1 iyuldan boshlab chet eldan dorixonalarga oʻzimizda ham ishlab chiqarilayotgan analogi bor dori preparatlari keltirilmaydimi?

0
380
marta koʻrilgan.
Shu yilning 10 aprelida davlatimiz rahbarining “2019-2021 yillarda Respublikaning farmatsevtika tarmogʻini yanada jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilingandan soʻng jamoatchilikda dori – darmonlar importiga oid savollar koʻpaydi.
 
“Ishonch” gazetasi muxbiri Zebo Namozovaning maqolasida ushbu savollarga javob izlangan:
 
Issiq jonmiz – onda-sonda boʻlsa-da dorixona tomon yoʻrgʻalab qolamiz. Hamma sifatli dorini olish va tezroq shifo topishni istaydi. Agar qoʻlingizda shifokorning tavsiya qogʻozi boʻlsa, yozilgan dorini hech bir ikkilanishsiz sotib olasiz. Ammo shamollash yoki tomoq ogʻrigʻidek “xonaki” vaj boʻlsa, albatta, oʻzingiz bilgan, sinalgan doridan bosh­qasiga ishonmaysiz. Afsuski, ular ham oʻzimizniki emas, xorijniki boʻlib chiqadi. Xoʻsh, bizda farmsanoat qachon rivojlanadi?
 
Yangi farmondan xabardormisiz?
 
Shu yilning 10 aprelida davlatimiz rahbarining “2019-2021 yillarda Respublikaning farmatsevtika tarmogʻini yanada jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni eʼlon qilindi. Albatta, soha yaxshi ishlayotgan, takomili benuqson boʻlganida bunga zarurat boʻlmas edi.
 
Demak, kamchiliklar bor. Xususan, dorishunoslikda import mahsulotlariga haddan ortiq tayanib qolayotgan edik. Bu mahalliy dori ishlab chiqarish sanoatining rivojiga toʻsiq boʻlish bilan birga, shu sohadagi ilmiy tadqiqotlik ishlarining ahamiyatini ham susaytirayotgani ayni haqiqat. Xoʻsh, Farmonga asosan sanoat rivoji yoʻlida qanday oʻzgarishlar boʻlishi kutilmoqda? Shu kabi savollarga javob olish va farmonda koʻzda tutilgan chora-tadbirlar haqida kengroq maʼlumotga ega boʻlish maqsadida Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligiga murojaat qildik.
 
Mutaxassis izoh beradi
 
Muhabbat Ibrohimova,
Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi 
Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK axborot-tahlil boʻlimi boshligʻi:
 
– Mazkur Farmon agentlik zimmasiga qator vazifalar yukladi. Xususan, farmatsevtika tarmogʻini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga zamonaviy mexanizmlarni joriy etish, farmatsevtika mahsulotlari bilan taʼminlash holatini tizimli ravishda nazorat qilish, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, tarmoq korxonalari bilan yetakchi xorijiy korxonalar oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, farmatsevtika sohasida amalga oshirilishi zarur boʻlgan loyihalarni moliyalashtirish, mahalliy dori vositalarining sifatini oshirish, xorijiy tajribani oʻrganish masalalari shular jumlasidan.
 
Dori vositalarining sifati qatʼiy nazoratda boʻlib, sifatsiz dori vositalarining ishlab chiqarilishiga aslo yoʻl qoʻyilmaydi. Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish Agentligi qoshida Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi Oʻzbekis­tonga kirib kelayotgan va ishlab chiqarilayotgan dori vositalarining sifatini nazorat qiladi, ularni davlat roʻyxatidan oʻtkazadi. Sertifikatlashtirish organi sifatida 2018 yil va 2019 yilning 1 mayiga qadar 258 nomdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar, 43 nomdagi substansiyalarga muvofiqlik sertifikati berish rad etildi.
 
Bundan tashqari, dori vositalarini elektron tarzda nazorat qilish tartibi belgilanadi. Bunda xalqaro tajribalarni oʻrgangan holda yangi tizim joriy etilyapti. Unga koʻra har bir import qilinayotgan va ishlab chiqarilayotgan dori vositasiga maxsus stikerlar yoki yorliqlar joylanib, dori rastalariga yetkaziladi. Kelgusida shu stiker yoki yorliqlar asosida aholi har bir dori va uning narx-navosi haqida mobil ilova orqali batafsil maʼlumot olishi mumkin boʻladi.
 
Sohadagi eng katta yutuqlardan biri, bu – 3 xil koʻrinishdagi “Juslin N”, “Juslin R”, “Juslin 30/70” “insulin” preparatining tadqiqot ishlari ijobiy natija bilan oʻz nihoyasiga yetganligidir. Kuni kecha esa ushbu preparatlar Sogʻliqni saqlash vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilib, tibbiyot amaliyotida qoʻllanilishiga ruxsat etildi. Ayni paytga qadar “insulin” dori vositasi yurtimizga chetdan keltirilar edi. Ushbu dori vositasining yurtimizda ishlab chiqarilishi natijasida import hajmi kamayib, eksport imkoniyati kengayadi. Bu esa valyuta tejash va dori tannarxining pasayishiga xizmat qiladi.
 
Bugungi kunda mamlakatimizda farmatsevtika sohasida 159 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ulardan 89 tasi faqat dori vositalari, 55 tasi tibbiy buyum va 15 tasi dori vositasi hamda tibbiy buyumlar ishlab chiqarish uchun litsenziyaga ega. Bizda 8 mingdan ziyod dori vositalari va tibbiy buyumlar roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlib, ularning 4685 tasini xorijiy, 2450 tasini esa mahalliy ishlab chiqaruvchilar tayyorlagan. 
 
Yangi qabul qilingan Farmonga asosan “2019-2021 yillarda respublika hududida ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga tavsiya etilgan dori vositalari guruhlari roʻyxati” tasdiqlandi. Roʻyxatda keltirilgan preparatlar endilikda mahalliy korxonalarimizda ishlab chiqariladi. Bular antibiotiklar, endokrin tizimi patologiyasini davolash, yalligʻlanishga qarshi nosteroid dori vositalari, viruslarga qarshi, meʼda-ichak yoʻllari va nafas aʼzolari patologiyasini davolovchi, immunobiologik, onkologik, yurak-qon tomir kasalliklarini davolashga xizmat qiluvchi dori hamda bolalarda sil bilan infeksiyalanishni erta aniqlovchi diaskin testlari kabi preparat va vositalardir.
 
Mustaqillikgacha yurtimizda farmatsevtika sanoati deyarli mavjud boʻlmagan boʻlsa, bugungi kunda aholi dori taʼminotining salmoqli ulushi mahalliy korxonalarimiz hisobiga toʻgʻri kelmoqda. Faoliyat koʻrsatayotgan farmatsevtika korxonalariga zamonaviy sanoatning texnika va texnologiyalari joriy etilgan boʻlib, ularda alohida murakkablikka ega boʻlgan immunobiologik preparatlar, taʼsiri uzaytirilgan dori turlari, aerozol­lar, koʻp komponentli, murakkab tarkibli dori turlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.
 
Prezidentning “Farmatsevtika tarmogʻini bosh­qarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga binoan “Oʻzfarmsanoat” DAK faoliyati tugatildi va Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Bundan tashqari, farmonga asosan 2019 yilning 1 iyulidan 2020 yil 31 dekabrga qadar, sinov tariqasida, dori preparatlari va tibbiyot buyumlarini davlat tomonidan xarid qilishni amalga oshirishda ikki va undan ortiq ishtirokchilar – analogik mahsulotni (xalqaro patentlanmagan nomi boʻyicha) milliy ishlab chiqaruvchilari mavjud boʻlgan taqdirda davlat buyurtmachisi import dori preparatlari va tibbiy buyumlarni yetkazib berish taklifi mavjud barcha buyurtmalarni rad etishi belgilangan.
 
Bu choralardan koʻzlangan maqsad mahalliy dori ishlab chiqaruvchilar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash orqali soha rivojiga yordam berishdir. 
 
Tahlil natijalari shuni koʻrsatmoqdaki, mamlakatimizda bugungi kunga qadar farmatsevtika tarmogʻini barqaror rivojlantirishning yagona strategiyasi ishlab chiqilmagan hamda mahalliy farmatsevtika korxonalarining faoliyatini, shu jumladan, tegishli mahsulotlarni aholi va sogʻliqni saqlash muassasalarining ularga boʻlgan ehtiyojini hisobga olgan holda ishlab chiqarish faoliyati kerakli darajada taʼminlanmagan edi. Endilikda esa mazkur farmon bilan Farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish va modernizatsiya qilishga yoʻnaltirilgan huquqiy baza mustahkamlandi, farmatsevtika mahsulotlarini tarqatish va realizatsiya qilish tizimi yoʻlga qoʻyildi, dori vositalarining erkin muomalasini taʼminlash choralari koʻrildi. 
 
Endi realizatsiya paytida, shu jumladan, davlat tomonidan xaridni amalga oshirish jarayonida sotib olinayotgan dori preparatlari va tibbiy buyumlar muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlishi shart.
 
Muvofiqlik sertifikatlari ushbu mahsulotlarning sifatini kafolatlovchi hujjat boʻlib, usiz tibbiy buyum va vositalarning oldi-sotdi qilinishiga ruxsat berilmaydi.
 
Dori preparatlarini tayyorlash boʻyicha kadrlar ilmiy salohiyati ham oʻta muhim ahamiyatga ega boʻlib, yangi farmonga muvofiq 2019-2021 yillarda farmatsevtika tarmogʻini jadal rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. Unga koʻra, Agentlik qoshida farmatsevtika texnoparkini tashkil qilish, texnopark hududida soha mutaxassislarini tayyorlash va kadrlar ilmiy salohiyatini kengaytirish maqsadida yetakchi xorijiy oliy oʻquv yurti filialini ochish, ilmiy-tadqiqot va tajriba-ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini tashkil etish masalalari maqsad qilib qoʻyilgan. Bu kabi chora-tadbirlarning barchasi mahalliy sanoatimizda xorij mahsulotlariga raqobatbardosh dori-darmonlar ishlab chiqarilishiga erishishga xizmat qiladi.
 
Mulohazalarga quloq tutamiz
 
– Imkon qadar tabiiy yoʻl bilan davolanib, dori vositalaridan kamroq foydalanishga harakat qilaman, – deydi jurnalist Sadoqat Roʻziyeva. – Lekin ehtiyoj paydo boʻlganida Rossiyada ishlab chiqarilgan dori preparatlarining taʼsirini yaxshi sezganman va ulardan shifo topganman. Menimcha, respublikamizda dori sanoatini rivojlantirish jarayonida analogi bor dorilar importini toʻxtatish shart emas. Agar oʻzimizda ham sifatli dorilar ishlab chiqarilsa, odamlar, albatta, hech qanday taʼsirlarsiz va reklamalarsiz ham ularni sotib olishadi. 
 
Farida ASHUROVA,
Mirobod tumanidagi 2-oilaviy poliklinika umumiy amaliyot shifokori: 
 
– Bir necha yillar muqaddam mamlakatimizda ishlab chiqarilgan ayrim dori preparatlari ishlatilganda reaksiya berish holatlari tez-tez uchrab turardi. Keyingi yillarda shifokorlarda bemorlarning dori allergiyasiga moyilligini oʻrganish, har bir insonning individual xususiyatlarini hisobga olgan holda tashxis qoʻyish tajribasi rivojlanmoqda. Toʻgʻri, hamma dorilarni ham sifatli deb ayta olmaymiz. 
 
Biroq, sifat jihatdan yaxshilanayotgan va kundalik sharoitda aholi qoʻrqmasdan foydalanayotgan preparatlar ham anchagina. Qolaversa, aholi muntazam ravishda dorilar narxining balandligidan shikoyat qiladi. Bu shikoyatlar, albatta, chet eldan keltirilgan dorilar narxi hisobiga yuzaga kelmoqda va import dori preparatlari mahalliy sanoatimiz bilan birga aholining choʻntagiga ham zarar yetkazmoqda.
 
Unutmasligimiz kerakki, farmatsevtikada ishlab chiqarish, ilmiy tadqiqotchilik, yangilik yaratish emas, savdo-sotiq masalasi asosiy faoliyat turiga aylanib, bundan faqat dori oldi-sotdisi bilan shugʻullangan qatlamgina foyda koʻradi. Natijada dorilar narxi oshsa oshadiki, aslo tushmaydi. Shu bois, hozirgi sharoitda imkon qadar mahalliy va xorij preparatlaridan ham foydalangan holda bemorlarni davolashimiz, ayni vaqtda dori vositalari ishlab chiqarish sanoatini jadal rivojlantirishimiz shart. Bu kelgusi 10-15 yildan keyingi mamlakat istiqboli, aholi salomatligi uchun juda muhim deb hisoblayman. 
 
Aholini nima qiziqtiradi?
 
Ismini oshkor etishni istamagan farmatsevt xodimlar bilan suhbatda boʻlganimizda ularning biri “odamlar shifokor yozib bergan dorilarni sotib olishadi, koʻpam qayerda ishlab chiqarilgani bilan qiziqmaydi”, degan fikr bildirdi. Boshqasi esa dori sotib olishda preparatning narxi va ishlab chiqaruvchi bilan qiziquvchilar ham talay ekani, asosan, xorijdan keltirilgan dorilar xaridorgirligini aytdi. Uning kuzatishicha, aholi oʻzimizda va xorijda ishlab chiqarilgan dorining narxini solishtiradi. Agar oʻzimizniki bilan xorijiy dorining narxi orasida farq katta boʻlsa, oʻzimiznikini oladi. Aksincha, farq kichik boʻlsa, sifatini yaxshi deb hisoblab, xorijnikini xarid qiladi.
 
– Ayrim dori preparatlari oʻzimizda ishlab chiqarilgan boʻlishiga qaramay sifati xorijnikidan ham aʼlo, ayrimlari esa buning aksi, – deydi farmatsevt.
 
Mutaxassis jarayonning ichida yurgan inson sifatida mahalliy dori sanoatimizda sezilarli rivojlanish boʻlayotganini ham taʼkidladi. 
 
Xulosa oʻrnida
 
Aziz mushtariy, biz taraflarning fikrlarini xolisona berishga harakat qildik. Mavzuni oʻrganish jarayonida shuni bildikki, bugungi kunda davlat xaridlari farmatsevtika bozoridagi umumiy mahsulotlarning 10-12 foiz aylanmasiga toʻgʻri keladi. 1 iyuldan joriy etiladigan davlat xaridlari borasidagi eksperiment aynan shu koʻrsatkichlarga nisbatan kuchga ega. Biroq farmon mohiyatini chuqur anglamagan ayrim blogerlar, dori savdosi bilan shugʻullanuvchi firmalar va fuqarolar 1 iyuldan eʼtiboran chet eldan dorixonalarga oʻzimizda ham ishlab chiqarilayotgan analogi bor dori preparatlari keltirilmas ekan, degan notoʻgʻri tushuncha, bahs va munozaralarga borishmoqda. Taʼkidlanganidek, Farmon davlat xaridlarini amalga oshiruvchi dorixonalarga tegishli boʻlib, xususiy tadbirkorlik faoliyati sifatida xizmat koʻrsatayotgan dorixonalarga taalluqli emas. Yaʼni, chet el ishlab chiqaruvchilarining import orqali kirib kelayotgan mahsulotlari farmatsevtika bozoridagi erkin aylanmasiga hech qanday cheklovlar yoʻq.
 
Oʻzbekistonda 160 tadan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchi korxona mavjud boʻlib, oʻtkazilajak tajriba ichki bozordagi oʻzaro raqobatning kuchayishini koʻzlaydi, korxonalarning analog turdagi dori preparatlari sifatli boʻlishiga turtki beradi.
 
Arzon boʻlmagan xorijiy mahsulotlarni mahalliylashtirishga zamin yaratadi. Bu esa oʻz oʻrnida import hajmining kamayishi, eksport imkoniyatining kengayishi, valyutani tejab, dori tannarxining pasayishiga olib keladi. Sifatli dori vositalari esa har qanday raqobat maydonida ham oʻz oʻrnini topadi. Natijada bu har birimizda kelgusida mahalliy sanoatimiz import dorilar iskanjasidan “qutulishi”ga va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish rivojlanishiga umid uygʻotadi. Zero, bu sohada foyda koʻrishning ikki muhim yoʻnalishi ajratiladi. Endi farmatsevtika tarmogʻida sifat uchun, dori preparatlarining mahalliy raqobatbardoshligini oshirish uchun ilm-fan kurashi oliy maqsadga aylanmogʻi zarur. Zero, eʼlon qilingan farmon buning uchun yetarlicha imkoniyat bermoqda.
 
Istaymizki, farmatsevtlarimiz xalqimiz koʻz oʻngida “tadbirkor” qiyofasidan yangilik yaratuvchi, tadqiq qiluvchi najotkor qiyofalarga aylansin, mahalliy sanoatimizda esa bemorlar dardiga haqiqiy malham boʻladigan dori vositalarimiz koʻpaysin va eng muhimi, ular xorijnikidan aslo qolishmasin!
 
OʻzA
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.