Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 1993 yil 20 dekabrdagi rezolyusiyasiga koʻra «3 may – Jahon matbuot erkinligi kuni» deb eʼlon qilindi. Ushbu sana 1994 yildan boshlab har yili dunyo boʻylab kasb bayrami sifatida nishonlanadi.
Mamlakatimizda 2006 yili Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tashabbusi bilan milliy va xalqaro jurnalistikaning yutuqlarini keng ommalashtirish, OAV xodimlarining faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etishlari uchun sharoit yaratish, jurnalistlarda tanqidiy-tahliliy fikrlashni shakllantirish, ijodiy faoliyatga yangicha yondashuvlarni qoʻllab-quvvatlash hamda milliy jurnalistika rivojiga hissa qoʻshishni ragʻbatlantirish maqsadida Jahon matbuoti erkinligi kuniga bagʻishlangan “Oltin qalam” Milliy mukofoti taʼsis etilgan. Bu mukofot sohibi boʻlish har bir jurnalist uchun sharaf hisoblanadi.
Ertaga 4 may kuni soat 16:00 da “Turkiston” sanʼat saroyida “Oltin qalam” Milliy mukofoti tanlovi gʻoliblarini tantanali taqdirlash marosimi boʻlib oʻtadi.
GUJUM.UZ cayti tahririyati barcha matbuot xodimlari va jurnalistlarni 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni bilan samimiy tabriklaydi. Aziz kasbdoshlar, har biringizga ijodiy parvozlar va salomatlik tilaymiz.
GUJUM.UZ