimli kamchiliklarni bartaraf etish va kechiktirib boʻlmas choralar koʻrish lozimligini taqozo etadi.
 
Ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, shuningdek korrupsiya holatlarining oldini olish maqsadida joriy yilning 1 fevralidan Adliya vazirligi tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish uchun davlat boji va boshqa toʻlovlarni elektron tarzda amalga oshirish mexanizmi joriy etildi.
 
Endilikda fuqarolar notarial harakatlarni amalga oshirish maqsadida notarial idoralarga murojaat etganda, davlat boji va boshqa toʻlovlarni mobil telefonlar imkoniyatidan foydalangan holda toʻlov tizimlari orqali amalga oshirish mumkin boʻladi va bunda albatta inson omili cheklanadi. Bu jarayonda QR kodlardan foydalanish imkoniyati ham yaratildi.
 
Notarial harakatlar uchun qancha boj toʻlanishi kompyuter tomonidan avtomatik ravishda shakllantiriladi, toʻlov kvitansiyalari alohida yozilmaydi. Shu bilan birga, fuqarolarga qulay va tushunarli boʻlishi uchun yagona andozada toʻlov kvitansiyasi joriy qilindi.
 
Toʻlovlar bank kassalari yoki mobil telefonlar orqali amalga oshirilishidan qatʼiy nazar, bu haqdagi maʼlumot “Notarius” axborot tizimida onlayn tarzda aks ettiriladi.
 
Endilikda fuqarolar davlat boji va boshqa toʻlovlarni amalga oshirish uchun kassalarda navbat kutib turishi keskin kamayadi, fuqarolardan belgilanganidan ortiqcha pul mablagʻlari talab etilishi holatlariga barham beriladi.
 
Joriy etilgan yangilik aholiga qulaylik yaratishi bilan birga huquqiy xizmat koʻrsatish jarayonida sifat va tezkorlikni taʼminlaydi hamda korrupsiyaning oldini olishga xizmat qiladi.
 
Adliya vazirligi Axborot xizmati
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.