Bu haqda AOKAda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi axborot xizmati rahbari Farhod Babashev ishtirokida oʻtayotgan brifingda maʼlum qilindi:
Barcha OTMlar tomonidan oʻquv jarayonini anʼanaviy tarzda boshlash boʻyicha grafik ishlab chiqilgan. Grafik asosida 2021 yil 11 yanvardan barcha OTMlarning tegishli kurslarida oʻquv jarayoni anʼanaviy shaklda boshlanadi.
Ayrim betob yoki ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarning oʻqishlari onlayn shaklda davom ettirilishi mumkin. Bu holatda OTMlar talabalarning sharoitlarini oʻrganib chiqadi. Barcha imkoniyatlari mavjud boʻlgan talabalar anʼanaviy taʼlimga toʻliq jalb etiladi.
Haftalik oʻquv kunlari oʻquv rejasidagi haftalik yuklamalar asosida belgilanadi. Oʻquv rejalaridagi fanlarga ajratilgan haftalik yuklamadan kelib chiqilsa, haftalik oʻquv kuni 5-6 kunga toʻgʻri keladi. Bunda talabalarning kunlik yuklamasi ham oshib ketmasligi lozim.